Yo‘l transport hodisalarini oldini olish va kamaytirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi.

O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan yo‘l transport hodisalarining o‘ziga xos jihati unda piyodalar ishtirokining ko‘pligi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududida yiliga o‘rtacha 9˗10 ming yo‘l˗transport hodisalari sodir bo‘ladi. Ulardan ikki mingdan ortig‘ida insonlar halok bo‘lmoqda. 2018 yilning o‘zida O‘zbekistonda 2 ming 262 nafar kishi YTH qurboni bo‘lgan. 2019 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalarining qariyb yarmi 3565 piyodalar ishtirokida sodir bo‘lgan. Jami halok bo‘lganlarning ham qariyb yarmi 801 nafari piyodalarga to‘g‘ri keladi.

Kuzatuvchilar piyodalar o‘limining ko‘pligiga ular yo‘llarda himoyalanmagani, yo‘llarning piyodalardan ko‘ra ko‘proq mashinalar uchun qulay qilib qurilgani bilan izohlashadi.

Lekin ma’lum bir mamlakatlar bu sohada ko‘pgina islohotlar o‘tkazib, avtohalokatdagi piyodalar o‘limi holatlarini sezilarli kamaytirishga erishishgan. Masalan Angliyada yo‘llar O‘zbekistondagi kabi keng emas. Shunday bo‘lsa-da, bu yerdagi shaharlarda yo‘l o‘rtasiga o‘rnatilgan maxsus orolchani ko‘p uchratish mumkin. Bu mashinalar bir-birini oshib o‘tmasligi va piyodalar yo‘l o‘rtasida o‘zini xavfsiz sezishi uchun qilinadi.

Bunday orolchani piyodalar o‘tish yo‘lagida ham ko‘rishingiz mumkin. Britaniyada piyodalar o‘tish yo‘lagi O‘zbekistondagidan farq qiladi. Piyodalar o‘tish yo‘lagi o‘rtasidagi orolcha va ko‘p hollarda o‘tish yo‘lagining bo‘rtiq qurilgani mashinalar piyodalarga yo‘l berishini ta’minlaydi. Shahar ichida eng yuqori tezlik soatiga 48 kilometrni tashkil qiladi.

Koreya Respublikasida bolalarning avtohalokatdagi o‘lim holatlarini 1988–2012 yillar mobaynida 95 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish uchun Koreyada turli choralar ko‘rib borilgan. Maktablar yaqinidagi yo‘llar holatini yaxshilash, bolalar uchun maktab avtobuslarining xavfsiz qatnovini ta’minlash, bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha sifatli ta’lim berish, yo‘l harakati xavfsizligiga ixtisoslashgan fuqarolik guruhlarini qo‘llab-quvvatlash, tegishli qonunchilik bazasini mustahkamlash dasturlari shular jumlasidan.

Qonunchilikdagi islohotlar natijasida bolalarning nafaqat piyoda sifatidagi huquqlari, balki ularning harakatlanish huquqlari ham kengroq ishlab chiqilgan. Oddiy piyoda yurish konsepsiyasidan ko‘ra ko‘proq masalalarni o‘z ichiga qamrab oluvchi normativ hujjatlar qabul qilingan. Misol sifatida «Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun» (Road Traffic Act), «Yo‘l-transport hodisalarini bartaraf etishga oid maxsus ishlar to‘g‘risidagi qonun» (Act on Special Cases Concerning the Settlement of Traffic Accidents), «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun» (Traffic Safety Act), «Avtotransport vositalarini boshqarish to‘g‘risidagi qonun» (Motor Vehicle Management Act) kabilarni sanab o‘tish mumkin.

Bu qonunlarda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarda bolalar o‘rindiqlari o‘rnatilishi lozimligi, tezyurar avtomagistrallarda harakatlanish tartibi, maktab va bog‘cha avtobuslari va ularning haydovchilariga bo‘lgan talablar, bolalar va piyodalarga yo‘l-harakati xavfsizligi bo‘yicha bilim berish mexanizmlari, yo‘l infratuzilmalarining talablari va shunga o‘xshash tartiblar belgilab qo‘yilgan.

Avtohalokatlarni kamaytirish va oldini olish maqsadida hukumat 1995 yilda maktab zonasi dasturini joriy qilingan. 1997 yilda esa Koreyada ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari 10 milliondan oshganda huquqni muhofaza qilish organlari tezlikni oshirish yoki chorrahalarni noqonuniy kesib o‘tish natijasida kelib chiqqan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun avtomatik yo‘l harakati xavfsizligi kameralaridan foydalanishni boshlagan.

Bu dasturga asosan, «maktab zonasi» deganda bolalarni ta’lim muassasalariga borishda va undan qaytishda yo‘l harakati xavfsizligi vositalari o‘rnatiladigan va boshqariladigan joy tushuniladi. Koreyaning ushbu tizimi bolalar bog‘chalari, boshlang‘ich maktablar, maxsus maktablar va xususiy maktablar yoki 100 va undan ortiq bolalar foydalanadigan bolalar muassasalariga xavfsiz yo‘nalishlarni ta’minlash orqali bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan.

