Kunlardan bir kun London ko‘chalaridan birida izvosh burilayotib, berigi ko‘chadan o‘tayotgan kampirni bosib ketdi. Shu voqeadan so‘ng shahar ma’muriyati yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash choralarini izlay boshladi. Va nihoyat 1868 yilda muhandis J.Nayt tomonidan tasmalar yordamida ishlaydigan birinchi svetoforsimon qurilma (semafor) o‘ylab topildi. Keyinchalik u qizil va yashil chiroqlar bilan ta’minlandi. Hozirgiga o‘xshagan birinchi elektr avtomat svetoforlar 1914 yilda AQShda paydo bo‘ldi. Sobiq ittifoq hududida svetoforlar 1924 yildan qo‘llanila boshladi.
Yo‘llarda harakatlanishni tartibga solishga ancha ilgaridan harakat qilishgan. Masalan, Rossiyada Petr 1 1683 yilda bu haqda maxsus farmon chiqargan. Ot-aravalar va izvoshlar o‘rnini avtomobillar va boshqa transport vositalari egallay borgan sari “Qoidalar” ham takomillashib bordi. 1968 yilda BMT konferensiyasida (Vena) “Yo‘llarda harakatlanish haqidagi konvensiya” va “Yo‘l belgilari va signallari haqidagi konvensiya” qabul qilindi.
BMTning rasmiy axborotlariga ko‘ra, avtomobillar bilan yuz berayotgan halokatlarda jahonda har yili 1,0 mln.dan ortiq odam nobud bo‘lmoqda, 3,0 mln.dan ortiq kishiga turli darajada tan jarohatlari yetkazilmoqda. Xuddi shuningdek, avtohalokatlardan ko‘rilayotgan moddiy zarar miqdori ham salmoqli, birgina Rossiya Federatsiyasi hududida sodir bo‘layotgan avtohalokatlarda mamlakat yalpi milliy daromadining 2,0 foizi darajasida zarar ko‘rilmoqda.
Keyingi yuz yilda avtomobilsozlik keng rivojlandi, bir tomondan odamlarga mislsiz qulayliklar yaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning salbiy oqibatlari ko‘zga tashlanib qoldi, o‘tgan asrning 50-60 yillaridan boshlab birinchilar bo‘lib bu haqda mutaxassislar bong ura boshladilar. Ayniqsa, amerikalik huquqshunos R.Nayderning 1965 yil “har qanday tezlikda ham xavfli” nomli kitobining nashr etilishi harakat xavfsizligi mavzusiga keng jamoatchilik e’tiborini qaratdi. Agar, jahon avtomobil industriyasining boshlanishi 1910 yillar deb hisoblansa, o‘shandan beri o‘tgan davrda avtomobillar soni 300 martaga, yo‘l-transport hodisalari 150 martaga oshdi.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, avtohalokatlarning sodir bo‘lishi qay darajada tabiiy va qanchalik tasodifiy xarakterga ega ? Shunchalik katta yo‘qotishlar tasodifmi yoki ularning oldini olish mumkinmi ? Avtohalokatlarning yuz berish sabablari nima ? Ularning ildizlari qaerda ?
Avtomobil o‘z fe’l-atvoriga ko‘ra harakatdagi ob’ekt hisoblanib, yo‘l-transport hodisasi haydovchi-avtomobil-yo‘l tizimidagi nomuvofiqlik natijasi hisoblanadi. Avtohalokatlarning sodir bo‘lishining bir qator sabablari aniqlangan, jumladan, transport vositasining nomukammal texnik xususiyatlari va nosoz texnik holati, yo‘l sharoitlari va yo‘l jihozlarining xavfsizlik talablariga mos kelmasligi, boshqa transport vositalari yoki piyodalarning “Yo‘l harakati qoidalari”ga zid harakatlari va h.k. Ularning ichida eng asosiy hisoblangan “Inson omili” bilan bog‘liq hodisalar jami avtohalokatlarning 60,0 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Ushbu mavzuda transport vositalari harakat tezligining harakat xavfsizligini ta’minlashda qay darajada ahamiyatliligi to‘g‘risida mulohaza yuritamiz.
