Sud avtotexnika ekspertizasi

  1. Sud avtotexnika ekspertizasi qanday turlarga bo‘linadi?

 Sud avtotexnika ekspertizasi o‘z o‘rnida bir necha turga bo‘linadi. Har bir turi o‘ziga xos ob’ektlari, tadqiqot usullari va ekspertizaga taqdim qilinishi zarur bo‘lgan materiallar to‘plami bilan ajralib turadi. Shularni hisobga olib sud avtotexnika ekspertizasi quyidagi turlarga bo‘linadi:

  1. Yo‘l-transport hodisasi mexanizmlari ekspertizasi.
  2. Transport vositasining texnikaviy holati ekspertizasi.
  3. Transport vositasi va yo‘l transport hodisasi joyidagi izlar (transport-trasologiya) ekspertizasi.

4.Transport baxolash ekspertizasi.

  1. Yo‘l ekspertizasi

Xodirgi kunda 2021 yilda laboratoriya uchun sotib olingan dasturlardan foydalanib quyidagi qo‘shimcha tadqiqotlarni bajarish yo‘lga qo‘yildi:

-DTP Expert dasturi bo‘yicha avtomobil tezligi aniqlash;

-PC crash dasturidan foydalangan to‘qnashuv joylari yo‘nalishlarini aniqlash;

-baxolash tadqiqotlar bo‘yicha “AvtoEkspertiza” dasturi bo‘yicha chet davlatda ishlab chikarilgan avtomobillarga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash;

  • tekshiruv usullari.

 YTH mexanizmlarini tadqiqot qilish, transport vositalarda mavjud izlarning o‘lchamlarini o‘lchash va suratga olish, transport vositalarning tezliklarini, to‘xtatib qolish masofalarini, harakatlanish bilan xavf tug‘ilganda qancha metr masofada bo‘lganligi, xavfsiz tezliklari, ko‘rinish tezliklari, oraliq masofalari, to‘siq yoki xavf bo‘lganligi, o‘lchov asboblarida yo‘lga nisbatan, avtomobillarga nisbatan burchaklari, texnik holati bo‘yicha transport vositalarning yaroqsiz holatini kelib chiqish sabablari va h/k.

Asosan ekspert avtotexnik maxsus bilimlarga tayangan holda YTH bilan bog‘liq jami hujjatlari, transport vositalarini kuzatish hamda formulalar yordamida hisoblash usullari yordamida aniqlanadi.

Ekspertning maxsus bilimlari yordamida (hisoblar, tajriba o‘tkazish yoki modellashtirish).

  • ekspertiza ob’ektlari.

Barcha turdagi sud avtotexnika ekspertizalari uchun quyidagilar tadqiq qilinadigan ob’ektlar jumlasiga kiradi:

– yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisi bo‘lgan avtotrans­port, elektrotransport, traktor va boshqa o‘ziyurar mexanizmlar (moslamalar);

– yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan yo‘l, dala, hovli, shuningdek transport vositasi harakatlanadigan boshqa joylar;

– yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq bo‘lgan ashyoviy dalillar va  ish hujjatlari (materiallar).

  • qo‘shimcha ravishda taqdim etilishi lozim bo‘lgan materiallar.

Ekspert ixtiyoriga ob’ektlardan tashqari voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi va fotojadvalini yuborish lozim.

Qayta, qo‘shimcha yoki komission ekspertizalar o‘tkazilishi talab etilganda, birlamchi o‘tkazilgan ekspertiza xulosalari nusxalari taqdim etilishi zarur.

  • ekspertizaga taqdim qilinadigan ma’lumotlar.

– yo‘lning qatnov va yoqa qismlari qoplami (asfalt, beton va h.k.);

– qatnov qismining holati (quruq, ho‘l, loy, qor, muz va h.k.);

– qatnov qismi va yoqasining kengligi;

– yo‘lning shu joyida harakat  qanday  tashkil etilganligi (bir qator,  ikki qator, bir tomonga va h.k.);

– yo‘l belgilari  mavjudligi va ularning joylashishi;

– yo‘lning old va yon tomonlaridagi ko‘rinish masofalari;

– transport vositasining texnik holati (rul boshqaruvi, tormoz tizimi, yoritish tizimi va h.k);

– transport vositasining yuklanish darajasi (yengil avtomobil, motosikllar uchun yo‘lovchilar soni);

– tormoz izlari yoki transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar  yo‘q  bo‘lganda, uning harakat tezligi.

– transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar bo‘lganda, ularning uzunligi va transport vositasining qaysi qismlaridan  qoldirilganligi (masalan, tormoz izlari oldi, orqa yoki hamma g‘ildiraklaridan qolgan, ishqalanish izlari yon tomoni bilan sirpanish vaqtida qolgan izlar);

– hodisa sodir bo‘lgan nuqtaning yo‘lning qatnov qismi chetlariga nisbatan joylashgan masofalari.

Transport vositasi piyodani ochiq, ya’ni piyodani ko‘rishga halaqit beruvchi to‘siq bo‘lmagan joyda urib yuborgan bo‘lsa, ekspert ixtiyoriga quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:

– haydovchining harakati uchun xavf tug‘ilgan vaqt;

– harakat uchun xavf tug‘ilgandan co‘ng voqea joyigacha qancha masofani qanday tezlik bilan yoki qancha vaqt ichida bosib o‘tganligi;

– piyodaning voqea joyiga qarab harakatlanishidan oldingi harakatlarining tafsiloti;

– transport vositasining voqeadan keyin to‘xtaguncha bosib o‘tgan masofasi (tormoz izi mavjud bo‘lsa, uning voqea joyidan keyingi uzunligi);

– transport vositasining qaysi qismi bilan piyodani urganligi, agar oldi qismidan boshqa joyi bilan urgan bo‘lsa, oldi qismidan o‘sha joygacha bo‘lgan masofa;

– transport vositasi yo‘lning qatnov qismi chetlaridan qancha masofada harakatlanganligi;

– agar harakatdagi piyoda harakat tezligini yoki yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lsa yoki to‘xtasa, har bir tezlik bilan bosib o‘tilgan masofalar haqidagi ma’lumotlar bo‘lmasa har bir tezlikda harakatlangan va to‘xtash vaqtlari.

Piyodaning bosib o‘tgan masofasi, tezligi yoki harakat vaqtini aniq bilish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperimentlari o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu masalada piyodalarning harakat tezliklari haqidagi jadvallar haqiqiy ma’lumotlarni bermasligi mumkin. Agar piyoda to‘siq orqasidan chiqqan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilgan ma’lumotlardan tashqari qo‘shimcha, quyidagilar kerak bo‘ladi:

– to‘siqning qatnov qismiga nisbatan joylashish, ya’ni qatnov qismidan necha metr chekkada uning qanchasini egallab turganligi;

– to‘siqning o‘lchamlari (balandligi, uzunligi);

– to‘siqdan piyodaning harakat yo‘ligacha bo‘lgan masofa;

– to‘siq bilan transport vositasi o‘rtasidagi yon oraliq masofa.

Piyoda qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi orqasidan chiqsa, yana quyidagi ma’lumotlar ham zarur bo‘ladi:

– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining harakat tezligi;

– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi yo‘l qatnov qismini chetlariga nisbatan qanday masofada harakatlanganligi;

– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining orqa qismidan harakatdagi piyodagacha bo‘lgan masofa.

  1. Transport vositalarining texnik holatiin aniqlash bo‘yicha sud avtotexnika ekspertizasida qanday savollar hal etiladi?

Transport vositasining texnik holatini aniqlash ekspertizasini o‘tkazishda quyidagilarni aniqlash uchun savollar tuziladi:

Transport vositasini tadqiq etishni birinchi navbatda uning holatiga eng kam o‘zgarish kirituvchi ekspertizani o‘tkazishdan boshlash kerak.

