Davlat xaridlarini amalga oshirishda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar

Davlat xaridlari – budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tovarlar, ish va xizmatlardir.

Boshqacha aytganda, davlat xaridlari – davlat byurtmachilarining ya’ni, davlat tashkilotlari, korxonalari va muassasalarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo‘lgan ehtiyojlarini pulli asosda ta’minlash jarayoni hisoblanadi.

Davlat xaridlaridan barcha davlat tashkilotlari, korxonalari hamda muassasalari doimiy ravishda foydalanib kelmoqda.

O‘z navbatida, davlat xaridlari davlat tashkilotlarining faoliyati uchun zarur tovar, xizmat va ishlar bilan o‘z vaqtida, kerakli miqdorda va turda, sifatda hamda narxda ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlarida ko‘plab qonunbuzilish holatlari yuzaga kelayotganligini yoki budjet mablag‘larining oqilona sarflanilmayotganligini ham alohida qayd etish lozim.

Xususan, ko‘p holatlarda shartnomada belgilangan mahsulotlarning narxini qo‘shib ko‘rsatish yoki shartnoma predmetiga hamda belgilangan sifat me’yorlariga nomutanosib bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilinishi natijasida qonunchilik hujjatlarini buzilishiga hamda davlat budjeti mablag‘larining talon-taroj qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, ayrim holatlarda qonunbuzilishlari davlat tashkiloti mas’ul xodimlari tomonidan tegishli mahsulotlarni qabul qilishda ularni e’londagi talablarga mosligini aniqlashni (texnik holatlari, sifati, muqaddam foydalanilganligi va boshqalar) tushunmasligi va bu sohada yetarlicha bilimlarga ega emasligi oqibatida ham kelib chiqmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 167-moddasida aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishga nisbatan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash nazarda tutilgan.

Oliy sudning rasmiy saytidagi statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan 2021 yilda 3 883 ta shaxslar sudlangan bo‘lsa, 2022 yil (5 891 ta) va 2023 yilda (5 887 ta) ushbu jinoyat turining oshganligini ko‘rish mumkin.

Mazkur holatlarni hamda ushbu turdagi jinoyatni yuzaga keltiruvchi omillar o‘rganilganda, tahlillar iqtisodiy jinoyatlarni xolisona va qonuniy tergov qilish ko‘p hollarda turli ob’ektlarning (mahsulotlar) tovar sifatini aniqlashni talab etganligi sababli mulkka oid nizolarni hal etishda, sud-tergov idoralariga tovarshunoslikka oid bilimlarga bo‘lgan ehtiyojning o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu sababli, mulkiy munosabatlar sohasida nizoli masalalarni xolisona va qonuniy hal etishda tovarshunoslik sohasidagi maxsus bilimlarni qo‘llash zarur.

Shuningdek, mahsulotni qabul qilishdan oldin uni maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarning fikrini olish sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatning oldini olishga xizmat qiladi.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.

Chunki, Respublika sud ekspertiza markazida sud tovarshunoslik ekspertizasi, shartnoma taraflari tomonidan xarid qilinadigan mahsulotlarni shartnomada ko‘rsatilgan talablarga muvofiqligini hujjatlar bo‘yicha aniqlash tadqiqotlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda, Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan bu borada ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda, bunday holatlarda mahsulotni belgilangan talablarga muvofiqligi bo‘yicha tadqiqotlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan ham o‘tkaziladimi degan savol paydo bo‘lishi mumkin.

Qayd etish lozimki, Davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF – 6256-son Farmoni bilan davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish huquqi berildi. Tadqiqot natijalari yuzasidan mutaxassis fikri taqdim qilinadi.

Ushbu huquq jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishiga yaqindan ko‘maklashmoqda.

Misol uchun, ko‘p miqdorda komp’yuter texnikalarini xarid qilayotgan davlat tashkiloti tomonidan yetkazib berilayotgan komp’yuter texnikalarining xususiyatlari shartnomada ko‘rsatilgan talablarga mos kelishi yoki yo‘qligi yuzasidan murojaat qilinganda, tadqiqot yakunlariga asosan yetkazilib berilayotgan komp’yuter texnikalarining ayrim xususiyatlari shartnoma talablariga javob berish yoki bermasligi aniqlanadi.

Yuqoridagilarga asosan, davlat xaridlarini amalga oshirayotgan jismoniy va yuridik shaxslar kelgusida sodir etilishi ehtimoli bo‘lgan qonunbuzilish holatlarini oldini olish maqsadida Respublika sud ekspertiza markaziga murojaat qilishlari (Tel.: (99871) 209-11-55) mumkin (https://sudex.uz/?page_id=109).

Bu esa o‘z navbatida, davlat xaridlarini amalga oshirayotgan sub’ektlarning xarid qilayotgan mahsulotining belgilangan talablarga javob berishini aniqlashi orqali davlat budjeti mablag‘larining behuda sarflanishi hamda turli xil javobgarliklarni kelib chiqishini oldini olishga xizmat qiladi.

Adliya vazirligi mas’ul xodimi
Sh. Valijonov

Skip to content