O‘zbekiton Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomida Respublika sud ekspertizasi markazi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud avtotexnika ekspertizalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi bilan bir qatorda, huquqni muxofaza qiluvchi organlarning yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq sud ekspertizalariga oid muammoli masalalarini hal etishda ham sud avtotexnika ekspertizalari muhim o‘rin egallab kelmoqda. Shuningdek sud avtotexnika ekspertizasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan transport baholash ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish amaliyoti ham keng yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi vaqtda Markazning Andijon viloyat bo‘limida sud tergov organlari tomonidan transport baholash ekspertizasi bo‘yicha tayinlanayotgan qaror va ajrimlarni ijro etish bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6256-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan ham transport baholash ekspertizasi tadqiqotlari o‘tkazilib, mutaxassis fikrlari berib kelinmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan transport-baholash ekspertizasi bo‘yicha mutaxassis fikri tadqiqotlari uchun haq miqdorlari tadqiqotlarning turlari va murakkablik darajasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2021-yil 29-yanvardagi 36-um son buyrug‘i bilan tasdiqlangan tariflarga asosan to‘lovli tartibda amalga oshiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan transport-baholash ekspertizasi bo‘yicha mutaxassis fikrini olishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- Ekspertiza muassasasi rahbari nomiga ariza;
- Transport vositasining qayd etish guvoxnomasi;
- Ekspertiza to‘lovi pattasi;
- Baholanayotgan transport vositasi (kaliti va davlat raqami bilan)
Transport-baholash ekspertizasi tadqiqotlari ob’ektiga quyidagilar kiradi: murakkab buyum sifatida qaraladigan barcha rusumdagi avto-moto transport vositalari, avto-moto transport vositalarining agregatlari, birikmalari va ehtiyot qismlari, avtomobil ishlab chiqaruvchi yoki avtota’mirlash korxonalari vakillarining avtomobil va uning ehtiyot qismlarini sotuvchi shaxslar va tashkilotlar tomonidan beriladigan ma’lumotlar, transport vositalari va ularning qismlari narxi haqidagi tadqiqot o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar.
Avto-moto transport vositalarining rusumi, modeli, avto-moto transport vositalari va uskunalarni turi, avto-moto transport vositalari va uskunalarining ishlab chiqarilgan vaqti, avto-moto transport vositalari va uskunalarining yurgan masofalari yoki ishlatilgan vaqti va ularning umumiy texniq holati, avto-moto transport vositalari va uskunalarning to‘plami, birikmalar, agregatlar va ehtiyot qismlarning tegishliligi (agar buning uchun boshqa turdagi tadqiqot o‘tkazilishi talab etilmasa), avto-moto transport vositalariva uskunalarning shikastlanishi, nuqsonlari, nosozliklari, avto-moto transport vositalari va uskunalarning bahosi transport baholash ekspertizasi predmeti xisoblanadi.
Transport-baholash tadqiqotlari quyidagi masalalarni hal etishga qaratilgan:
- avto-moto transport vositalari va uskunalarning turini, rusumini, modelini, ishlab chiqarilgan vaqtini va texnikaviy ko‘rsatkichlarini texnik pasport yoki boshqa hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga to‘g‘ri kelishini tekshirish; (agar buning uchun boshqa turdagi tadqiqot talab etilmasa)
- avto-moto transport vositalarining texnikaviy holati va shikastlar mavjudligi haqida ma’lumotlarni tekshirish;
- avto-moto transport vositalari shikastlanish xarakterini va ularni bartaraf etish usullarini aniqlash;
- avto-moto transport vositasiga keltirilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash;
- avto-moto transport vositasini tiklash xarajatlari miqdorini aniqlash;
avto-moto transport vositalarining ehtiyot qismlari narxini aniqlash;
- taqdim etilgan avto-moto transport vositasining ishlab chiqarish va ta’mirlash sifatini aniqlash;
- taqdim etilgan avto-moto transport vositasini ta’mirlash bo‘yicha sarf-xarajatlar hisobotini amaldagi me’yoriy hujjatlarga mos kelishini tekshirish.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Andijon viloyat bo‘limi davlat sud eksperti: U.K.Razzaqov