Yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash

Zamonaviy jamiyatning huquqiy davlatning tamoyillarini mustahkamlashga yo‘naltirilganligi birinchi navbatda, huquqiy institutlari, shu jumladan, sud va boshqa huquqiy organlarining rolining o‘sishini ta’minlaydi.

Jinoyatlarni samaraliroq tergov va fosh qilish, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida vujudga keladigan muammolarni hal qilish uchun jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy ishlari jarayonlarida tabiiy, texnik va boshqa maxsus bilimlardan foydalanish zarurati vujudga keladi. Shu kabi maxsus bilimlarni amalga oshirishning bosh shakli sud ekspertizasi sanaladi, uning natijasi – ekspert xulosasi – dalillar manbai sifatida tushuniladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi yer to‘laqonli mulk ob’ektiga aylangan, u keng ravishda fuqarolik muomalasiga kiritilyapti, shu munosabat bilan fuqarolar, yuridik va boshqa shaxslar ishtirokidagi yer munosabatlarini tartibga keltirish ular uchun alohida ahamiyat kasb etishni boshlagan. Yer bozori bozor iqtisodiyotining asosiy unsurlaridan sanalib, uning kapitalizatsiyasida muhim rol o‘ynaydi.

Mamlakat fuqarolariga va yuridik shaxslarga yer maydonlarini sotish O‘zbekiston Respublikasi Yer qonunchiligi tomonidan ko‘zda tutilmagan. Yuqorida keltirilgan fikrlardan mamlakatdagi bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida qiymat aniqlanishiga quyidagi yer maydonlariga bo‘lgan huquqlar turlari lozim deb topilgan:

– umrbod meros mulki;

– doimiy va shoshilinch foydalanish;

– ijara.

Shundan kelib chiqadiki, bozor sharoitida yerdan foydalanishga ta’luqli bo‘lgan huquqlar baholanadi (erga bo‘lgan boshqa huquqlar).

Jahon tajribasidan kelib chiqib, ijara munosabatlari shahar yerlaridan foydalanishning eng samarali shakli hisoblanadi. Bunda O‘zbekistondagi yer bozori rivojlanishining birinchi bosqichida ijara munosabatlari yerni samarador xo‘jalik sub’ektlariga taqsimlash hamda yerdan ehtiyotkorona va ratsional foydalanishning bosh quroliga aylanishi mumkin.

Ijara munosabatlari mulkdorga va avvalo davlat va munitsipal organlariga yerdan foydalanish samarasini nazorat qilishni amalga oshirish imkonini beradi. Boshqa tomondan, ijarachiga yerdan foydalanish va ishlab chiqarish natijalariga egalik qilish huquqini taqdim etish orqali ijara yer munosabatlarining bozor islohotlarini rag‘batlantiradi, tadbirkorlik faoliyatini faollashtiradi, yer, asosiy jamg‘armalar va ishchi kuchi kabi ishlab chiqarish resurslari o‘rtasida nisbatni optimallashtirishga imkon beradi. Shu munosabat bilan, hamda yer bozorida kelishuvlar hajmining bashorat qilingan sezilarli o‘sishidan kelib chiqib,  boshqa muhim muammolar bilan bir qatorda, yerga bo‘lgan huquqning qiymatini ob’ektiv baholash masalasi vujudga keladi.

Shu tarzda, ushbu ishni amalga oshirish dolzarbligi amaliy zaruratdan kelib chiqadi.

Hozirgi kunga kelib, sud-tergov amaliyotida ko‘pincha shaxsiy qurilish ob’ektlari va tijorat ko‘chmas mulk bilan to‘ldirilayotgan yer maydonlariga bo‘lgan huquqlarni baholash masalalari vujudga kelyapti, lekin mazkur muammo haligacha o‘z yechimini topmagan, chunki metodik yondashuvlarning birligi mavjud emas va eng muhimi baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar mavjud metodlarini amaliyotda yetarli darajada qo‘llashmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14 noyabr kunidagi 321-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga asosan, sud-ekspertlik amaliyotini kengaytirish, sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish maqsadida Markazda tadqiqotlarning yangi turlarini joriy etish belgilangan. Tadqiqotlarning yangi turlaridan biri yer maydonlariga bo‘lgan egalik huquqlari qiymatini ekspert baholash hisoblanadi.

Ushbu qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasida normativ-bozor usullari bilan yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash bo‘yicha Markazning sud qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limi tomonidan ekspertlar uchunuslubiy tavsiya ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq etilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi  811-I-sonli Qonuni, Mulkni baholash milliy standartlari, O‘zbekiston Respublikasida normativ-bozor usullari bilan er maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash bo‘yicha ekspertlar uchun uslubiy tavsiyalar va boshqa tegishli hujjatlar asosida Markazning sud qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limi tomonidan er maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash bo‘yicha ekspertizalar o‘tkazilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limi ekspertlari tomonidan bevosita yerning o‘zi emas, balki yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymati aniqlanadi.

Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish va Markaz faoliyatini yanada rivojlantirib, boshqa tashkilotlar bilan keng hamda muntazam xamkorlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvar kunidagi“Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi PQ-4125-sonli qarori qabul qilindi.‎

Ushbu Qaror bugungi kunda sud-ekspertlik faoliyatini olib borishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Shuningdek, ekspertiza tadqiqotlarini mustaqil, xar tomonlama to‘liq va xolisona o‘tkazilish kafolatini yanada mustahkamlab beradi.

 

RSEMning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi
sud qurilish-texnikaviy eksperti D.U.Tajiev

Skip to content