SUD-TUPROQSHUNOSLIK EKSPERTIZASINI TAYINLASH VA O‘TKAZISH UCHUN MATERIALLAR TAYYORLASH

Screenshot 2024 11 20 123555 Har xil buyumlar poyafzal, kiyim, transport vositalari qismlari va hokazolardagi tuproq qatlamlari qotillik, talonchilik, tan jarohati yetkazish,  zo‘rlab nomusga tegish, yo‘l-transport hodisasi singari jinoiy ishlarni tekshirishda ko‘p uchraydigan daliliy ashyolar jumlasidandir.

Tuproq qatlamlari qonunbuzarlar har xil to‘siqlardan o‘tganda, yerda harakat qilganda va muayyan joylarda bo‘lganida ust-kiyim, poyafzal, jinoyat sodir qilish qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlarida, transport vositalarining qismlarida qoladi.

Tuproq qatlamlari ekspertizasining isbotiy ahamiyati shundan iboratki, kriminalistik tadqiqot natijalari asosida kishining yoki buyumning, atrof-muhitning muayyan qismida bo‘lganligi faktini aniqlash mumkin.

Sud-tuproqshunoslik ekspertizasi tayinlanganda, ekspert oldiga quyidagi savollarni qo‘yish maqsadga muvofiq:

– Ob’ektlarda birorta begona qatlamlar bormi, agar bo‘lsa ular tuproq emasmi?

– Ob’ektlardagi tuproq moddalari va voqea sodir bo‘lgan yerdan olingan tuproq namunalari umumiy turkumiy va guruhiy taalluqlikka egami?

– Ob’ektlardagi tuproq joyning muayyan qismiga taalluqlimi (yerning ma’lum qismi, uning o‘lchamlari va chegarasi belgilab beriladi)?

Tuproqning yoki  uning  kimyoviy  tarkibining “o‘xshashligi”,  “bir xilligi”  yoki  “aynanligi”  aniqlashga oid savollar qo‘yish tavsiya etilmaydi, chunki bu sud-tuproqshunoslik ekspertieasining vazifalarini to‘la hal etmaydi.

Ekspertiza tayinlashda shuni nazarda tutish kerakki, faqat ekspertlar ihtiyoriga 25 mg dan kam bo‘lmagan tekshirilayotgan modda taqdim etil-gandagina ular ob’ektlarda tuproq qatlamlari bor yoki yo‘qligini aniqlay olishlari mumkin.

Turkumiy (guruhiy) taalluqlikni aniqlash uchun ekspertga kamida 0,5-1gr. modda kerak bo‘ladi.

Ekspertiza tayinlashni taxmin qila turib, jinoyat sodir etilganligi ma’lum bo‘lishi bilanoq darhol qiyosiy tadqiqot uchun voqea sodir bo‘lgan joyning tegishli qismidan, unga chegaradosh yerlardan tekshiruv (kontrol) namunalari olinmog‘i lozim. Voqea sodir bo‘lgan joy dastlabki kuzatilgan zahotiyoq, undan namunalar olinmog‘i lozim, chunki vaqt o‘tishi bilan tuproqning o‘zgarishi ehtimoldan holi emas. Tuproq namunalarini u bilan tutashib turgan jismning tegishli qismi botib turgan chuqurlikkacha bo‘lgan yeri qirib olinadi.

Agar ob’ektlarning tutashib o‘zaro ta’sirlashgan yerlarining yuzasi katta bo‘lsa, u holda bir necha namunalar yoki bir necha nuqtalardan olingan namunalarni aralashtirib, bir dona aralash namuna olinadi.

Screenshot 2024 11 20 123609

Odatda voqea joyidan bir nechta namuna oli­nadi, ayniqsa tuproq sathi bir jinsli bo‘lmagan hollarda.

Namunalarni olishda kichikrok,  belkurak, hokandoz yoki tig‘i keng pichoq ishlatiladi.  Namunalarning og‘irligi 100-200 gr.bo‘lmog‘i kerak.

Voqea sodir bo‘lgan joyni yaqin-atrof hududidan ajratish maqsadida solishtirish namunalari voqea joyi chegarasidan tashqaridagi yerlardan olinadi, solishtirish namunalarining soni 3-5 tadan bo‘lib, ular qiyosiy namunalar kabi rasmiylashtiriladi. Voqea joyini ko‘zdan kechirish va tuproq namunalarini mutaxassis ishtirokida qarorda ko‘rsatilgan hududdan olish maqsadga muvofiqdir.

Screenshot 2024 11 20 123619

 

Voqea joyidan tuproq namunalarini olish har bir muayyan holda ma’lum reja bo‘yicha amalga oshiriladi.

  1. 1. Voqea joyi – yer yuzining ochiq sathini (o‘rmon, dala, hovli, poliz) bo‘lganda tuproq namunalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri murda topilgan joydan (2ta namuna) va u yerdan 5-10 metr masofadan olinadi (4 ta namuna).

Tekshiruv (kontrol) namunalari – voqea joyidan 50-100 m masofada olinadi.

  1. Voqea joyi – jar, o‘ra bo‘lganda, tuproq namunalari jar (o‘ra) tubidan va jar (o‘ra) chetining yuzasidan olinadi.

Tekshiruv (kontrol) namunalar – jar (o‘ra) tashqarisidan tuproqning bosilmagan, tegilmagan qismidan olinadi.

