Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son, «Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida “Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik sohasini har tomonlama takomillashtirish, bu sohadagi muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda mamlakatda sud ekspertizasi nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, sud-ekspertlik sohasini oʻrta muddatda tizimli isloh qilishning aniq chora-tadbirlarini belgilash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi boʻyicha 2021 — 2023-yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yoʻl xaritasi”da belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish, sud ekspertiza soxasining yuqori pogʻonalarga koʻtarilishiga asos boʻlib xizmat qiladi.
Bunda, sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib “Sud ekspertlarining xolisligi va mustaqilligini taʼminlash, sohadagi normativ-huquqiy bazani muntazam takomillashtirib borish, sud-ekspertlik faoliyatini kengaytirish hamda sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish, sud-ekspertlik faoliyatida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, shu jumladan uslubiyot va reglamentlarni takomillashtirish hamda sohaga fan va texnika yutuqlarini joriy etish, sud-ekspertlik faoliyatida kadrlar salohiyatini oshirish hamda sud ekspertlarini tayyorlashning samarali tizimini yaratish, nodavlat sud ekspertiza institutini rivojlantirish, sud-ekspertlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni taʼminlash va rivojlantirish, sud-ekspertlik faoliyatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalarini belgilab berilishi va bu sud ekspertlik soxasi uchun belgilab berilgan vazifalarni bajarish, sud-ekspertlik faoliyatini jadal rivojlanishiga, ushbu soxaning rivojlangan mamlakatlar sud ekspertizasidan ortda qolmagan xolda oldinga qadam bosishiga katta imkon yaratadi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugungi kunda Markazning Yongʻin texnik ekspertizasi laboratoriyasida, sud yongʻin texnik ekspertizasi, elektrotexnikaviy ekspertiza, gaz va elektrotexnik obyektlarda portlash texnik ekspertizalarini bajarish yoʻlga qoʻyilgan.
Sud yongʻin texnikaviy ekspertizasi, yongʻinning markazini, olovning tarqalish yoʻllari, vaqtini va sabablarini tadqiqot qilish, elektrotexnik sabablarga koʻra kelib chiqqan yongʻinlarni tekshirish, yongʻin yuklamasini tekshirish, oʻz-oʻzidan yonib ketish xususiyatiga ega yongʻinlarni tekshirish mutaxassisliklari boʻyicha ekspertiza tadqiqotlari oʻtkazilib kelinmoqda.
Bugungi kunda, Yongʻinlar boʻyicha tergovga qadar tekshiruv ishlarni, tergov xarakatlarini olib borishda, shu ishni olib borayotgan organ xodimlari tomonidan, ularni sabablarini aniqlashga, oqibatlarini oʻrganishga qaratilgan masalarni hal etishda turli soxa ekspertlarini kimyogarlar, elektrotexniklar, quruvchilar, metallshunoslar, yongʻin va portlash texnik kabi ekspertlar maxsus bilimidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Sud yongʻin texnikaviy ekspertizasi amaliyoti sodir boʻlayotgan yongʻinlarning davlatga, fuqarolarga juda katta zararlar yetkazayotganligini koʻrsatmoqda.
Yongʻin bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish, sudda koʻrish jarayonilarida, adolatni taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, odil hukm chiqarish uchun sud yongʻin texnikaviy ekspertizasiga murojaat qilinadi.
Yongʻinlarning sababini toʻgʻri aniqlash, jinoyat tarkibi bor yoki yoʻqligini aniqlash hamda odil sudlovning taʼminlashga imkon yaratadi. Yongʻinlarni oldini olish boʻyicha aniq tadbirlarni ishlab-chiqib, ularni amalga oshirishga yordam beradi. Shu bilan bir vaqtda Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzilishi kabi huquqbuzarliklar, jinoyatlarga qarshi kurashishda alohida oʻrin tutadi. Shunday xolatda tergovga qadar tekshiruv, tergov xodimi yoki ekspertning bilimi, tajribasi muxim axamiyat kasb etadi.