Avtomobil transportida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining sabablaridan biri haydovchilarning yo‘l sharoitiga mos tezlik tanlay olmasligi hisoblanadi. Yo‘l vaziyatiga muvofiq bo‘lmagan tezlik bilan harakatlanayotgan holatda haydovchida hodisani oldini olish imkoniyatlari keskin kamayadi. Mutaxassilarning fikricha, sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining 34,0 foizidan ortig‘i transport vositalarini ruxsat etilgandan yuqori tezlikda boshqarish natijasidir. Avtomobilni boshqarishda xavfsiz tezlikni tanlay olish qobiliyati haydovchining yuqori malakasi va saviyasi alomatidir. Mehnat unumdorligi nuqtai nazaridan qaralganda, transport vositasining harakat tezligi yuqori bo‘lishi zarur, albatta, xavf tug‘ilganda uni to‘xtatib qolish yoki manevr qilish bilan xavfni bartaraf etish uchun yo‘l sharoitini – yo‘lning profili va qatnov qismining holatini e’tiborga olgan holda. Haydovchi, odatda, avtomobilni boshqarib borar ekan, harakat rejimini ikki kriteriy (mezon) orqali, ya’ni vaqtni iloji boricha kam sarflash va xavfsizlikni maksimal darajada ta’minlash maqsadlari orqali amalga oshiradi. Ushbu mezonlar o‘zaro ziddiyatli bo‘lib, harakat tezligining oshishi yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarishi mumkin. Hodisani oldini olish imkoniyatlari hamda uning oqibatlari ham transport vositasining tezligiga bog‘liq.
Avtomobilning harakat tezligi uning xavfsiz harakatlanishi uchun ahamiyatli ko‘rsatkichlardan hisoblanadi, chunki, harakatdagi avtomobilning kinetik energiyasi tezlikning kvadratiga proporsional ravishda oshib boradi. Soddaroq qilib aytganda, transport vositasi harakat tezligining ikki barobarga oshishi kinetik energiyasining to‘rt martaga ortishiga olib keladi, bu degani, xavf tug‘ilgan holatda transport vositasini tormozlash bilan to‘xtatish qo‘shimcha murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Harakat tezligining oshishi bilan transport vositasining vaqt birligida bosib o‘tadigan yo‘li uzayib boradi, shuning bilan birga, vujudga kelgan xavfni oldini olish uchun haydovchining imkoniyatidagi vaqt miqdori kamayadi. Harakat tezligini pasaytirish, amalda, harakat xavfsizligini ta’minlash borasida asosiy, keng qo‘llaniladigan usullardan biri hisoblanadi. Harakat tezligini xavfsiz darajagacha pasaytirish “Yo‘l harakati qoidalari”da ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, transport vositasi harakati tezligini keng ko‘lamda cheklash “Yo‘l harakati qoidalari”ning 78- (“Aholi yashaydigan joylarda transport vositalari tezligini soatiga 70 kilometrdan, turar joy dahalarida 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”) va 79- (“Aholi yashaydigan joylardan tashqarida yengil avtomobillarga va ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi” va h.k.) bandlari bilan meyorlangan va mamlakatimizning barcha yo‘l tarmoqlariga tegishli. Aholi yashash punkti hududidagi yo‘llarda harakat tezligi turli mamlakatlarda turlicha meyorlangan. Jumladan, aholi yashash punktidagi maksimal harakat tezligi Buyuk Britaniyada 48 km/soat, Shveysariya, Polsha, Norvegiya, Portugaliya, Ruminiya, Ispaniya, Avstriya, Niderlandiya , Islandiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Germaniya, Finlyandiya , Fransiya, Gresiya va Shvesiyada 50 km/soat, Andorrada 40 km/soat, Lyuksemburg, Chexiya va Yugoslaviyada 60,0 km/soat miqdorida belgilangan. Qoidalarning talablari bilan harakat tezligi maxsus tarzda ayrim transport vositalari turlari uchun yoki ayrim tashish turlariga nisbatan ham cheklanishi mumkin. Bulardan tashqari, yo‘lning ayrim qismlarida harakat tezligi 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan” yoki 5.22 “Aholi yashaydigan joyning boshlanishi” belgilari bilan xam meyorlanadi. Transport vositalari tezligini yuqorida qayd qilingan usullar bilan chegaralash harakat xavfsizligi uchun kafolat bo‘lolmaydi, ular konkret yo‘l vaziyatini hisobga olishga qodir emas. Shuning uchun haydovchi xavfsizlikni ta’minlash uchun, yo‘l belgilari ko‘rsatmalari doirasida, mustaqil ravishda optimal tezlikni tanlay olishi zarur.
