Sud-qurilish texnikaviy ekspertizasi bo’limi tarixi

So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda kapital qurilish hajmi sezilarli darajada oshdi, qurilish ob’ektlarini qurish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq muammolar va turli xil bahsli masalalar soni ham oshdi.

Jinoyat ishlari tergov qilishda iqtisodiy va fuqarolik protsessida jinoiy suiste’mol va o‘g‘irlik predmeti bo‘lgan asossiz xarajatlar miqdorini, binolarni buzilish sabablarini, qurilishdagi baxtsiz hodisalarni, shuningdek binolar va inshootlarning narxini aniqlash bo‘yicha nizolarni ko‘rib chiqishda, qurilish-ta’mirlash ishlarining qiymatini aniqlash va qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha tuzilgan smeta hujjatlari va o‘tkazilgan nazorat o‘lchovlarini ilmiy jihatdan asoslanganligini aniqlashda sud qurilish-texnik ekspertizasi muhim rol o‘ynaydi.

Bino-inshootlarni bahosini aniqlashda, bo‘lish, ajratish, bino inshootlarning Shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga javob berish yoki javob bermasligini, ta’mirlash-tiklash ishlari va yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqlaring qiymatini aniqlash va yer maydonlarini bo‘lish va foydalanish tartibini aniqlashda qurilish mutaxassislarini jalb qilmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.

Bo‘lim ekspertlari smeta hujjatlarining ilmiy asoslanganligini aniqlash, yer maydonlarini bo‘lish va foydalanish tartibini aniqlashda “AUTOCAD” va “TN-QURILISH” dasturidan foydalanadilar.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining sud qurilish-texnikaviy ekspertiza bo‘limi qurilish, loyihalashtirish, binolar va qurilmalardan foydalanish sohalarida maxsus bilim talab qilinadigan masalalarni yechishdagi sud-tergov idoralari talablarini qondirish uchun 1966 yil tashkil qilingan.

Asosiy xodimlar:

Birinchi xodimlar – bo‘lim rahbari Orip Yakubovich Isxakov va muxandis-quruvchi Tug‘anbek Parmanovich Mavlonov X.S.Sulaymonova nomidagi Toshkent sud ekspertiza ilmiy-tadqiqot institutiga tajribali va o‘z ishini biladigan mutaxassis bo‘lib kelganlar.

Orip Yakubovich Isxakov institutda uzoq vaqt ishlab kelmagan (1966-1967 yillar). Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining boshlang‘ich bosqichlarini tiklanishi 1967-yildan 1977 yilgacha bo‘limni boshqargan Tug‘anbek Parmanovich Mavlonov nomi bilan bog‘liq. Bo‘lim shtati uch kishidan iborat edi.

Tug‘anbek Parmanovich Mavlonov kapital qurilish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishi bilan bog‘liq jinoiy ishlar bo‘yicha sud qurilish-texnikaviy ekspertizasini tashkillashtirish va o‘tkazish bo‘yicha uslubiy-ko‘rsatmalarini ishlab chiqilishiga asos solgan.

1977-yildan 1979-yilgacha bo‘limni Shuxrat Abbosovich Maxkamov boshqargan. 1990-yildan 1994-yilgacha bo‘limni boshqargan Valentina Grigorevna Tyuryaevalar ko‘p kuch va mehnat sarflaganlar.

1979-yildan boshlab tadqiqotning bu turi fuqarolik va xo‘jalik sud ishlari yurituvida ham qo‘llanila boshlandi.

Uzoq vaqt davomida Toshkent sud ekspertiza ilmiy-tadqiqot institutining sud qurilish-texnikaviy ekspertiza bo‘limi sobiq Sovet Ittifoqining sud ekspertiza muassasalari tizimida yagona uslubiy markaz bo‘lib kelgan. Rossiya, Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Latviya, Tojikiston Respublikasidan bo‘lajak quruvchi-ekspert mutaxassislar bo‘lim ish tajribasi bilan tanishish va malaka oshirish uchun kelganlar. 1988 yilda Toshkent sud ekspertiza ilmiy tadqiqot institutining sud qurilish-texnikaviy ekspertiza bo‘limi bazasida birinchi bo‘lib qurilish ekspertlarining tajribasini oshirish uchun sirtqi bo‘lim tashkil qilingan.

