Korrupsiyaga qarshi kurashish – davr talabi!

Barchamizga ma’lum, hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida tobora ko‘p qo‘llanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir.

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki poraxo‘rlik – hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan havfli jinoiy hodisalardan biridir.

Ma’lumki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.

Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. “Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir. Lekin faqat davlat xizmatchilari korruptsiya faoliyatining sub’ektlari hisoblanadi, chunki korrupsiya munosabatlari yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan qarorlar qabul qilish yoki harakatlar sodir etish uchun hokimiyat vakolatiga faqat ular ega bo‘ladi”.

Umuman olganda, korrupsiya hodisasiga so‘zning keng ma’nosida yondashadigan bo‘lsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holatidir. Shunday ekan, o‘ylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar.

Hozirda korruptsiya tushunchasini yoritishda bir qancha ta’riflar mavjud. BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasida korruptsiyaga eng qisqa, lekin keng qamrovli ta’rif quyidagicha berilgan: “Korrupsiya – bu shaxsiy naf ko‘rish maqsadida davlat hokimiyatini suiste’mol qilishdir”.

Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu jinoyatga “Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu korruptsiya va poraxo‘rlik, jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin.         Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishidir” deb bejiz ta’rif berilmagan.

Bugungi kunga kelib respublikamizda korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi. Bu illatning keng quloch yoyishi o‘ta salbiy oqibatlarga olib keladi. Korrupsiya xususan, demokratik jarayonlarning amalga oshishiga to‘sqinlik qiladi, iqtisodiy rivojlanishning sekinlashishi, kadrlar sifatining pasayishi va oqibatda barcha sohalarning oqsashiga, uyushgan jinoyatchilikning ildiz otishiga, hukumatga bo‘lgan ishonch yo‘qolishi va ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka sabab bo‘ladi. Binobarin, iqtisodiyotimizni yanada jadal yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish bevosita korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi bilan chambarchas bog‘liq. Bu maqsad yo‘lida barchamiz birlashishimiz, bir yoqadan bosh chiqarishimiz, hamjihat va hamfikr bo‘lishimiz, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosatini nafaqat qo‘llab-quvvatlashimiz, balki unda faol ishtirok etishimizni bugungi davrning o‘zi taqazo etayotganini unutmasligimiz shart va zarur.

 

RSEMning Qoraqalpog‘iston Respublikasi

bo‘limi ish yurituvchi kotibasi

A.A.Qoyshibaeva

Skip to content