Maktab zonalarida avtomobil va boshqa turdagi transport vositalarning harakat tezligi maksimum 30 km/s etib belgilangan. Shu maqsadda yo‘l harakati xavfsizligi vositalari va belgilari ushbu ob’ektlarning asosiy darvozasidan 300 m radiusda yo‘lning ma’lum qismlariga o‘rnatiladi. Hozirgi kunda Koreyaning ko‘pgina katta va yangi qurilayotgan shaharlarida koreyalik olimlar va davlat xizmatchilari maktab zonalari tizimini yanada takomillashtirish va «Aqlli shahar» (Smart City) talablariga mos keladigan ravishda barpo etish ustida ish olib borishmoqda.

Koreyada bolalar orasida yo‘l-avtotransport xodisalari qurbonlarining kamayishi bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida gapirganda, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va samarali faoliyatini ham yodga olish juda muhim. Koreyadagi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilgan fuqarolik guruhlarini (shu jumladan, ko‘ngillilar tashkilotlari) faoliyat yuritadi.

Ushbu fuqarolik guruhlari transport bilan bog‘liq amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotlar bo‘yicha Koreya hukumatiga o‘z takliflarini bildirib borishadi. Bolalarning yo‘l harakati xavfsizligi masalalarini olib chiqish va yo‘l-transport hodisalarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘ngilli xizmat ko‘rsatish dasturlarida ishtirok etadilar.

Statistikaga ko‘ra, dunyodagi eng jiddiy qoidabuzarliklar tezlikni oshirish, mast holatda haydash, qizil chiroqdan o‘tish hisoblanadi. Bu huquqbuzarliklar uchun dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida eng katta jarimalar belgilangan. Belgilangan tezlikdan oshib ketish baxtsiz hodisalarning 40 foizigacha sabab bo‘ladi, natijada odamlar hayotdan ko‘z yumishadi. Harakatlanish tezligining avtohalokatlar soniga va ayniqsa avariya oqibatlarining og‘irligiga ta’siri turli mamlakatlarda bir necha bor o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tasdiqlangan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, belgilangan tezlikni oshirib yuborish, mast holda haydash, texnika xavfsizligiga rioya qilmaslik kabi beparvolik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar eng xavfli hisoblanadi..

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, respublikada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtotransport boshqarish va avtomobil harakati yo‘llarida piyodalar madaniyatini oshirish sohasi ham takomillashtirilyapti. 2018˗2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash Konsepsiyasi qabul qilindi. U normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirishni maqsad qilgan.

Xorij tajribasidan shuni aytish mumkinki, dunyoda ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 70 km/s ni tashkil etgan mamlakatlar ko‘p emas. MDHning qator davlatlari, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjonda aholi yashash punktlarida ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 60 km/s. Ukrainada 2019 yil 1 yanvaridan yo‘llarda o‘lim holatlari sonini kamaytirish choralaridan biri sifatida maksimal harakat tezligi 60 dan 50 km/s ga kamaytirildi. Yevropaning 29 ta mamlakatida harakatlanish tezligi 50 km/s, London shahrida 48 km/s ni tashkil etadi.

Tadqiqotlarga qaraganda, tezlikni oshirish avariya ehtimoli va uning og‘ir oqibatlari bilan bevosita bog‘liq. Misol uchun, harakat tezligining bir foizga oshishi natijasida yo‘l harakati ishtirokchilari o‘limi bilan tugaydigan YTH ehtimoli 4 foizga, jiddiy avariya ehtimoli 3 foizga ortadi. Mashina urib ketishi natijasida piyodalarning halok bo‘lishi ehtimoli ham keskin ortadi. (65 km/s tezlikda bunday natija ehtimoli 50 km/s tezlikdagiga qaraganda 4,5 barobar yuqori) 65 km/s tezlikda harakatlanganda yondan berilgan zarba natijasida haydovchi va yo‘lovchilarning halok bo‘lishi ehtimoli 85 foizni tashkil etadi.

O‘rtacha tezlikni atigi 5 foizga kamaytirish orqali o‘lim bilan yakun topadigan yo‘l˗transport hodisalarini deyarli 30 foizga kamaytirish mumkin. Boisi, tezlik qancha yuqori bo‘lsa, mashina to‘xtashi uchun shuncha katta masofa kerak bo‘ladi, bu esa yo‘l˗transport hodisasi ehtimolini oshiradi. Quruq yo‘lda 70 km/s tezlikda kelayotgan haydovchi, u yoki bu holatga javoban manyovr qilishi uchun 18-20 metr yo‘l bosib o‘tadi, mashinani butunlay to‘xtatish uchun esa u 47 metr yo‘l bosib o‘tishi talab etiladi.Tezlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar ham bor, ular – alkogol, yo‘l trassasi, harakat zichligi va ob-havo sharoitlari.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotida YTH oqibatidagi jarohatlar 5-29 yoshdagi bolalar va ayollarning o‘limiga asosiy sabab deb qayd etildi. Yo‘llarda halok bo‘layotganlarning yarmidan ko‘pi “yo‘llarning ojiz foydalanuvchilari”dir – piyodalar, velosipedchilar va motosiklchilar.

