Bugungi kundagi yong‘inlar yuzasidan o‘tkazilayotgan tadqiqotlar

Annotatsiya: Maqolada portlash, chaqnash va yong‘in kabi favqulodda xodisalar yuzasidan xodisaning bevosita kelib chiqishini texnik sabablarini  aniqlashda ekspertiza tadqiqotlarining mukammaliligiga erishish, zamonaviy uskunalarni qo‘llash masalalari ko‘rib chiqilgan.

Kalit so‘zlar: Portlash, yong‘in, ekspertiza, voqea joyi, tergov qilish,  uchuvchisiz uchish apparatlari, teplovizor, metallografik  mikroskop, rentgen, zamonaviy uskunalar.

Bugungi kunda sud ekspertizasi tadqiqotlarini innovatsiya ishlanmalari va zamonaviy yuqori sezgirli kiriminalistik uskunalarsiz  tasavvur etib bo‘lmaydi. Ma’lumki, innovatsiya – ma’lum bir faoliyat sohasida mavjud xolatdan ko‘ra optimalroq natijaga erishish maqsadida butunlay yangidan yaratilgan yoki modifikatsiyalangan metodlarning yig‘indisidir. Dunyoda  biznes, iqtisodiyot, ishlab chiqarishning shiddatli rivojlanib borayotgani sir emas. Shunday ekan, bugun sivilizatsiya taraqqiyotining cho‘qqiga chiqqan bir davrida yashar ekanmiz, bugungi kunda faoliyatimiz davomida ekspertiza tadqiqotlarini olib borishda xam zamondan ortda qolmagan xolda yangi metodlar va zamonaviy uskunalarda tadqiqotlar olib borilishi talab etiladi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasining Yong‘in texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi amaliyoti, turmushda elektr yoki gaz manbasida ishlaydigan uskuna va moslamalardan foydalanishda o‘rnatilgan talab va qoidalarga amal qilgan xolda ishlatish, xayotimizning farovon o‘tishing garovidir, ammo, aksariyat xolatlar ya’ni ularni o‘rnatilgan talab va qoidalarga amal qilmagan xolda ishlatish shunday favqulodda xolatlar olib keladiki, uning oqibatida vayronaga olib keladi. Bu, portlash, chaqnash va yong‘in xodisalaridir.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat protsessual kodeksining 173-moddasida (Ekspertiza tayinlash va o‘tkazishning shartligi) “Favqulodda hodisalarning texnikaviy sabablarini aniqlash zarur bo‘lganda ekspertiza tayinlash va o‘tkazish shart” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Yong‘in texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi amaliyoti, oxirgi vaqtlarda gaz bilan bog‘liq ko‘plab favqulodda xodisalar ro‘y berayotganligini ko‘rsatmoqda. Xonadonlar, uylar, bino, ishlab chiqarish korxonalari yoki dvigateli gaz yoqilg‘isi bilan yurishga mo‘ljallangan avtomobillardagi sodir bo‘layotgan gaz va xavo aralashmasining portlashi va yong‘inlar shular jumlasidandir.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasining amaliyotida favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish yuzasidan tayinlanadigan ekspertizalar kamchilikni tashkil etmaydi. Ushbu xodisalarni tergov qilish, sudda ko‘rish jarayonlarida muxandislik texnikaviy ekspertizalarini jumladan portlash-texnikaviy, yong‘in-texnikaviy ba’zi xollarda kompleks portlash va yong‘in texnikaviy ekspertizalari tayinlanadi. Bunda, voqea joyini (yongin ob’ektini) ko‘zdan kechirish protsessual xarakati, surishtiruv-tergov xarakatlari orasida muxim axamiyatga egadir. Shu sababli, uni o‘tkazayotgan shaxsdan professionallik, sinchikovlik, o‘tkir zehn talab etiladi. Ushbu harakatni o‘tkazishda surishtiruvchi, tergovchi bilan mutaxassis yoki ekspert ishtirok etishi maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Respublikasi JPK 136-moddasida; “Ko‘zdan kechirish tartibining umumiy qoidalari” ko‘rsatilgan.

