Sud-avtotexnika ekspertizasida transport-trasologiya, yoʻl-transport hodisalarini matematik uslublar bilan tadqiqot qilish, transport vositalarining texnik holati tadqiq etish, transport vositalarini baholash kabi ekspertizalarni oʻtkazadi.
Sud-avtotexnika ekspertizalaridan biri transport-trasologiya ekspertizasidir.
Trasologiya soʻzi grekcha soʻzlardan olingan boʻlib, yaʼni “trassa”- izlar, “logos”-fan, oʻrganish degan maʼnolarni anglatadi. Transport-trasologiya ekspertizasida avtomobillardan qolgan izlar, shuningdek hodisa joyida qoldirilgan izlar oʻrganiladi. Ular jumlasiga oyna siniqlari, gʻildirak izlari, tuproq toʻkilmalari, transport vositasidan ajralib qolgan qismlar va boshqa izlar kiradi.
Kriminalistika va avtotexnika bilimlari asosida sud transport-izshunoslik ekspertizalarini bajarishda quyidagi masalalar xal qilinadi: transport vositalaridagi jarohatlarning xosil boʻlishi, transport vositalarining hodisa paytidagi bir-biriga nisbatan holatlari, toʻqnashuv yoʻlning qayerida yoki qaysi tomonida sodir boʻlganligi aniqlanadi. Bu masalalarni hal qilish uchun transport vositalarining oʻzlari (shikastlari bilan) xamda transport vositalaridan yoʻlda va yoʻl atrofida qoldirilgan izlar tadqiq qilinadi.
Sud transport-trasologiya ekspertizasi obyektlariga transport vositalari ulardagi jaroxatlar, jinoiy ish materiallari (hodisa boʻyicha tuzilgan birlamchi xujjatlar, alohida paytlarda sud-tibbiy ekspertiza xulosalari, hodisa joyi hamda transport vositalarining suratlari) kiradi.
Transport–trasologiya ekspertiza oldiga quyiidagi savollar qoʻyilishi mumkin:
1.Transport vositalarida jaroxatlarning hosil boʻlish jarayoni qanday boʻlgan?
- Toʻqnashuv vaqtida transport vositalari bir-biriga nisbatan qanday holatda boʻlgan?
3.Toʻknashuv vaqtida transport vositalariniig boʻylama oʻqlari bir-biriga nisbatan qanday burchak ostida boʻlgan?
- Transport vositalari ilk bor kaysi qismlari bilan toʻqnashganlar va keyin qaysi qismlari bilan?
- Voqea joyidagi izlarga koʻra xodisa qanday tarzda boshlangan?
- Toʻqnashuv joyi qatnov qismining qayerida boʻlgan?
- Toʻqnashuv qatnov qismining qaysi tomonida sodir boʻlgan?
- Toʻqnashuv vaqtida transport vositalari yoʻl oʻqiga nisbatan qanday burchak ostida boʻlgan?
- Toʻqnashuvgacha, toʻqnashuv vaqtida va undan keyin transport vositalarining xarakat yoʻnalishlari qanday boʻlgan?
- Toʻqnashuv vaqtida transport vositalari harakatda boʻlganmi yoki ularning bittasi toʻxtab turganmi?
Transport vositalaridagi jaroxatlarining hosil boʻlishini, ularning bir-biriga nisbatan holatlarini harakatda boʻlgan yoki boʻlmaganligini aniqlash masalasi transport vositalaridagi iz va jarohatlarni tadqiq qilish hamda jinoiy ish bilan tanishib chiqish yoʻli bilan xal etiladi.
Toʻqnashuv joyini aniqlash uchun jinoiy ishdagi hodisa joyini koʻzdan kechirish bayonnomasi, chizmalar, fotosuratlar va boshqa hujjatlardan foylalaniladi.
Qoʻyilgan savollarning muvaffaqiyatli yechilishi taqdim etilgan hujjatlarning toʻliq va obyektiv boʻlishiga bogʻliq hujjatlarning toʻliq boʻlmasligi, ulardagi oʻlchovlarning bir-biriga qovushmasligi, savolni yechilmaydigan holatga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ekspertiza oldiga qoʻyiladigan savollar ularni yechish uchun taqdim etiladigan maʼlumotlarga xajman mos kelishi kerak.
Shu yoʻnalishda tergov extiyojlarini qondirishga sud transport trasologiyasi xizmat qiladi. Respublikamiz oʻz avtomobil sanoatiga ega boʻlgan davlatlar qatoriga kirgandan soʻng, mamlakatimizdagi avtomobil yoʻllarida harakat intensivligi tobora oshib bormoqda. Shu bilan bir qatorda yoʻl-transport xodisalarining soni ham ortib bormoqda. Shuningdek, yoʻlarimizda turli rusumdagi chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar ham koʻplab uchrab turibdi. Bunday sharoitda sudga oid avtotexnika, transport trasologiya va avtomobillarning texnik holatini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadqiqotlar yoʻl-transport xodisalari bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilishda katta ahamiyat kasb etadi.