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha BMTning maxsus elchisi J.Todt fikricha, muammoning asosiy sabablaridan biri – yo‘llarda haydovchilar yo‘l qo‘yadigan elementar xatolar: harakat tezligini oshirish, xavfsizlik kamarini taqmaslik, mast holda avtoulov boshqarish, harakat vaqtida telefondan foydalanish. Bunday holatlarni tugatish va elementar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish yo‘l˗transport hodisalari sonini ikki baravar kamaytirish imkonini beradi.

Misol uchun, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kamarini taqish haydovchi va old o‘rindiqlarda o‘tirgan yo‘lovchilar o‘rtasida o‘lim ehtimolini 45-50 foizga va orqa o‘rindiqlarda ketayotgan yo‘lovchilarning o‘lish va og‘ir jarohat olish ehtimolini 25 foizga kamaytirar ekan. Bolalarni olib yurish uskunalaridan foydalanish esa o‘lim ehtimolini 60 foizga kamaytirishi mumkin.

Shuning uchun yo‘l harakati ishtirokchilarining, jumladan, YHQni buzish oqibatlari to‘g‘risida keng xabardor qilish orqali shaxsiy mas’uliyatni oshirish muhim.

Jan Todtning ta’kidlashicha, bunda kompleks yondashuv muhim. Milliy darajada mas’uliyat hukumatlarga yuklatiladi, chunki ularda qonunchilik bazasini o‘zgartirish uchun barcha vakolatlar mavjud, biroq jamoatchilik birlashmalari va yoshlarda ham gap ko‘p. Ular aholining turli qatlamlarini yo‘llarda xavfsizlik qoidalari va texnikasiga rioya qilishga targ‘ib qilishlari mumkin.

Yaponiyada politsiya tomonidan amalga oshiriladigan yo‘l-transport hodisalari tahlilidan farqli o‘laroq, professional darajada tahlil qiladigan Yo‘l-transport hodisalarini o‘rganish va ma’lumotlarni tahlil qilish instituti faoliyat yuritadi.

Institut makro va mikroma’lumotlar asosida ishlaydi. Makroma’lumotga asoslangan tahlil doirasida yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq inson, transport va yo‘l, atrof muhitga oid ma’lumotlar Milliy politsiya agentligidan olinib, chuqur tahlil qilinadi. Institut har yili ushbu ma’lumotlar asosida mamlakat bo‘ylab sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablarini ko‘rsatib, hisobotlarni chop etadi. Shu bilan birga, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida ta’lim jarayoniga alohida e’tibor qaratiladi. Bunga nafaqat politsiya idoralari, balki mahalliy hokimiyat, transportlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, mahalliy aholi va oliy ta’lim muassasalari keng jalb etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib yo‘l transport hodisalarini va bu natijasida o‘lim xolatlari oldin olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lgan bo‘lar edi:

  1. Shahar markazlarida yuqori tezlik soatiga 50 kilometrgacha va maktab zonalarida soatiga 30 kilometrgacha kamaytirish choralarini ko‘rish;
  2. Respublika bo‘yicha xar kuni sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalarini televidenie orqali keng ommaga namoyish qilib, ushbu hodisani sabablarini tahlil qilib yoritib borish orqali fuqarolarning ma’suliyatini oshirish;
  3. Yo‘l-transport hodisalarini professional darajada tahlil qiladigan Yo‘l-transport hodisalarini o‘rganish va ma’lumotlarni tahlil qilish instituti tashkil etish. Mavjud ma’lumotga asoslangan tahlil doirasida yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq inson, transport va yo‘l, atrof muhitga oid ma’lumotlar tegishli idoralardan olinib, chuqur tahlil qilish. Ushbu ma’lumotlar asosida mamlakat bo‘ylab sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablarini ko‘rsatib, hisobotlarni yuritish va yo‘l-transport hodisalarini oldini olishga doir chuqur ilmiy asoslangan chora tadbirlarni ishlab chiqish.

Yo‘l-transport hodisalari sababli ko‘pchilik oilalarga musibat olib kelayotgan baxtsiz hodisalarni oldini olish bo‘yicha yuqoridagi ishlar amalga oshirilganda katta muammolarga yechim topilgan bo‘lar edi.

 

          RSEMning Xorazm viloyati  

bo‘limi eksperti: U.Jumaniyozov

 

Skip to content