O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazi – fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish, jamoat tartibini xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarga maxsus bilimlarni qo‘llash yo‘li bilan ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.
Tarixiy sanalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1950-yil 30-dekabrda “Toshkent ilmiy-tadqiqot kriminalistika laboratoriyasi” tashkil etilgan va 1951-yil 1-iyun kunidan faoliyat yurita boshlagan. Dastlab laboratoriyada sud-xatshunoslik va texnik-kriminalistik ekspertizalarning alohida turlari – trasologik, daktiloskopik va sud ballistik ekspertizalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Laboratoriya tashkil etilgan kunlaridan boshlab, kadrlarni qayta tayyorlash va ekspertlik yo‘nalishida bilim va malakasini oshirish asosiy vazifasi etib belgilangan. 1951-yil SSSR Adliya vazirligi qoshidagi “kriminalist ekspertlarni qayta tayyorlash” kurslarida 10 dan ortiq ekspertlarni o‘qitish jarayonlari tashkil etilgan. Keyinchalik ekspertlar Xarkov, Kiev, Moskva kabi shaharlarning yetakchi kriminalistik tashkilotlarda o‘zlarining malaka va bilimlarini oshirib kelishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertlarining malakasini oshirish tizimini tashkil qilish to‘g‘risida”gi 206-son qarori negizida Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etildi.
Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazining asosiy vazifalaridan:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlarining so‘roviga asosan boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil qilish;
muntazam ravishda sud ekspertlarining nazariy va huquqiy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ishchanlik va kasbiy fazilatlarini takomillashtirish;
o‘quv jarayoniga huquqiy fanlar, sud ekspertizasi va ekspertlik amaliyotiga oid ilg‘or yutuqlarni o‘rganishni joriy qilish;
sud ekspertlik faoliyati bo‘yicha amaliy takliflar, tavsiyalar va qo‘llanmalarni ishlab chiqish kabi asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
O‘quv jarayonini tashkil etish O‘quv markazi hamda vazirliklar va idoralar tomonidan Sud ekspertlarining malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablariga javob beradigan o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirib borish vazirliklar va idoralarning buyurtmalariga binoan Sud ekspertizasi markazi tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida o‘quv jarayonlari tashkil qilinib, o‘quv jarayonlariga boy amaliy tajribaga ega professor – o‘qituvchilarni jalb qilinib kelinmoqda.
O‘quv kurslariga innovatsion o‘qitish uslublari va shakllarini keng joriy etish orqali davlat va nodavlat sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sifatini takomillashtirish hamda tinglovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida zamonaviy interfeysga, elektron shartnomalar va QR code bilan tasdiqlangan sertifikatlarni yuklab olishga va boshqa qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan mtsudex.uz onlayn platformasi joriy etilib, hozirda to‘liq modernizatsiya qilinib takomillashtirildi. Bugungi kunda barcha o‘quv mashg‘ulotlari ushbu platforma orqali amalga oshirib kelinmoqda.
O‘qitishni tashkil qilish uchun mo‘ljallangan platformada barcha zarur elementlar yaratilgan. Xususan, ma’ruza, video dars, test, topshiriq, so‘rovnoma, qayta aloqa va vebinar kabilar shular jumlasidandir. Sud va huquqni muxofoza qiluvchi organlar va mutassaddi tashkilotlar uchun sud ekspertiza faoliyatining dolzarb mavzulari bo‘yicha o‘quv seminarlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari muntazam ravishda markazning boy tajribali ekspertlari tomonidan o‘tqazilib kelinmoqda.
Soha faoliyatini rivojlantirish maqsadida 2020-yil 24-mart Vazirlar Mahkamasining 180-son “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislar bo‘lgan tashkilot hisoblanadi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqga ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi “Sud ekspertiza sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 706-son qarori qabul qilinib, qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda Sud ekspertiza sohasida dual ta’lim prinsipi asosida kadrlarni qayta tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
O‘quv markazi o‘z faoliyatini yuqorida qayd etilgan Qarorlarda belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirib kelinmoqda.
O‘quv markazida 2021-yilda jami 410 nafar, joriy yilning yakunlariga ko‘ra jami – 470 nafar sud ekspertlari (masofaviy shaklda) malakalarini oshirgan.
Shuningdek, O‘quv markazi tomonidan 2021-yilda 9 nafar, 2022-yilda 10 nafar nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlari qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘qitilgan.
Bundan tashqari 6 nafar Nodavlat sud ekspertlarining huquqiy hamda mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha (malaka oshirish kurslarida malaka oshirilishi ta’minlandi.
Xulosa qilib shuni takidlash joizki, yuqorida ko‘rsatilgan sud ekspertizasi masalalarini tartibga soluvchi qonunchilik normalarining qabul qilinganligi, sud ekspertlarini tayyorlash va malakasini oshirishni tashkillashtirishda mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishni ta’minlaydi, kadrlarning saloxiyati, bilimi va malakasini oshirish bilan qatorda malakali kadrlarning kelib chiqishiga zamin yaratib, sud ekspertizasining samaradorligini oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazi mudiri v.v.b
Kudratov Sanjar Marupovich
3-darajali yurist