O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan va jamiyatning barcha sohalarini to‘liq qamrab olgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlikni saqlashga qaratilgan. Islohotlar haqida so‘z ketar ekan, Mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri bu qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirishdan iboratdir. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda huquqiy davlat asoslarini yanada takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu kabi islohotlarning ro‘yobga chiqishi borasida mamlakatimizda yetarli darajada qonunchilik bazasi shakllanib ulgurdi va hozirda yanada takomillashtirilmoqda.
Ma’lumki, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar mamlakatning chinakam rivoji, aholi turmush darajasining yuksalib borishi, aholi yalpi daromadlarining o‘sishi, aholining mulkka ega bo‘lishi, davlat boshqaruvida fuqarolarning faolligi, aholi huquqiy ongi va madaniyatining yuksalishi, davlat organlarining samarali faoliyati hamda bevosita ularning faoliyatida jamoatchilik nazorati kabi ko‘plab ijobiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Yuqoridagi maqsadlarga erishishning asosiy omillaridan biri jamiyatda qonuniylikni ta’minlashdir. Qayd etilgan ustuvor vazifani bajarish huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudning asosiy funksiyasini tashkil qiladi. Zero, fan texnika yutuqlarini huquqni muhofaza qilish organlari va sud faoliyatiga keng tatbiq etish ishlarning yuritilish sifatini oshiradi. Shu ma’noda, ekspertiza bugungi kunda surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida yetakchi urinlardan birini egallamoqda, shuningdek davlatimiz tomonidan sud ekspertizasi va sud ekspertlari faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bularni O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi xuzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertizasi markazi misolida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2012 yil 14 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi xuzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 321-sonli qaroriga asosan markazning yangi binosi qurilishi, yangi ekspertiza turlari joriy etilishi, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi xuzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish xamda sud ekspertlari malakasini oshirish to‘g‘risida”gi 206-sonli qaroriga asosan markazning viloyat bo‘limlarini tashkil etilishi, sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazini tashkil etilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvar kunidagi “ Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi PQ-4125-sondagi nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari tashkil etilishi, markaz xodimlarining maoshlari oshirilishi, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun oliy o‘quv yurtlari bilan xamkorlikda ish olib borish, ularning markazga biriktirilishi, markazga chet eldan keltiriladigan asbob uskunalar uchun bojxona solig‘idan malum muddatga ozod qilinishi va yana shunga oid qarorlarning qabul qilinishi xamda sud ekspertizasi va ekspertlar faoliyatiga tadbiq etilishida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Huquqni qo‘llovchi organlar va sudlar oldida turgan vazifalarni hal qilishda fan, texnika, madaniyat va hunar sohasidagi maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni hal qilishda sud ekspertizasi muhim rol o‘ynaydi. Ular o‘z faoliyatida har xil jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etish, xolisona tergov qilish va sudda ko‘rish hamda nizolarni hal qilish jarayonida sud ekspertizasi imkoniyatlaridan keng foydalanishlari lozim. Chunki sud ekspertizasi maxsus bilimlarga asoslangan ish bo‘yicha haqiqiy holatni aniqlashga qaratilgan asosiy protsessual vosita, inkor etib bo‘lmaydigan tilsiz dalildir.
Hozirgi sharoitda ushbu faoliyatning shakl va usullari muntazam ravishda takomillashib borishini, fan va texnikaning yangi yutuqlariga asoslangan sud ekspertizasini keng qo‘llashsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shunday keng ko‘lamda ommalashib borayotgan va talab ortayotgan ekspertiza turlaridan biri – Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasidir. Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizasi sudlar tomonidan shaxsiy, umumiy hissadorlik mulki bo‘lgan uy-joylarni bo‘lib berish yoki shaxsiy hissasini ajratib berish, oldi-sotdi shartnomalarini (uy-joylar bo‘yicha) bekor qilish, vasiyatnomalarni (uy-joy bo‘yicha) bekor qilish, nikohni bekor qilish va mulkini bo‘lib berish, uyga suv toshirish natijasida yetkazilgan zararni qoplash, bajarilmagan ishlarni yoki sifatsiz bajarilgan ishlar mablag‘ miqdorini undirish singari fuqarolik ishlari bilan bog‘liq da’volarda tayinlanadi.
Bunda ekspert turar va noturar bino inshootlarning xozirgi kundagi baxosini aniqlash, turar va noturar bino inshootlarni yer maydoni bilan xamda yakka xolda bo‘lish imkoniyatlarini aniqlash, da’vo qilinayotgan uy-joyni, texnik jihatdan qurilish normalari va qoidalarini buzmagan holda bo‘lish, o‘z ixtiyori bilan qurilgan turar va noturar bino inshootlarning QMQ va ShNQ ga zid yoki mos tarzda qurilganligini aniqlash, qurilish-montaj, tamirlash ishlari uchun ketgan sarf-xarajatlarning miqdori (smeta) asosli asossizligini aniqlash, da’vo qilinayotgan uy-joyni ajratib berilgan ulushlar asosida bo‘lish, texnik jihatdan bo‘linishi mumkin bo‘lgan uy-joyning da’vo qilinayotgan hissalarini aniqlash, ruxsatsiz (o‘z ixtiyori bilan) qurilgan qurilmalardan foydalanish tartibini aniqlash kabi vazifalarni bajaradi.
Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizalari o‘tkazilish jixatidan murakkab bo‘lib, ularni tayinlash, ekspertizaga materiallarni tayyorlash, inshootlarni ko‘zdan kechirishni tashkil qilishda turli muammolar yuzaga keladi, yani ekspertlar vakolatiga kirmaydigan savollarning qo‘yilishi, ko‘rilayotgan obektning yoki yer maydonining xaqiqiy xolatini aks ettiruvchi xujjatlarning (asl nusxalari) taqdim etilmasligi, ekspertiza o‘tkazilishi va xulosa berish uchun zarur bo‘lgan tekshirish obetlarini ko‘zdan kechirishga fuqarolarning to‘sqinlik qilish xolatlari shular jumlasidandir. Aynan shuning uchun xam Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizasini o‘tkazish o‘ziga xos xususiyatlarga egadir va yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etishda davlat organlari bilan birgalikda kelishuv asosida xamkorlik olib borish, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlarida fuqarolarning xuquqiy bilimlarini oshirish, xamda sud ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha tushunchalar berish va davra suxbatlari tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.
Sud-qurilish-texnik ekspertizasini tayinlash va o‘tkazishning protsessual va taktik xususiyatlari quyidagilardan iborat:
– voqea sodir etilgan joyni yoki nizoli obektlarni ekspert ishtirokida ko‘zdan kechirish;
–binolarning qulab tushishi yoki ishlab chiqarishda sodir bo‘lgan baxtsiz xodisalar bo‘yicha ishlarda o‘tkaziladigan ko‘zdan kechirish va ishga oid materiallarni yig‘ish;
– mutaxassislarning binolarni qulab tushishi, qurilishida baxtsiz xodisalar sodir bo‘lishining sharoitlari va sabablari to‘g‘risida bergan xulosalarining mazmun-moxiyatini taxlil qilish;
- ko‘zdan kechirish natijalarini bayonnoma orqali rasmiylashtirish.
Voqea sodir bo‘lgan joyni yoki nizoli obektlarni ko‘zdan kechirish tergovchi yoki sud tomonidan amalga oshiriladi, ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha bayonnoma tuzilib ko‘zdan kechiruv ishlari tugatiladi.
Andijon viloyati bo‘limi eksperti A.T.Xaydarov