Jinoyat-protsessual qonunchiligining asosiy vazifalari davlat va jamiyatda qonuniylik va adolatni ta’minlash, inson huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, tinchlik va xavfsizlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlashdan iboratdir.
Jinoyat ishlarida protsessual chiqimlar quyidagilardan iboratdir:
1) jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar o‘tkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan;
2) doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan summadan;
3) ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda o‘z vazifalarini bajarganligi uchun to‘lanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirig‘i tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;
4) Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi to‘lovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam ko‘rsatganlik uchun himoyachiga to‘lanadigan haqdan;
5) ashyoviy dalillarni saqlash va jo‘natish bilan bog‘liq xarajatlar summasidan;
6) ekspertiza muassasalarida ekspertiza o‘tkazish uchun sarflangan summadan;
7) shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan;
71) surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda o‘tkazish chog‘ida qilingan xarajatlardan;
8) jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan iborat bo‘ladi.
Ushbu keltirilgan protsessual chiqimlar protsessual harakatlarni amalga oshirishni tashkiliy-moddiy jihatdan ta’minlash bilan birga, ishtirokchilarning mulkiy manfaatlarini himoyalashi bois jinoyat protsessining moliyaviy vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Ekspertiza muassasalarida ekspertiza o‘tkazish uchun sarflangan summa va shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan tashqari boshqa xarajatlar mahkumlardan undiriladi yoki davlat hisobiga o‘tkazildi.
Sud voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar yuzasidan protsessual chiqimlarni to‘lashni voyaga yetmaganning xulq-atvori ustidan tegishli nazorat yo‘qligida aybi bo‘lgan taqdirda voyaga yetmagan mahkumning ota-onasiga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yuklashi mumkin.
Jabrlanuvchining shikoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan sudlanuvchi oqlangan taqdirda sud protsessual chiqimlarni ish yuritilishiga sabab bo‘lgan shikoyatni bergan shaxsdan to‘liq yoki qisman undirishga haqlidir.
Kodeksning 380-moddasiga muvofiq, ayblov xulosasiga tergovchining fikricha sud majlisiga chaqirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati, shuningdek qo‘llanilgan ehtiyot choralari, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi qancha vaqt qamoqda saqlanganligi yoki u uy qamog‘ida bo‘lganligi to‘g‘risidagi, ashyoviy dalillar, fuqaroviy da’voni ta’minlash choralari, sud chiqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
Shu bilan birga, Kodeksning 457-moddasiga asosan protsess chiqimlarini kimning zimmasiga va qancha miqdorda yuklash hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalardan biri hisoblanadi.
Protsessual chiqimlarni undirish masalasini Sud chiqargan hukmida bayon etib ketishi shart.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Tashkiliy nazorat va tahlil bo‘limi
N.Murodullayev