Tergov va surishtiruv tomonidan yoʻl transport hodisalarini tergov qilishda koʻp hollarda ekspertning maxsus bilimlari talab etiladi. Jumladan, avtomobillarning toʻqnashuvdan oldingi harakat yoʻnalishini aniqlash, bunda transport vositasininig haydovchisi toʻqnashuvdan oldin oʻz harakat yoʻnalishini oʻzgartirganmi yoki oʻz harakat yoʻnalishida harakat qilib kelganmi kabi masalalar xal qilinadi.
Toʻqnashuv joyi qatnov qismining qayerida boʻlgan? Bu savolni xal qilish uchun transport vositasidan qolgan tormoz izlari, transport vositasidan toʻkilgan tuproq toʻkilmalari, oyna siniqlari, transport vositalarining toʻqnashuvdan oldingi harakat yoʻnalishi va ularning toʻqnashuvdan keyingi joylashuvini oʻrganib chiqish lozim. Transport vositalarining toʻqnashuv vaqtida olgan shikastlanishini ham hisobga olish kerak boʻladi.
Transport-trasologiya ekspertizalarini bajarish uslubiyotiga asosan, transport vositalarining toʻqnashuv joyini birorta transport vositasidan qoldirilgan tormoz izlarining tugallangan yoki yoʻnalishini keskin oʻzgartirgan joyi, yoʻlning qatnov qismida qoldirilgan shisha siniqlari, suyuqlik oqqan maydon, tuproq toʻkilmalari, boʻyoq parchalari, avtomobilning pastki joylashgan detallarning yoʻlning qatnov qismida qoldirilgan izlar va transport vositalaridan ajralib qolgan boshqa qismlarining joyi bilan belgilanadi.
Transport vositalarining toʻqnashuv joyiini aniqlashda YTH materiallariga ilova qilinadigan yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joyni chizmasida omillardan foydalaniladi.
Agar toʻqnashuv joyida faqat shisha siniqlari qoldirilgan boʻlib, boshqa dalillar boʻlmasa, unda toʻqnashuv joyi aynan qayerda boʻlganligini ekspertiza yoʻli bilan aniqlab boʻlmaydi. Chunki, toʻqnashuv vaqtida shisha siniqlari inersiya kuchi taʼsirida har tomonga sochilib ketadi.
Transport-trasologiya ekspertizasida transport vositalarining harakatda boʻlgan yoki boʻlmaganligi kabi savollar ham yechiladi. Transport vositasini harakatda boʻlgan-boʻlmaganligi aniqlash uchun transport vositalarini avval tashqi koʻrinishini, koʻzdan kechirish kerak, yaʼni tashqi texnik shikastlanishlarini oʻrganib chiqish lozim. Bunda, ularning shikastlanishlari qayerda joylashganligini va ulardan bir-biriga kraska yuqishi, chizilishlarning yoʻnalishi, transport vositasini kuzovini deformatsiyalanishlarini, oʻrganib chiqqan holda harakatda boʻlgan-boʻlmaganligini aniqlash imkoniyati boʻladi. Agar transport vositalari taʼmirlangan boʻlsa, u holda harakatda boʻlganligini aniqlash imkoni boʻlmaydi. Tergov organlari yoʻl transporti xodisasidan keyin har ikkala avtomobillarni transport-trasologiya ekspertizasini oʻtkazish zaruriyati boʻlmagandagina, xaydovchilarga avtomobillarini taʼmirlashga ruxsat berishi lozim.
Transport vositalarining toʻqnashuv vaqtidagi boʻylama oʻqlari orasidagi burchakni aniqlash uchun transport vositalarini tergovchi ishtirokida koʻzdan kechiriladi. Toʻqnashuv natijasida olgan barcha texnik shikastlanishlari oʻrganib chiqiladi. Yaʼni, transport vositasiga taʼsir qilgan kuch qaysi tomondan yoʻnalganligi, deformatsiya chuqurligi, deformatsiya satxida qirilish, boʻyoq yuqish va koʻchish izlari oʻrganib chiqiladi. Barcha texnik shikastlanishlari yerdan qancha masofa balandlikda joylashganligi oʻlchanadi.
Har ikkala transport vositalaridagi mavjud boʻlgan shikastlarni, ularning oʻzaro joylashuvini taqqoslash, ikkala transport vositalaridagi shikastlanishlarning oʻlchamlari va ulardagi shikastlanishlarning yoʻnalishi, shikastlanishning chuqurligi va uzunliklarini taqqoslash, hamda toʻqnashuv vaqtidagi tiklangan holatini oʻrganib chiqish natijasida ularning boʻylama oʻqlari orasidagi burchak aniqlanadi.
Transport vositlarini yoʻl elementlariga nisbatan burchagini aniqlash uchun transport vositalaridan toʻqnashuvdan oldin toʻgʻri yoʻnalgan tormoz izlari qoldirilgan boʻlishi, tormoz izining boshlanishida va oxirida yoʻl elementlariga nisbatan oʻlchamlari berilgan boʻlishi kerak.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Samarkand viloyat boʻlimi mudiri Djurayev A.A.