Sud-yongʻin-texnikaviy ekspertizasi amaliyoti, sodir boʻlayotgan yongʻinlarning kelib chiqish sabablari turlicha ekanligini, ular asosan uchga boʻlib oʻrganish mumkinligini taʼkidlaydi. Bular: ehtiyotsizlik oqibatida sodir boʻladigan yongʻinlar, qasddan sodir etiladigan yongʻinlar va kuchli tabiat hodisalari oqibatida sodir boʻladigan yongʻinlardir.
Bular orasida, qasddan sodir etiladigan yongʻinlar kamchilikni tashkil etmaydi.
Qasddan sodir etilgan yongʻinlarni tekshirishda ekspertdan yuqori saviya, sinchikovlik talab qilinadi. Bunga asosiy sabab, qasddan sodir etiladigan “yongʻin jinoyati” ostida, boshqa jinoyatlar yotishi mumkin. Jinoyatchilar xar-xil turdagi masalan: qotillik, oʻgʻrilik, oʻzganing mulkiga zarar yetkazish, iqtisodiy jinoyatlar kabi turli jinoyatlarni sodir etib, yongʻin orqali oʻzlarining izlarini yoʻqotishga xarakat qiladilar. Sud-yongʻin-texnikaviy ekspertizasi amaliyoti, qasddan sodir etiladigan yongʻinlar orasida transport vositalarini, uy, molxona, omborxonalar kabi obyektlarni yoqib yuborish xolatlari koʻp uchrab turishini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Jinoyat kodeksida mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazilganda jinoiy javobgarligi belgilab qoʻyilgan.
JKning 173-moddasi. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish.
Oʻzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ancha miqdorni tashkil etsa,
—bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari, yohud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
- a) millatlararo yoki irqiy adovat yohud diniy taassublar zamirida;
- b) atrofdagilar uchun xavfli usulda;
- v) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa,
— bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan u,ch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
- a) xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yoki uning yaqin qarindoshlarining mulkiga nisbatan;
- b) uyushgan guruh va uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yohud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi- deb belgilab qoʻyilgan.
Sud yongʻin-texnik ekspertizasi xar qanday boshqa ekspertizalar kabi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoiy-protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda ekspertizalar oʻtkazishni tartibga soluvchi nomativ meʼyoriy xujjatlar talablariga rioya etilgan xolda oʻtkaziladi. Yongʻin-texnik ekspertizasi protsessual qonun tomonidan ekspert tadqiqotlari uchun qoʻyiladigan barcha talablarga javob berishi kerak, chunki u Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy adolatining maqsad va vazifalariga xizmat qiladi.
Shuni taʼkidlash joizki, qasddan sodir boʻlgan deb gumon qilinayotgan yongʻinlarni sababini aniqlashda, yongʻin texnik eksperti sud kimyoviy, portlash texnikaviy, sud avtotexnika ekspertizasi va shu kabi ekspertiza xulosalaridan foydalanishi toʻgʻri xulosaga kelishda muxim axamiyat kasb etadi. Masalan: sud yongʻin texnik ekspertining “qasddan oʻt qoʻyilganligi ehtimollik”ni sababni aniqlashda, sud kimyoviy ekspertizasi xulosasida “yongʻin qoldiqlari tarkibida neft maxsulotlari, yonuvchi yoki yengil alangalanuvchi yonuvchi suyuqliklarning izlari mavjud yoki mavjud emasligi” faktining aniqlanishi, qatʼiy xulosaga kelishiga sharoit yaratadi.
Ekspert tomonidan yongʻinning kelib chiqishiga taʼsir qilgan sabab va sharoitlarni oʻrganishda, har qanday kichik koʻringan detal eʼtibordan chetda qolishi kerak emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni taʼkidlash joizki, ekspertiza uchun taqdim etilgan xujjatlarning va ashyoviy dalillarning toʻgʻri taqdim etilishi, ashyoviy dalillarni zamonaviy, yuqori sezgirli, yuqori aniqliklarga ega kriminalistik uskunalarda malakali ekspertlar tomonidan tadqiqot qilinishi va ular asosida tuzilgan xulosalar, odil sud hamda qonun ustivorligini taʼminlashda oʻz hissasini qoʻshadi.
Yongʻin-texnik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri
Rustemov Yakubjan Kiyamovich