Transport oqimining zichligi (intensivligi) harakat tezligiga ta’sir etuvchi asosiy faktorlardan hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich vaqt birligida yo‘l kesimidan o‘tayotgan transport vositalari soni bilan ifodalanadi. Xuddi shuningdek, piyodalar harakati ham harakat sharoitlarini keltirib chiqaruvchi omillardan biridir. Ayniqsa, aholi yashash punktlarining markaziy ko‘chalaridagi piyodalar harakati xavfsiz tezlik tanlashga ta’sir qiladi. Yo‘lning o‘lchamlari, relefi, yo‘l qoplamasining holati, yo‘l belgilari, yo‘l yuzasida belgilangan chiziqlar, boshqaruv texnik vositalarining mavjudligi ham transport vositalari harakati tezligini tanlashda e’tiborga olinadi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Sirdaryo viloyat bo‘limiga taqdim etilgan yo‘l-transport hodisalari materiallarining tahlili, haydovchilar ayrim hollarda avtomobillarni ruxsat etilgandan yuqori tezlikda boshqarishga yo‘l qo‘yganligini, natijada avtohalokatlar sodir bo‘lganligini ko‘rsatadi. Masalan, M-34 yo‘lining 74-kilometrida harakatlanib borayotgan, NEXIA rusumli avtomobil yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalarni urib yuborgan. Voqea joyida yo‘l yuzasida NEXIA avtomobili g‘ildiraklaridan tormoz izlari qolgan bo‘lib, ushbu tormoz izlariga avtomobilning 106,8 km/s harakat tezligi to‘g‘ri keladi. Vaholanki, M-34 yo‘lining ushbu qismi aholi yashash punkti hududidan o‘tgan, harakat tezligi 70,0 km/soatgacha ruxsat etilgan. Olib borilgan tadqiqotlar, NEXIA avtomobili ruxsat etilgan tezlikda harakatlangan bo‘lganda, haydovchi boshqaruvidagi avtomobilni o‘z vaqtida tormozlash bilan to‘xtatib hodisani oldini olishi mumkin bo‘lganligini ko‘rsatdi. Transport vositasini ruxsat etilgandan yuqori tezlikda boshqarish holatlari boshqa hududlarda ham uchrab turibdi.
Yuqoridagi kabi holatlarning tahlili, transport vositalari haydovchilari har doim ham “Yo‘l harakati qoidalari”ga rioya etmasligi, undan tashqari, yo‘lning relefi va holati, obi-havo sharoitlari, transport vositasining texnik xususiyatlarini hisobga olib tezlik tanlashga e’tibor bermasliklarini ko‘rsatadi. Mamlakatimizda joriy qilingan qonunlarda ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun ma’muriy jazo choralari belgilangan, ular eng kam oylik ish xaqining bir barobaridan bir necha barobariga teng. Ha, bizda jazolar bir so‘z bilan aytganda, o‘ta yumshoq. Rivojlangan Yevropa mamlakatlarida, ya’ni inson huquqlari va demokratiya tamoyillari andozasi hisoblangan yurtlarda “Yo‘l harakati qoidalari”ga amal qilmagan haydovchilarga ancha keskin choralar qo‘llaniladi. Jumladan, Fransiyada belgilangan tezlikdan soatiga 50 km. tezroq harakatlansa bas, haydovchi haydovchilik huquqidan mahrum etiladi. Agar, qoidabuzarlik takrorlansa, katta miqdordagi jarima bilan birgalikda 2 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi. Tezlikka rioya etmaganlarni aniqlash uchun mamlakat yo‘llari bo‘ylab avtomatik tarzda ishlaydigan radarlar o‘rnatilgan. Ularda qayd etilgan qoidabuzarliklar maxsus markazda jamlanadi va bir hafta ichida tezlikni oshirgan haydovchilarga nisbatan jazo belgilanadi.
Yo‘llarda transport vositalari oqimining kuchayishi bizni yanada ehtiyotkorroq, hushyorroq bo‘lishimizni talab qiladi. Mutaxassislarning fikricha, yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘layotgan qoidabuzarliklarning oldini olishning eng ta’sirchan yo‘li – bu qoidabuzarlar uchun qo‘llaniladigan jazoni kuchaytirish ekanligini xorijiy mamlakatlar tajribasida ko‘rishimiz mumkin. Bizda ham bunday usullarni qo‘llash vaqti kelmadimikin ? O‘shanda biz ham yo‘l-transport hodisalarining kamayishiga erishgan bo‘larmidik.
Ushbu mavzuni yo‘l harakati qoidalariga amal qiling, molingizni va joningizni asrang, “Yo‘l qoidasi – umr foydasi” deb yakunlab qolamiz.
X.Sulaymonova nomidagi RSEM Sirdaryo viloyat bo‘lmining yetakchi eksperti
O. No‘monov