Umumiy qoida bo‘yicha ekspertiza ish uchun ahamiyatli holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi bo‘yicha bilimga ega shaxs o‘tkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda tayinlanadi.
Lekin amaliyotda ekspertiza o‘tkazish faqat maxsus bilimlar yordamida muayyan ob’ektni tekshirish zarurati bilan cheklanmaydi. Jumladan, ayblanuvchini rost ko‘rsatma berishga undash maqsadida unga ta’sir o‘tkazish uchun taktik maqsadlardan kelib chiqib tergovchi ekspertizaga murojaat qilishi ham o‘rinli.
Ishni tergov qilish va sudda ko‘rish jarayonida ekspertiza tayinlash va o‘tkazish imkoniyatlariga turli faktorlar ta’sir ko‘rsatadi. Ular ichida ob’ektiv va sub’ektiv faktorlarni ajratish mumkin. Sub’ektiv faktorlar qatoriga huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining kasb mahorati, sud ekspertiza haqidagi bilimlari va dalilning bu vositasiga munosabatlari, tergov va ekspert idoralari orasidagi hamkorlik kiradi.
Ob’ektiv faktorlar esa protsessning alohida bosqichlarida huquqiy faoliyat xususiyatlari, ushbu bosqichning vazifa va sharoitlari, sud ekspertizasining rivojlanish darajasi, hal etiladigan masalalar va ularni yechish imkoniyatlariga bog‘liq.
Ekspertizani tayinlash protsessual harakat bo‘lib, qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bu harakat faqat ekspertiza tayinlash haqida qaror yoki ajrim tuzish bilan cheklanmaydi. Tergovchi, prokuror, sud ekspertizasini tayinlash jarayonida ekspertiza o‘tkazishning muayyan sabablarini, ekspertiza predmetini, ob’ektini, ekspertiza bajarilishi kimga topshirilishini, uni o‘tkazish vaqti va joyini belgilaydi. Aytilganlardan tashqari bir qator tashkiliy masalalar ham yechilishi kerak.
Sud-tergov idoralarining amaliyotida ekspertiza o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik masalasini hal qilish dolzarbligicha qolmoqda. Ekspertiza tayinlanishi majburiy bo‘lgan holatlar doirasi cheklangan bo‘lib, ular faqat Jinoyat protsessual kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan. Boshqa vaziyatlarda ekspertiza tayinlash masalasini tergovchi, prokuror, sudning o‘zi mustaqil hal etadi. Ish uchun ahamiyatli holatlar turli dalillar orqali aniqlanishi mumkin. Shuning uchun daliliy faktlar boshqa tergov harakatlari yordamida ishonchli aniqlanganda ekspertizani “har ehtimolga qarshi” tayinlash noto‘g‘ri. Ammo bunday holatlar isbotlashning boshqa vositalari bilan puxta aniqlanmagan bo‘lsa yoki yangi holatlar faqat maxsus bilimlar yordamida aniqlanishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda sud ekspertizasi tayinlanishi shart va tergovchi(sud)ning ekspertiza o‘tkazishdan bosh tortishi protsessual qonunning jiddiy buzilishi deb baholanishi lozim.
Ekspert tadqiqotining samaradorligi ekspertiza predmeti va ob’ektini to‘g‘ri belgilash bilan bog‘liq. Ekspertiza predmeti fan, texnika, san’at va kasbning turli sohalariga taalluqli bo‘lishi mumkin. Lekin huquqiy masalalar bundan mustasno va ularni yechish tergovchi, prokuror, sudning maxsus vakolatiga kiradi.
Qonunda ekspertiza tayinlanishi mumkin bo‘lgan masalalar chegaralanmagan, ammo ekspertiza uslubiyoti, tadqiqot uchun qo‘llanadigan usullar, texnik vositalar va boshqa ma’lumotlar ishonchli, tekshirilgan va sinalgan bo‘lishi talab qilinadi. Shuning uchun ekspertizaning ilmiy asoslari shakllangan va u tegishli tartibda amaliyotga tadbiq etishga tavsiya qilingan bo‘lishi kerak.
Sud ekspertiza muassasalarini eng zamonaviy maxsus texnik vositalar bilan jihozlash va muntazam o‘tkaziladigan ilmiy izlanishlar natijalari maxsus ekspert bilimlarini qo‘llash doirasini kengaytirishga sharoit yaratdi. Jumladan, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida faqat so‘ngi bir necha yil ichida 10 dan ortiq yangi turdagi ekspertiza tadqiqotlari yaratilib, ular amaliyotda o‘z o‘rnini topdi.
Ekspertiza ob’ektlarining xususiyatlaridan kelib chiqib ularni olib qo‘yish, saqlash, ekspertizaga taqdim etish tartibi belgilanadi. Umumiy talabga binoan, ekspert ixtiyoriga tekshiriladigan ob’ekt unga hech qayday o‘zgartirish kiritilmasdan yuboriladi. Agar ob’ektning o‘lchami, hajmi yoki holati bunga imkon bermasa, ekspertga uni bevosita turgan (saqlanayotgan) joyida tekshirish uchun zarur sharoit yaratiladi. Ekspertizaning turi va hal etiladigan masaladan kelib chiqib, espertga tekshiriladigan ob’ekt bilan birga taqqoslash uchun namunalar ham yuboriladi.
Ekspertizani samarali o‘tkazishning shartlaridan biri ekspertga bevosita ekspertiza ob’ektidan tashqari uning predmetiga taalluqli boshqa materiallarni taqdim etish hisoblanadi. Bunday materiallarni tergov qilinayotgan hodisa va tekshiriladigan ob’ektning ushbu xodisaga aloqasi haqidagi ma’lumotlarga ega hamda ekspertga xulosa berish uchun zarur ma’lumotlarni o‘zida saqlagan ish materiallari va boshqa ma’lumotlar tashkil qiladi.
Ekspertiza tayinlash vaqti ish bo‘yicha vujudga kelgan vaziyat, taktik mulohazalar va tekshiriladigan ob’ektning xususiyatlaridan kelib chiqib, tergovchi, prokuror va sud tomonidan belgilanadi. Ekspertiza tayinlash uni o‘tkazish uchun zarur materiallar yig‘ilgan va ekspertiza ob’ektining holati tergov (sud)ni qiziqtirgan masalalarni yechishga imkon berganda amalga oshirilishi kerak. Har holda ekspertiza o‘tkazilishini dastlabki tergov yoki ishni sudda ko‘rishni oxiriga qoldirilishi noto‘g‘ri, chunki bu ishni tergov qilish va ko‘rish muddatining cho‘zilib ketishiga olib kelishi, tekshiriladigan ob’ektning o‘zgarib ketishi yoki zararlanishi oqibatida ekspertiza o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.
Shunday qilib, sud ekspertizasini tayinlash va o‘tkazish zarurati, imkoni va ularning turini belgilovchi quyidagi ob’ektiv faktorlarni ko‘rsatish mumkin:
- ish holatlarini aniqlash uchun maxsus bilimlar asosida o‘tkaziladigan tadqiqot zarurligi;
- tergovning taktik maqsadlari;
- protsessning muayyan bosqichining vazifalari;
- vaqt faktori;
- tekshiriladigan ob’ekt haqida ma’lumotlarning to‘liqligi;
- ekspert tadqiqot ob’ektining xususiyatlari.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Xorazm viloyati bo‘limi katta eksperti X.Z.Sapaev