  • transport vositasi va uning alohida qismlarini (tormoz tizimi, rul boshqaruvi va h.k.) texnik holatini aniqlash (soz yoki nosoz);
  • transport vositasining texnikaviy nosozliklarini hosil bo‘lish sabablarini aniqlash;
  • transport vositasining texnikaviy nosozliklari yo‘l-transport hodisasiga nisbatan qachon paydo bo‘lganini belgilash;
  • transport vositasitasidagi nosozlik yo‘lga chiqishdan oldin mavjud bo‘lganligini aniqlash;
  • aniqlangan nosozlik transport vositasining umumiy holatiga qanday ta’sir etishini tadqiq qilish;
  • aniqlangan nosozlik hamda kelib chiqqan xo­disa o‘rtasida sababiy bog‘lanish borligini aniqlash;
  • transport vositasining tadqiq etilayotgan tizimining ishlash ko‘rsatkichlarini aniqlash;

Ushbu ekspertizani o‘tkazish uchun ekspert ixtiyoriga tekshirilayotgan transport vositasi yoki uning qismi, transport vositasining texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan dalolatnomasi, transport vositasini ta’mirlash haqidagi ma’lumot va h.k.), yo‘l transport hodisasidan keyin tuzilgan transport vositasining texnik holati to‘g‘risidagi bayonnoma taqdim qilinadi.

  1. Transport – trasologiya ekspertizasini o‘tkazishda qayday savollar hal etiladi?

Transport vositalaridagi shikastlarning hosil bo‘lishi mexanizmi, transport vositalarining hodisa paytidagi bir-biriga nisbatan holatlari, to‘qnashuv yo‘lning qatnov qismining qaerida yoki qaysi tomonida sodir bo‘lganligi, to‘qnashuv vaqtida transport vositalarining statik yoki dinamik (turgan yoki harakatda bo‘lgan) holatini aniqlash kriminalistika va avtotexnika sohasidagi bilimlar asosida amalga oshiriladi.

Ushbu ekspertiza quyidagi savollarni hal etadi:

– transport vositalaridagi shikastlarning hosil bo‘lish mexanizmini aniqlash;

– to‘qnashuv vaqtida transport vositalari bir-biriga nisbatan qanday holatda bo‘lganini aniqlash;

– to‘qnashuv vaqtida transport vositalariniig bo‘ylama o‘qlari o‘zaro (bir-biriga nisbatan) qanday burchak ostida bo‘lganini aniqlash;

– transport vositalari dastlab va keyinchalik qaysi qismlari bilan  to‘qnashganini belgilash;

– voqea joyidagi izlarga ko‘ra hodisa qanday tarzda boshlanganini aniqlash;

– to‘qnashuv joyi yo‘l qatnov qismining qaerida bo‘lganini aniqlash;

– to‘qnashuv yo‘l qatnov qismining qaysi tomonida sodir bo‘lganini aniqlash;

– to‘qnashuv vaqtida transport vositalari yo‘l o‘qiga nisbatan qanday burchak ostida bo‘lganini aniqlash;

– to‘qnashuvgacha, to‘qnashuv vaqtida va undan keyin transport vositalarining harakat yo‘nalishlari qanday bo‘lganini aniqlash;

– to‘qnashuv vaqtida transport vositalari harakatda bo‘lgani yoki ularning bittasi to‘xtab turgan bo‘lganini aniqlash.

Transport trasologiya ekspertizasi oldiga qo‘yilgan savollarning turiga qarab ekspertga taqdim qilinadigan ob’ekt va ma’lumotlar belgilanadi. Masalan:

– transport vositalaridagi shikastlarning hosil bo‘lishini, ularning bir-biriga nisbatan holatlarini, harakatda bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlash masalasi transport vositalaridagi izlar va shikastlarni tadqiq qilish hamda ish hujjatlari(material) bilan tanishib chiqish yo‘li bilan hal etiladi.

– to‘qnashuv joyini aniqlash uchun ish hujjatlari(material)dagi voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, chizmalar, fotosuratlar va boshqa hujjatlardan foylalaniladi.

