Hozirgi vaqtda trasologiya ekspertizasi eng muhim ekspertizalardan biri hisoblanadi. Trasologiya ekspertizasining tarkibida transport vositalarining izlarini tadqiqot qiluvchi transport-trasologiya deb nomlangan ekspertiza turi ham mavjud.
Transport-trasologiya ekspertizasida yo‘l transport hodisasi (YTH) sodir bo‘lgan joyda qolgan ehtiyot qismlarni bo‘laklarining joylashuvlaridan, tormoz izlarining joylashuvlaridan, transport vositalaridan yo‘lda oqqan suyuqliklarning joylashuvlaridan va shunga o‘xshash belgilardan, hamda transport vositalarida hosil bo‘lgan shikastlanish izlaridan kelib chiqib ekspert yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lish mexanizmini, to‘qnashuv joyini, transport vositalari o‘zaro qanaqa holatda va qaysi qismlari bilan to‘qnashganligini, shuningdek transport vositasi aynan qaysi qismi bilan, yo‘lning aynan qaysi qismida piyodani urganligini aniqlaydi.
Umuman olganda transport-trasologiya ekspertizasiga ehtiyoj quyidagi holatlarda tug‘iladi:
- YTH haqidagi to‘liq tasavvurni aniqlashda, shuningdek sud muhokamasida yoki tergov jarayonida aybdorlarni aniqlashda;
- YTHdagi aybdor sud muhokamasidan va jazodan qochish maqsadida hodisa joyidan yashiringanda;
- YTH haqidagi tasavvur to‘liq bo‘lmaganligi sababli YTH qatnashchilarining har biri o‘zini haqligini isbotlashga urinayotganda;
- YTH holatini va to‘qnashuv mexanizmini aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda;
- Aybsiz kishining zimmasiga YTH bo‘yicha aybdorlik yuklanayotganda;
- YTH holati to‘liq oydinlashtirilmaganda va shu kabi holatlarda.
Shuningdek, hozirgi vaqtda transport vositasining sug‘urta badalini olish bilan bog‘liq firibgarlik ishlari oshayotganligi sababli ham transport-trasologiya ekspertizasiga talab yanayam oshmoqda.
Bulardan tashqari transport vositalarining izlarini tadqiqot qilish ekspertizasida transport vositalaridagi identifikatsiyalash imkoniyatini beruvchi markirovka belgilarini aniqlash, ularning o‘zgartirilganlik holatini, agarda o‘zgartirilgan bo‘lsa, unda qaysi usulda o‘zgartirilganligini, asl belgilarini qanaqa bo‘lganligini aniqlashning imkoniyati mavjudligini aniqlash va shu kabi tadqiqotlar ham o‘tkaziladi. Bu kabi tadqiqotlar transport vositasidagi masalan VIN, dvigatel raqamlarining haqiqiyligiga shubha tug‘ilganda, shuningdek mazkur raqamlar ekspluatatsiya natijasida zanglashga, chirishga uchraganda va ekspluatatsiya natijasida mazkur raqamlarga tashqi mexanik ta’sir yetkazilganda o‘tkazilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Samarqand viloyati bo‘limining katta eksperti Otabek Ilxamdjanovich Ibragimov.