Bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘lning oxiri hurmatga olib boradi. Bu an’ana va qadriyatlar milliyligimiz timsolidir. Shunga ko‘ra, yoshi ulug‘larimiz, uzoq yillar el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan mehnat faxriylariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Respublikamizdagi barcha mehnat jamoalarida faxriylarni ardoqlash, ularning hayot yo‘llarini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish ezgu an’anaga aylangan. Faxriylarning boy tajribasi va qimmatli maslahatlari yosh mutaxassislarning kasbiy o‘sishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 28 avgust kuni X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faxriylari uchun Toshkent viloyatidagi “Livingstone” dam olish maskanida sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etildi.
Shuningdek, Markaz yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, faxriylarimiz o‘zlarining serqirra mehnat va hayot tajribalari bo‘yicha fikr almashdilar. Ular Markazning tashkil etilishi va rivojlanish bosqichlari haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Markaz tomonidan bunday uchrashuv va tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish rejalashtirilgan. Bu esa faxriylar va yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga, tajriba almashinuvini kuchaytirishga xizmat qiladi.