  1. Yo‘l-transport hodisasining mexanizmlari ekspertizasini o‘tkazishda qanday savollar hal etiladi?

  • transport vositalarining harakat tezliklarini aniqlash (tormoz izlari va video tasvirlar orqali);
  • transport vositasini to‘xtatish va to‘xtash masofalarini aniqlash;
  • yo‘l-transport hodisasining turli vaqtlarda transport vositalarining o‘zaro yaqinlashib kelish holatlarini aniqlash;
  • transport vositasining ma’lum masofani bosib o‘tish uchun sarflaydigan vaqtini aniqlash;
  • ekspertning maxsus bilimlari yordamida (hisoblar, tajriba o‘tkazish yoki modellashtirish), yo‘l-transport hodisasi (to‘qnashuv, o‘rib ketish, ag‘darilish va h.k.)ni oldini olish uchun xavf tug‘ilgan vaqtni aniqlash;
  • haydovchining yo‘l-transport hodisasini bartaraf etish uchun oxirgi imkoniyati qolgan  vaqtda transport vositasi bilan hodisaning ikkinchi ishtirokchisini o‘zaro (masofa bilan ifodalanuvchi) holatlari qanday bo‘lganligini aniqlash.

Yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilarining harakatini quyidagi maqsadlarda tadqiq qilish:

– mazkur vaziyatda harakat havfsizligining texnik talablariga va transportdan foydalanish qoidalariga muvofiq hodisa ishtirokchilari qanday harakat qilishlari lozimligini;

– haydovchi havfsizlikni ta’minlash uchun ushbu vaziyatda qanday harakat qilishi lozimligini;

– harakat uchun xavf tug‘ilganda haydovchining qanday harakatlari yo‘l-transport xodisasini bartaraf etishga olib kelishini va bu harakatlar yo‘l harakati qoidalarining qaysi bandlarida nazarda tutilganligini;

– haydovchining yo‘l harakati qoidalarining tegishli talablarini bajarish uchun texnikaviy imkoniyati bor-yo‘qligini;

– haydovchining hodisani o‘rganayotgan organ tomonidan aniqlab berilgan, xavfli vaziyat paydo bo‘lgan vaqtda transport vositasi tezligini kamaytirish yo‘li bilan yo‘l-transport hodisasi oldini olish uchun texnik imkoniyati bor-yo‘qligini;

– haydovchining transport vositasini boshqarish bo‘yicha harakatlari  bilan texnikaviy dastlabki ma’lumotlar asosida hamda ob’ektiv  qonuniyatlarni hisobga olgan holda kelib chiqqan oqibatlarning texnik tomoni o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish bor-yo‘qligini.

  1. Transport baxolash ekspertizasini o‘tkazishda quyidagi savollar xal etiladi:

transport vositasining bugungi kundagi bozor baxosini aniqlash;

transport vositasiga yetkazilgan moddiy zarar qiymatini aniqlash;

-transport vositalarini tiklanishiga ketadigan sarf-xarajatlar qiymatini aniqlash.

-transport vositalarining agregat va detallarining o‘rtacha bozor baxosini aniqlash;

  1. Ashyoviy dalillar va qiyosiy tekshiruv materiallarini yig‘ish, olish, o‘rash, saqlash talablari qanday?

Sudga oid avtotexnika ekspertizasini o‘tkazish uchun voqea joyidan olingan ashyoviy dalillar qanday holda topilgan bo‘lsa, o‘sha holda ekspertizaga yuboriladi, bundan tashqari transport vositalari va boshqa ishga aloqador ma’lumotlar taqdim qilinadi.

Tadqiq qilish uchun yuborilayotgan ob’ekt haqida qaerdan, qachon va qaysi ish bo‘yicha olinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Tegishli ma’lumotlar surishtiruvchi, tergovni olib borgan shaxs, prokuror yoki sudyaning imzosi bilan tasdiqlangan va muhrlangan bo‘lishi kerak. Ashyoviy dalillarning buzilishi yoki ularga zarar yetkazilishining oldini olish hamda ashyoviy dalillarni tadqiq qilishda qiyinchilik tug‘dirmaslik maqsadida bevosita ekspertiza ob’ektlari  ustiga hech qanday yozuvlar yozish yoki izohlar kiritilgan qog‘ozlarni yopishtirish mumkin emas.

Q.Umidillaev – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi SATEL mudiri

Skip to content