Nodavlat sud ekspertiza tashkilotida afillangan shaxslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4125-son “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2020 yil 24 martdagi Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq hukumat tomonidan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.

Unda nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etilishi, hamda fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan va shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislar bo‘lgan tashkilot hisoblanadi deb belgilab qo‘yilgan.

Sud ekspertlari, tabiiyki, ekspertiza tadqiqotlarini olib borishda bir qator asosiy prinsiplarga tayanadi. Bular – qonuniylik, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi, sud ekspertining mustaqilligi, tekshirishlarning xolisligi, har tomonlama va to‘liqligidir.

Faqat sud eksperti bunday tashkilot rahbari bo‘lishi mumkin, uning shtati malakaviy ko‘nikmalarini va ixtisoslik doirasidagi malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikatiga ega bo‘lgan mutaxassislardan shakllantiriladi.

Ushbu hujjat X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, IIV Akademiyasi, Fanlar akademiyasi botanika va zoologiya institutlari yoki Badiiy akademiyada qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha maxsus kurslardan o‘tilganidan keyin beriladi. Sertifikat egalarining barchasi Adliya vazirligining rasmiy saytida joylashtiriladigan yagona reestrga kiritiladi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda, takroriy sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan adliya vaziriga X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha narxlarni mustaqil ravishda belgilash huquqi berildi.

Shu bilan birga, sud-ekspertiza tashkilotlari 2022 yil 1 yanvarga qadar chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, reaktivlar va sarflash materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.

Ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini o‘tkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash
sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.

Sud-ekspertizasi o‘tkazish uchun tushgan ish bo‘yicha tomonlarning birortasiga nisbatan affillangan shaxs bo‘lgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining sud ekspertiga bu ish bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazish taqiqlanadi.

Shu o‘rinda afillangan shaxs tushunchasiga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.

Afillangan shaxslar deganda, yuridik ahamiyatga ega harakatlar vositasida yoxud biror-bir fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida bir-birining faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.

Afillik – bu oddiy so‘zlar bilan nima?

Affillangan shaxslar – bu ularning maqomi bo‘yicha tashkilotdagi yoki yakka tartibdagi tadbirkorning boshqaruv qarorlariga ta’sir ko‘rsatadigan barcha shaxslar. Ta’sir qilish, korxonani rivojlantirish strategiyasini nazorat qilish, qo‘shilish va sotib olish, yirik bitimlar (sotib olish yoki sotish), boshqaruv tuzilishi va boshqalar to‘g‘risida qaror qabul qilishni anglatadi.

“Affiliatsiya” atamasi inglizcha “filial” – “filial”,”sherik”, “sheriklik” so‘zlaridan kelib chiqqan.

Afillangan yuridik shaxslarga quyidagilar kiradi:

  • direktorlar kengashi (kuzatuv kengashi) yoki boshqa kollegial boshqaruv organi, kollegial ijroiya organining a’zosi, shuningdek o‘zining yagona ijroiya organi vakolatlarini amalga oshiruvchi shaxs;
  • ushbu yuridik shaxs tegishli bo‘lgan shaxslar guruhiga mansub shaxslar;
  • ovoz beruvchi aksiyalarga yoki ushbu yuridik shaxsning ustav yoki aksiyadorlik kapitaliga kiritilgan ulushlarga tegishli bo‘lgan ovozlarning umumiy sonining 20 foizidan ko‘prog‘ini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar;

Afillangan jismoniy shaxslar :

  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxsning (yakka tartibdagi tadbirkorning) filiallari:
  • ushbu shaxs tegishli bo‘lgan shaxslar guruhiga mansub shaxslar;
  • ushbu shaxs umumiy sonining 20 foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxs.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida ish bo‘yicha ishtirok etayotgan tomonlarning affillangan shaxsi deb quyidagilar tan olinadi:

  • nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining mulkdori, muassisi, kuzatuv kengashi, ijro organi a’zosi, kreditori, sug‘urtalovchisi;
  • ustav jamg‘armasi (ustav kapitali)da nodavlat sud-ekspertiza tashkilotning yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertining ulushi bo‘lgan yuridik shaxs;
  • mazkur moddada ko‘rsatilgan shaxslar bilan yaqin qarindosh bo‘lgan shaxslar.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasida sud ekspertiza sohasining tubdan takomillashishiga va yangi sud ekspertiza davrining boshlanishiga asos bo‘ladi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan aloqalar
bo‘limi mutaxassisi F.Kayumova

 

Skip to content