DNK EKSPERTIZASI ENDI XORAZMDA!

Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda fan, texnika yutuqlaridan foydalanib, sud-tergov organlari tomonidan tayinlangan ekspertizalarga xulosa berishda sud ekspertlarining o‘rni nihoyatda katta.

Bugungi kunda sud va tergov organlari tomonidan tayinlangan ekspertizalarning katta qismi Adliya Vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Bugun biz X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida joriy qilingan yangi ekspertiza turi – Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi haqida so‘z ochmoqchi ekanmiz oldin mazkur bo‘limda mavjud ekspertiza turlarini aytib o‘tishni lozim topdim. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida bugungi kunga qadar sud-qurilish, sud-yer, sud-tovarshunoslik, sud-buxgalteriya, sud-moliya kredit, sud-rejali iqtisodiy ekspertizasi, sud-mehnat iqtisodiy ekspertizasi, sud-iqtisodiy statistika ekspertizasi, tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi, sud-soliq, oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizasi hamda sud-avtotexnika, sud-transport baholash, sud-transport izshunoslik ekspertiza turlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan masalalar yuzasidan ekspert xulosalari va mutaxassis fikri berib kelinmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

 

RSEMning Xorazm viloyat bo‘limi ekspertlar xonasi

Endilikda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida, ularni ortiqcha harakat va xarajatlardan qiynalmasliklari va surishtiruv, tergov hamda jinoyat ishlarini ko‘rish muddatini ekspertiza tadqiqotlariga bog‘liq holda cho‘zilmasligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF6256-sonli prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 11-sonli qaroriga asosan 2023-yil 29-dekabr kuni X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasining tantanali ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi va shu kundan buyon o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

RSEMning Xorazm viloyat bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasining ochilish marosimi

Mazkur laboratoriya Yaponiya davlatining “ThermoFisher” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “GenetikAnalyzer” – genetik profilni aniqlash uskunasi, “QuantStudio5” – haqiqiy vaqtdagi DNKning miqdorini aniqlash uskunasi, “AtomateExpress” – biomaterialdan DNK malekulalarini ajratib beruvchi robot uskuna, “ProFlex” PZR – polimeraza zanjir reaksiyasini amalga oshirib DNK malekulalarini bir necha ming marta ko‘paytiruvchi uskuna va shunga o‘xshash xorijdan keltirilgan 15 turdagi 37 ta zamonaviy uskunalar va shu bilan birga maxsus mebellar bilan jixozlangan. Laboratoriyada namunalar olish xonasi, tashqi ko‘rik xonasi, DNK ekstraksiyasi xonasi, PZR xonasi va fragment tahlil xonalari mujassam topgan.

 

 

 

 

 

 

 

 

RSEMning Xorazm viloyat bo‘limida tashkil etilgan Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriya xonalari

Hozirgi kunga qadar DNK ekspertizasi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazida ya’ni Toshkent shahrida va uning Samarqand viloyati hududiy bo‘limidagina amalga oshirilar edi. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasining viloyatimizda tashkil etilishi sud ekspertiza sohasidagi juda katta yutuqlardan biridir. Nimagaki, sud va tergov organlari o‘zlari tomonidan tayinlangan ekspertizalarning ishonchli va qisqa muddatlarda bajarilishi bilan birga ortiqcha ovvoragarchilik va ortiqcha sarf xarajatlarsiz ekspert xulosasini olish imkoniga ega bo‘lishdi. Endilikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tayinlangan Odam DNKsi sud biologik ekspertizalari bevosita viloyatni o‘zida amalga oshiriladi va ularga rasmiylashtirilgan yakuniy hujjat – xulosa taqdim qilinadi. Shuningdek, laboratoriyada jismoniy va yuridik shaxslarnning murojaatiga hamda anonim murojaatlarga asosan tadqiqotlarni o‘tkazish va mutaxassis fikri berish xizmati ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolar o‘zlari murojaat qilib DNK tadqiqotlarining natijalari aks etgan hujjat ya’ni mutaxassis fikrini olishi mumkin.

Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi biologik materialning yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini, uning jins mansubligini, bir yoki bir nechta shaxsdan kelib chiqqanligini aniqlash, shaxsni identifikatsiya qilish hamda turli qarindoshlik darajalari(ota-bola, ona-bola, opa-singil, aka-uka, bobo-nabira, buvi-nabira, amma-jiyan, tog‘a-jiyan va h.k)ni aniqlab beradi.

Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi aliment undirishda otalik, onalik, meros masalalarida muammoli qarindoshlik darajalarini aniqlash, Y-xromosoma orqali gaploguruhni va populyatsion kelib chiqishni aniqlash kabi holatlarda fuqalorning muammolariga yechim topilishida katta yordam berib kelmoqda.

DNK ekspertizasining tadqiqot ob’yektlari o‘zida DNK malekulalarini saqlovchi odamning har qanday biologik materiali bo‘lishi mumkin jumladan:

  • Qon namunasi
  • So‘lak namunasi
  • Voqea joyidagi qon izlari;
  • Qon va tana ajratmalarining qurib qolgan izlari;
  • Ashyoviy dalildagi biologik izlar (qon, so‘lak, ter-yog‘ izlari);
  • Qotillik qurollaridagi biologik izlar (qon, ter-yog‘ izlari);
  • Soch tolalari ildiz qismi bilan;
  • Tishlar;
  • Suyak fragmentlari;
  • Maniy xujayralari;
  • Ajratmalar;
  • Amniotik suyuqlik, abort qilingan material va boshqalar.

Odam DNKsi tadqiqotlarini o‘tkazish tirik odamga nisbatan faqat qon yoki so‘lak namunalari orqaligina amalga oshiriladi. Fuqarolar murojaatiga ko‘ra tadqiqot o‘tkazilganda qon yoki so‘lak namunasini topshirish murojaatchining ixtiyorida bo‘ladi. Namunaning turidan qat’iy nazar inson DNKsi o‘zgarmas va butun umri davomida bir xilda saqlanadi.

 

 Xorazm viloyat bo‘limi Odam DNKsi sud biologik
 ekspertizasi laboratoriyasi eksperti
Yuvbasarov Hamdam Inoyatovich

Skip to content