Sud ekspertizasi doimiy va jadal rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Sababi u moslashuvchan bo‘lishi va hayotimizdagi har qanday o‘zgarishlarga darhol javob berishi kerak. Globallashuv sharoitida jinoiy harakatlarni sodir etishning yangi usullari va vositalari paydo bo‘lmoqda. Bunday hodisalarga o‘z vaqtida va samarali javob berish uchun sud ekspertizasining zamonaviy imkoniyatlaridan foydalanib, qarshi turish mumkin. Shuning uchun sud ekspertidan o‘z kasbiy faoliyati bo‘yicha jahonda ro‘y berayotgan voqealardan, ilm-fanning so‘nggi ilmiy yangiliklar va ishlanmalardan xabardor bo‘lish talab etiladi.
Bu borada Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan doimiy ilmiy izlanishlar olib borilib, sud ekspertizalarining samaradorligini oshirish, yangi ekspertiza tadqiqotlari, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish choralarini ko‘rishi, o‘z faoliyatlarini zamon talablariga mos xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jinoyat, fuqarolik yoki iqtisodiy ishlari bo‘yicha dalillar zamirida sud ekspertining noyob malakasi va mashaqqatli mehnati bo‘lib, jinoyatlarni tergov qilish jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va ularning ochilishini oshirishga xizmat qilmoqda. Qo‘yida sud xatshunos ekspertining tadqiqot namunasini keltiramiz. Bu orqali adolatni qaror toptirish borasida ekspertiza qanchalik ahamiyatga ega ekanligini anglash mumkin bo‘ladi.
2020 yil 26 oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi N.U.ning 2020 yil 9 sentabrda chiqargan ajrimi bilan 2008 yil 19 avgustdagi Xolmuratova Igbar nomidan berilgan 2 nusxadagi r/r 3-4114 vasiyatnomalar sud-xatshunoslik ekspertizasi o‘tkazish uchun kelib tushgan.
Sud eksperti oldiga hal qilish uchun uning tahriri ostida qo‘yidagi savollar qo‘yilgan:
- Taqdim etilgan 2008 yil 19 avgustdagi Xolmuratova Igbar nomidan berilgan 2 ekzemplyardagi r/r 3-4114 vasiyatnomalardagi “IMZO” so‘zidan keyin joylashgan I.M.Xalmurotova nomidan bajarilgan imzolar, I.M.Xolmuratovaning o‘zi tomonidan bajarilganmi yoki boshqa shaxs tomonidan bajarilganmi?
O‘zbekiston Respublikasi FPKning 59-moddasi 1-qismiga muvofiq ekspertning tashabbusi bilan quyidagi savol qo‘yildi:
- Qanday shart-sharoitlar huquqbuzarlikni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan?
Solishtirish materiallari sifatida ekspert ixtiyoriga Xolmuratova Igbar Muttorovnaning erkin namunalari quyidagi: 1985 yil13 fevraldagi uning nomidan berilgan ariza, 1997 yil 22 avgustdagi guvohni surishtiruv bayonnomasi, 1970 yil 10 fevraldagi mehnat daftarchasi taqdim etilgan.
Sud eksperti tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot:
- Tekshirish lozim bo‘lgan I.M.Xolmurotova nomidan bajarilgan imzolar 2008 yil 19 avgustdagi Xalmurotova Iqbor nomidan berilgan 2 ekzemplyardagi r/r 3-4114 vasiyatnomalarning o‘rta qismida “IMZO” so‘zidan keyin joylashgan.
- Ushbu ekspertizani bajarish jarayonida Toshkent viloyati Qibray tumani Davlat notarial idorasining davlat notariusi harakatlarida 2008 yil 19 avgustdagi Xalmurodova Iqbor nomidan berilgan 2 ekzemplyardagi r/r 3-4114 vasiyatnomalarni rasmiylashtirishdagi notarial qoidalari buzilganligi aniqlandi.
2008 yil 19 avgustdagi Xalmurodova Iqbor nomidan berilgan 2 ekzemplyardagi r/r 3-4114 vasiyatnomalardagi Xalmurodova Iqbor nomidan bajarilgan imzolar uning o‘zi tomonidan bajarilmagan.
Shundan kelib chiqib, Toshkent viloyati Qibray tumani Davlat notarial idorasining davlat natariusi G.M.X. tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga amal qilinmagan.
Xususiy ajrim chiqarishda yuqoridan ko‘rsatilgan huquqbuzarlikka sabab bo‘lgan shart-sharoitlarga e’tibor berishingizni so‘raymiz.
Tadqiqot natijasida sud eksperti tomonidan berilgan xulosalar:
- Taqdim etilgan 2008 yil 19 avgustdagi Xolmuratova Igbar nomidan berilgan 2 ekzemplyardagi r/r 3-4114 vasiyatnomalarning o‘rta qismida “IMZO” so‘zidan keyin joylashgan I.M.Xolmurotova nomidan bajarilgan imzolar, Xolmuratova Igbar Muttorovnaning o‘zi tomonidan bajarilmagan, balki boshqa shaxs(lar) tomonidan uning asl imzosiga taqlid qilib bajarilgan.
- Xulosaning tadqiqot qismining 2-bandida profilaktik tavsiyalar berilgan.
Sud ekspertizasining mustaqilligi va xolisligi, olib borilayotgan tadqiqotlarning xolisligi va keng qamrovliligi an’analari huquq va ijtimoiy huquqlar tengligi tamoyillari asosida qurilgan.
Ilyasova Nazira Kaxramanovna, Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi bosh eksperti