Vokea joyini (ob’ektni) ko‘zdan kechirish bayonnomasida, o‘rganilayotgan xar bir ob’ektni, detalni professional darajada tasvirlab, uning qirralarini chikqarib berishi zarur. Shuningdek, bayonnomada yong‘in sodir bo‘lgan ob’ektni yongan qismlari, saqlanib qolgan qismlari, ko‘prok ta’sir olgan joylari to‘liq yoritilgan bo‘lishi zarur. Shuningdek, yong‘inning o‘chogi alomatlari, yonginning sababiga bog‘lik bo‘lishi mumkin bo‘lgan aniqlangan nosozliklar, belgilar bayonnomada yoritilib, shu qismlari fotorasmlarga, videolavhalarga olinishi zarur. Daliliy axamiyatli, laboratoriya sharoitida tekshirilish talabiga ega, yong‘in ob’ektidan topilgan ashyolar, ashyoviy dalil sifatida olinishi mumkin.

 

 

 

 

 

 

 

Portlash va yong‘in kabi xodisalar yuzasidan tayinlangan ekspertizlarini bajarishda ekspertning xodisa joyini ko‘zdan kechirishi jarayonida aniqlagan ma’lumotlari, xodisa joyidagi xodisadan keyingi qolgan izlar, alomatlar uning sababini aniqlashda katta axamiyat kasb etadi. Shu sababli xodisa joyini tadqiqot qilishda zamonaviy uskunalardan foydalanish albatta xodisaning sababi yuzasidan qat’iy ravishda xulosa qilishda samarali xizmat qiladi.

Sud yong‘in-texnikaviy ekspertizasini o‘tkazish jarayonida, ko‘pincha ekspert tomonidan, xodisa joyini o‘rganish, xodisa joyini tadqiqot qilishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, yongan va portlagan bino-inshoatlarni ko‘zdan kechirishda, bino-inshoatning qurilish konstruksiyalari draz ketishi, qulab tushishi yoki osilib qolishi xolatlari kuzatildadi. Bunday xolatlarda binoning ichiga kirib, voqea joyini ko‘zdan kechirish, kechiktirib bo‘lmaydigan ekspert tadqiqotlarini o‘tkazish ekspertning xayoti va sog‘ligi uchun xavf tug‘diradi.  Ammo xozirgi zamon ilm-fan texnologiyaning bunday xolatlarda, bino ichiga kirmay turib, xodisa joyini, yong‘in o‘chog‘ini, portlash joyi, epitsentrini fotosuratlarga, videotasvirlarga olish imkoniyati mavjud. Jumladan,   “Uchuvchisiz uchish apparati va video kuzatuv moslamalaridan foydalangan xolda favqulodda vaziyatlarda ekspertlar xavfsizligini ta’minlash, voqea joyini ko‘zdan kechirish, onlayn usulda aerofoto-video tasvirga olish ekspertiza tadqiqotlari amaliyotiga ilk bor qo‘llanib kelmoqda. Bugunga qadar asosan, uchuvchisiz uchish apparatlari faqatgina xarbiy soxalarda qo‘llanilib kelgan. Shuningdek, portlash va yong‘in kabi xodisalar yuz bergan joyda, ekspertlar xodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida “teplovizor” moslamasidan foydalanishi muxim axamiyatga ega. Jumladan, teplovizor orqali issiqlikni o‘ziga qabul qiladigan konstruksiyalardagi xaroratni aniqlash orqali juda muxim axborotni qo‘lga kiritish mumkin.

Teplovizor – bu kunning istalgan vaqtida atrofdagi ob’ektlarning issiqlik (infraqizil) nurlanishini ko‘rish, sirtning istalgan nuqtasida haroratni 0,1 ° C va undan yuqori aniqlik bilan o‘lchash imkonini beruvchi o‘lchash moslamasi. Teplovizorning asosiy maqsadi tirik va jonsiz tabiat ob’ektlarining haroratini kontaktsiz o‘lchash, asbob-uskunalar va elektr jihozlaridagi nosozliklarni aniqlashdir. Termal tasvir kameralari harorat farqlari asosida aniq termal tasvirlarni yaratadi va oddiy ko‘rinishdagi kameralarning murakkab algoritmlari bu tasvirlardan harorat qiymatlarini o‘qiydi. Eng issiq joylar qizil, sariq va to‘q sariq rangga, eng sovuq joylar esa ko‘k va qora rangga bo‘yalganligini ko‘rsatadi.

