O‘tgan yillar mobaynida sud ekspertizasining imkoniyatlari ko‘p jihatdan kengaydi, bu sohada erishilgan yutuqlar tadqiqotning yangi turlarini olib borish imkonini berdi. Shu bilan birga, rivojlangan horij davlatlarning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga kirib kelishi sud ekspertiza hal etadigan masalalar ko‘lamini kengaytirib, uni dunyo miq’yosi darajasiga olib chiqdi. Bugungi kunda fan va texnikaning zamonaviy yutuqlaridan keng foydalanmasdan turib odil sudlovni ta’minlovchi idoralarning samarali faoliyatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ushbu yutuqlarni qonunni muhofaza qilish faoliyatiga tadbiq qilish shakllari turlicha bo‘lib, ularning umumiy mazmunini ish uchun ahamiyatli bo‘lgan faktni aniqlash uchun maxsus bilimlardan foydalanish tashkil etadi. Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi muxandis-texnikaviy ekspertiza turlaridan biridir. Uning asosiy vazifalari qatoriga quyidagilar kiradi:
- fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarga maxsus bilimlarni qo‘llash yo‘li bilan ko‘maklashish;
- huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarning maxsus bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlari bo‘yicha zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari, ilmiy tavsiyalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi metodikalardan foydalanib fuqarolik, iqtisodiy ishlar, ma’muriy va jinoiy ishlar, tergovgacha bo‘lgan tekshiruvlar materiallari bo‘yicha sud ekspertizalarini, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha sud ekspertizalari tadqiqotlarni o‘tkazish;
- maxsus bilimlar va texnika vositalarini qo‘llashda huquqni muhofaza qilish va sud organlari xodimlariga metodik yordam ko‘rsatish, ularni sud ekspertizasi sohasidagi zamonaviy yutuqlar va imkoniyatlar bilan tanishtirish;
- maxsus bilimlar asosida huquqbuzarliklarni sodir etishga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularning oldini olishga doir takliflar ishlab chiqishlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi yuzasidan qo‘yidagi uchta yo‘nalish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi.
“Qurilish ob’ektlarini tadqiqot qilish”;
“Yer ob’ektlarini tadqiqot qilish”;
“Yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash”
“Qurilish ob’ektlarini tadqiqot qilish”ekspertizasi turi hal qiladigan asosiy masalalar bular:
- Baholash
Turar joy va noturar bino va inshootlarning bozor bahosini aniklash;
- Bo‘lish va foydalanish tartibini belgilash
Turar joy bino va noturar binolarini bo‘lish (foydalanish tartibi) imkoniyatlari bo‘yicha variantlarni aniqlash;
- Ekspert-profilaktikasi
Qurilish ob’ektlarning, qurilish ishlarining loyiha smeta xujjatlariga mos kelishi, qurilish ob’ektlarining ShNK talablari asosida bajarilganligi, uning smeta xujjatlari uslubiy asoslanganligi va o‘tkazilgan nazorat o‘lchovi dalolatnomalarining asosligini aniqlash;
- Diagnostika
Avariya holatlari – bino va inshootlari (konstruksiya yoki elementlari) qulashi, suv toshishlar, pardozlash ishlarining shikastlanishi va bino konstruksiyasining cho‘kishi, namlanishi, ish jarayonida baxtsiz hodisalarni kelib chiqish sabablarini aniqlash;
- Klassifikatsiyalash
Turar joy bino va noturar bino inshoatlarini (konstruksiyalari, bino elementlari), shaharsozlik me’yorlari va qoidalari, texnikaviy ekspluatatsiyat me’yorlariga javob berish yoki bermasligini aniqlash, hamda ish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga javob berish yoki bermasligini aniqlash;
“Yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash”ekspertizasi turi hal qiladigan asosiy masalalar bular:
- Turar-joy binolari uchun mo‘ljallangan yer maydonlarining foydalanish huquqining qiymatini aniqlash;
- Nourar-joy binolari uchun mo‘ljallangan yer maydonlarining foydalanish huquqining qiymatini aniqlash;
- Ishlab chiqarish binolari uchun mo‘ljallangan yer maydonlarining foydalanish huquqining qiymatini aniqlash;
“Yer ob’ektlarini tadqiqot qilish” ekspertizasi turi hal qiladigan asosiy masalalar bular:
- Ajratilgan yer maydonlarining haqiqiy o‘lchamlarini, ajratilgan yer maydonlarini kadastr hujjatlarida ko‘rsatilgan o‘lchamlarga mosligini aniqlash;
- Turar joy binolarni bo‘lishda yer maydonlarini bo‘lish imkoniyatlarini aniqlash;
- Qismlarga bo‘lingan turar joylarning yer maydonlaridan foydalanish tartibini belgilash imkoniyatlarini aniqlash;
- Qo‘shni yer maydonlarni qo‘shimcha egallanganligi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash
Ekspertiza o‘tkazish jarayonida qonunbuzarliklarni sodir etilishiga sabab bo‘lgan imkon va sharoitlar ham tekshirilishi kerak. Bunday masalalarni maxsus bilimlar doirasida hal qilish qurilish texnik ekspertizalarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish qonunbuzarliklarni oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sud ekspertizaning tobora kengayib borayotgan imkoniyatlari ashyoviy dalillarning yangi turlarini tekshirish, tadqiqotlarni yanada chuqurroq olib borish va aniq natijalar olishga imkon yaratadi.
Sud-tergov amaliyoti so‘nggi yillarda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tayinlanayotgan ekspertizalar sonini muntazam ravishda oshib borayotgani, turli toifadagi ishlar bo‘yicha xaqiqatni aniqlashda va qonunbuzarliklarning oldini olishda sud ekspertizasining ahamiyati tobora oshib borayotganligidan dalolat beradi.
RSEMning Farg‘ona viloyat bo‘limi eksperti X.O.Jabborov