Bugun Adliya vazirligi binosida Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud–ekspertiza markazining Sud–ekspertlik ilmiy–tadqiqot instituti Idoralararo ilmiy–uslubiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Kengash a’zolari – vazirlik, idora va tashkilotlarning xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2022 yilning o‘tgan davri davomida Kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar, Kengash ish rejasida belgilangan topshiriqlarning ijro holati tahlil qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilindi.
Jumladan, yig‘ilishda Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti va Adliya vazirligi xodimlari hamda soha mutaxassislari ishtirokida tayyorlangan Zamonaviy sud-ekspertizaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha elektron amaliy qo‘llanma loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ro‘yxat asosida shakllantirilgan, turli vazirlik va idoralar tizimidagi sud-ekspertiza muassasalari tomonidan foydalanib kelinayotgan 120 nomdagi sud-ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uslubiyotlari ko‘rib chiqilib, 2022 yilning yakuniga qadar ularni zamon talablari asosida yangilash hamda tizimlashtirish bo‘yicha kelishib olindi.
Uslubiyotlarning tizimlashtirilishi, o‘z navbatida, turli sud ekspertiza muassasalari tomonidan foydalanib kelinayotgan bir ekspertiza turi bo‘yicha uslubiyotlardagi turli xil yondashuvlarni bartaraf etish hamda bugungi zamon talablariga muvofiq bo‘lgan yangi uslubiyotlar ishlab chiqilishiga olib keladi.
Shu bilan birga, yig‘ilish davomida Institut xodimlari tomonidan tayyorlangan sud-ekspertiza sohasidagi uslubiy tavsiyalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zolari tomonidan mazkur loyihalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan Kengash kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi