X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi faoliyati takomillashishda davom etmoqda!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-noyabr kuni
“Sud-ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-xuquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 705-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan sud ekspertlarining faoliyatini reyting tizimida baholab borish to‘g‘risida namunaviy nizom va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida nizomlar tasdiqlandi.

Sud ekspertlarining faoliyatini reyting tizimida baholab borish to‘g‘risida namunaviy nizom davlat sud-ekspertiza muassasasi va nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekspertlarining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, o‘tkazilgan sud ekspertizalarining sifati va boshqa mezonlarga asosan reyting tizimida baholash tartibini belgilaydi.

Faoliyat ko‘rsatib kelayotgan sud ekspertlarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish, sud-ekspertlik sohasidagi innovatsion texnologiyalarni keng ommalashtirish, sud-ekspertiza faoliyatida sog‘lom raqobat muhitini yaratish reyting tizimida baholashning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Sud ekspertlari faoliyatini baholash qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik va shaffoflik prinsiplariga asoslanadi.

Bunda berilgan sud-ekspertiza xulosalarining muddatida va sifatli bajarganligi, bajarilgan sud ekspertizalarining hajmi, sud ekspertining mehnat va ijro intizomiga rioya qilishi, ilmiy loyihalarda ishtirok etishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi (falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun izlanishlari), yangi sud-ekspertiza turlarini joriy qilishi, yangi metodikalarni ishlab chiqishi, mavjud metodikalarni takomillashtirish, amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlari, faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bergan asosli takliflari inobatga olinadi.

Sud ekspertining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, o‘tkazilgan sud ekspertizalarining sifati va boshqa mezonlarga asosan baholash qoida tariqasida bir yilda bir marotaba amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida nizom asosida Jamg‘arma mablag‘lari «E-ekspertiza» elektron axborot tizimini joriy etish, texnik qo‘llab-quvvatlash va undan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari bilan davlat-xususiy sheriklik asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga subsidiyalar ajratish, sud-ekspertiza sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga ko‘maklashish, sud ekspertizasining yangi turlari va tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratish, sud ekspertlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, sud-ekspertlik faoliyatiga ilg‘or fan va texnika yutuqlarini joriy etish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Sulaymonova nomidagi

Respublika sud ekspertiza markazi

bosh yuriskonsulti B. Maxsadov

Skip to content