Asosiy sanalar:

Bugungi kunga qadar bo‘limda loyihalashtirish, kapital ta’mirlash va binolardan foydalanish, qurilishdagi texnik xavsizligi, bino va inshoatlarni qulash sabablari bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlar bo‘yicha masalalarni yechish, xamda sudlarda ko‘rib chiqiladigan fuqaro va tashkilotlarning mulk bilan bog‘liq bo‘lgan fuqarolik va iqtisodiy da’volari bo‘yicha ekspertiza tadqiqotlari o‘tkaziladi.

1995-yilga qadar Respublikaning barcha sud-tergov idoralari tomonidan tayinlangan sud qurilish-texnikaviy ekspertizalari Toshkent shahrida o‘tkazilgan. 1996-yildan boshlab Samarqand viloyatlararo xizmat ko‘rsatish doirasi bo‘linmasi, 2000–2003 yillar mobaynida Andijon, Sirdaryo, Qoraqolpog‘iston, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari o‘z faoliyatini boshladi.

2002-yilda sud amaliyoti natijalarini inobatga olgan holda, sud qurilish-texnikaviy ekspertiza bo‘limi tomonidan sud yer ekspertizasi tashkil qilindi.

Bajarilgan ekspertizalar sonining kundan kunga oshishi faqat bu turdagi muhandis tadqiqotlariga bo‘lgan talabning ortishi bilan bog‘liq bo‘lmay, Respublika viloyatlarida ekspertiza o‘tkazish tashkil etilishi bilan ham bog‘liq.

Markaz amaliyoti tayinlanadigan va bajariladigan ekspertizalar sonining kundan kunga oshishi quruvchi-ekspert xulosalari muximligini va unga bo‘lgan talabning ortishini ko‘rsatib turibdi.

Masalan, agar 1980-yilda bo‘limda 120 ta ekspertiza bajarilgan bo‘lsa, 1990-yilda – 220, 2000-yilda – 320, 2011-yilda – 914 va so‘ngi 2023-yilda esa sud qurilish va sud-yer ekspertizalari bo‘yicha 2275 ta ekspertiza xulosalari rasmiylashtirilgan.

2011 yilda Sud yer ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha, ilmiy tadqiqot ishi olib borilib, uning natijasiga ko‘ra, avtomatlashtirilgan “AUTOSAD” dastur asosida sud yer ekspertizasini bajarish sud ekspertlari uchun metodik tavsiyanoma ishlab chiqildi.

2014–2017 yillar mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tushayotgan ko‘plab takliflarni inobatga olib sud qurilish-texnikaviy ekspertiza bo‘limi xizmatini rivojlantirish maqsadida Markaz rahbarlari tashabbusi bilan beshta viloyatlarda sud qurilish-texnikaviy ekspertizalar o‘tkazish tashkil qilindi. Sud-tergov idoralariga qurilish ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan tergov ishlarida va ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida viloyat bo‘limlari xodimlarining ham xissalari mavjud.

Bo‘lim ekspertlari tomonidan ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bir qatorda ilmiy tadqiqot ishlari ham olib borilmoqda.

2016-2018 yillarda Sud qurilish texnikaviy va yer ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha, ilmiy tadqiqot ishlari olib borilib, ularning natijalariga ko‘ra, “Ko‘chmas mulk ob’ektlarining qiyosiy yondashuv usulidan foydalangan holda qiymatini aniqlash”, “O‘zbekiston Respublikasida normativ-bozor usullari bilan yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqning qiymatini aniqlash”, “Uy-joylarni bo‘lish va foydalanish tartibi imkoniyatlarini aniqlash”, “Qurilish ob’ektlarida suv toshishi natijasida yetkazilgan shikastlarni aniqlash bo‘yicha sud qurilish-texnik ekspertizasi tadqiqotlari” ekspertlar xizmatda foydalanishi uchun uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqilgan.

Kundan-kunga sud qurilish-texnikaviy ekspertizasiga talab oshib borishi tufayli Markaz rahbarlari tashabbusi bilan uzoq vaqt mobaynida uchta xodimdan iborat bo‘lgan sud qurilish-texnikaviy ekspertiza bo‘limi shtati 2022 yildan o‘n to‘rtta xodimga ko‘paydi, shu o‘rinda bo‘lim ekspertlarining asosiy qismini yosh xodimlar tashkil etadi.

 

Sud qurilish – texnikaviy ekspertizalar bo‘limi
eksperti B.Xabibullayev

Skip to content