 Ushbu moslama orqali portlash va yong‘in sodir bo‘lgan joylarda ularning markazini, epitsentrini aniqlashda konstruksiyalardagi xaroratni o‘rganish orqali juda katta axamiyat kasb etadi.  Shuningdek, elektr tarmoqlarida sodir bo‘lgan avariya xolatlar natijasida tarmoqdagi qiziyotgan joylarini o‘rganib, nosozlik joyini aniqlash mumkin.

Ekspertiza xulosalarini tuzishda mikroskopik tadiqiqotlarni o‘tkazish xam aloxida muxim axamiyatga ega.  Xodisa joyidan topilgan ashyoviy dalillarni vizual tadqiqot jarayonida ko‘z ilg‘amaydigan alomatlar, belgilar uchrab turadi. Ayniqsa, yong‘in joyidan topilgan ya’ni termik ta’sirga uchragan ashyolarning tadqiqotida mikroskopik tadqiqotlar aniq xulosaga kelishga imkon yaratadi.  Jumladan, ob’ektlarni «Axiotech» Caurl Zess» rusumli metallografik  mikroskop yordamida 50-x, 100-x, 1000 marotabagacha kattalikda  tadqiqot qilish, undagi alomatlar, belgilarni  o‘rganish imkoniyatini beradi. Mikroskopik tadqiqot o‘tkazish jarayonida, ob’ektlarda aniqlangan belgilarni, alomatlarni fotosuratlarga olish va ularni taxlil qilish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, sud ekspertiza va kriminalistika soxasida Rentgen uskunalaridan foydalanish muxim axamiyatga ega. Rentgen tadqiqotlarning asosiy afzalliklaridan biri, ob’ektning butunligicha tadqiqot qilish, ya’ni butunligini saqlab qolishdir.

Bino, inshoot, uy, transport, qurilma va xakozo elektr tarmoqlariga elektr energiyasini uzatish, uni tarmoqlantirish o‘tkazgichlar orqali amalga oshirishi sir emas. Ularning normal ish xolatda ishlashi uchun, o‘tkazgichlarning sifatiga va ekspluatatsiya qilinishiga bog‘liq bo‘lib, xar ikki xolatning biri noto‘g‘ri bo‘lganda, tarmoqdagi energiyaning portlashi, yonishi kabi avariya xolatlarga olib kelishi mumkin.  Aksariyat xolatlarda elektr tarmog‘idagi avariya xolatlar qisqa tutashuv xodisasi bilan kechadi. Rentgen tadqiqotlarini kriminalistika ekspertizalari tadqiqotlarida qo‘llash bilan bir qatorda, yong‘in texnikaviy, elektrotexnikaviy ob’ektlarni tadqiqot qilishda qo‘llash mumkin. Yong‘in sodir bo‘lgan joydan olingan elektr o‘tkazgichlarida qisqa tutashuv alomatlarini va ularning yong‘indan oldin yoki yong‘in vaqtida sodir bo‘lganligini aniqlashda, Empyrean” rusumli (PANalytical Netherlands) Rentgen uskunasidan foydalanish juda qisqa va yuqori aniqlikda natijalar olishga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu orqali, yong‘inni kelib chiqishiga o‘tkazgichdagi qisqa tutashuvni aloqasi bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlash imkoniyatini beradi.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida ko‘rsatilgan zamonaviy, yuqori sezgirli, yuqori aniqliklarga ega kriminalistik uskunalarda o‘tkazilgan ekspertiza tadqiqotlari asosida tuzilgan xulosalar, odil sud va qonun ustivorligini  ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shadi.

 

 Foydalanilgan manbaalar:     

  1. Y.K.Rustemov. Kompleksnaya metodika po issledovaniyu mednыx i alyuminevыx provodov mikroskopicheskimi metodami. RSSE. Tashkent., 2011.
  2. https://www.pergam.ru/articles/teplovizor.htm.
  3. https://ru.wikipedia.org.

4. “Empyrean” rusumli (PANalytical Netherlands) Rentgen uskunasini elektrotexnik ob’ektlar tadqiqotida qo‘llash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma Toshkent., RSEM 2021.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi
Adliya Vazirligi xuzuridagi
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi,
YoTE laboratoriyasi mudiri, 3-darajali adliya maslaxatchisi
Rustemov Yakubjan Kiyamovich

Skip to content