  1. Voqea joyi – uy (kvartira) bo‘lganda, namunalar ifloslangan uy jihoz buyumlari (choyshab, dasturxon, oyoq osti yo‘lka gilamchalaridan, deraza kesakilari va boshqalar)dan, dahlizdan, uyga olib keladigan yo‘lkadan yoki oyoq izlari topilgan joylardan olinadi. Tekshiruv (kontrol) namunalari uy yaqinida joylashgan yerlardan olinadi.
  2. Voqea joyi – yerto‘la, chordoq, saroy, garaj bo‘lganda, tuproq namunalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri voqea joyidan, xonaning har xil joyidan, xonaga kiraverish qismidan olinadi. Tekshiruv (kontrol) namunalari shunga o‘xshash yaqin joylashgan yerto‘la, chordoq, saroy, garajdan olinadi.
  3. Voqea joyi – ko‘l, daryo va boshqa har qanday suv havzasining tubi bo‘lganda, tuproq namunalari suv havzasi tubidan, qirg‘oqdan, sudrab borilgan yo‘lka bo‘yicha olinadi (agar iz bo‘lsa). Tekshiruv (kontrol) namunalari suv havzasining qarama-qarshi tomonidan, agar yaqinida boshqa suv havzasi bo‘lsa undan olinadi.
  4. Yo‘l harakati hodisalari ro‘y berganida ulov (transport) vositasining g‘ildiragi, bamperi, to‘sqich (brizgovik) va boshqa qismlarida tuproq qatlamlari bo‘lganda, namunalar voqea joyidan, ulovning (mashinaning) harakatlanayotgan yo‘lidan va ulovning (transportning) kajavasidan (kuzovidan) olinadi.

Hamma tuproq namunalari ayrim-ayrim mustahkam idishlarga joylanadi. Agar to‘qima (bo‘z) xaltalarga yoki karton qutilarga joylansa yana ham yaxshi. Bu maqsad uchun polimer xaltalardan yoki shisha idishlardan foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki bu holda tuproq keragidan ortiq namlanib qoladi. Agar tuproq nam bo‘lsa, uni xona haroratida quritish zarur. Idishlarga joylashtirilgan namunalarga ular haqida ma’lumot bitilgan qog‘oz bo‘laklari biriktiriladi.

Screenshot 2024 11 20 123630

Ko‘pincha tuproq qatlamlarida yaxlit  o‘simlik poyalari yoki ularning qismlari aralashgan bo‘ladi, shuning uchun voqea  joyidan  tuproq namunalari olinganda o‘simlik namunalarini ham qo‘shib olish zarur.

Agar kiyim-boshlarda, qotillik, qulf buzish qurollarida va shu kabi voqea holati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa buyumlarda tuproq qatlamlari bo‘lsa, ular diqqat bilan buyumlardan skalpel yoki pichoq yordamida qirib olinadi va ayrim-ayrim holda, ustida yozuvi bo‘lgan qog‘oz xaltachalarga joylanadi.

By ishlarni ekspert amalga oshirmog‘i ma’qul. Shuningdek kiyimlarning tuproq tekkan qismlarining ustini ular harakat vaqtida yo‘qolishdan saqlash uchun ip-gazlama mato  bo‘lagi bilan tikib qoplanadi.

 Har bir kiyim va poyafzal kabi buyumlar ayrim-ayrim paketlarga  joylashtiriladi. Ajratib olingan tuproq namunalarini va tuproq qatlamlari bo‘lgan daliliy ashyolarni har xil sharoitda saqab bo‘lmaydi, chunki tuproq harorat va namlik ta’sirida o‘zgaradi.

Kiyim vapoyafzallarda tuproq qatlamlari bo‘lganda daliliy ashyolar dastlab sud-tuproqshunoslik, so‘ngra sud-tibbiy ekspertizasiga  yuboriladi, chunki moddalarning to‘kiluvchanlik xususiyati tufayli ular yo‘qolishi mumkin.

Ekspertiza muassasasiga qaror va daliliy ashyolar bilan birga quyidagilar yuboriladi:

– voqea joyini ko‘zdan kechirish, uning tafsiloti, o‘lchamlari, chegarasi, tuproq qavatining bir jinsliligi, tuproq yuzasida begona narsalar yo‘qligi va yuzasining holati (o‘simlik bilan qoplanganligi, nam va quruqligi) bayon qilingan hujjat (bayonnoma) ning  ko‘chirma nusxasi;

– tuproq namunalarini chiqarib olish va olish usuli yozilgan  hujjat (bayonnoma) nusxasi;

– voqea joyining qiyosiy va tekshiruv (kontrol) namunalari olingan nuqtalar ko‘rsatilgan chizmasi;

–  daliliy ashyolarni musodara qilish haqidagi  hujjatning (bayonnoma) nusxasi va voqea sodir bo‘lgan daqiqadan boshlab ular olingunga qadar ishlatilib ifloslangan buyumlar va ularning o‘zgarish yoki o‘xshatilayotgan joy qismi (kiyimni va poyafzalni tozalash, dala yerda ish olib borilgani) haqida ma’lumot;

– voqea sodir bo‘lgan daqiqadagi va voqea sodir bo‘lgan vaqtdan boshlab namunalar olinguncha qadar o‘tgan davrdagi  ob-havo sharoiti haqida ma’lumot.

Ekspertiza o‘tkazish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sud-tuproqshunoslik ekspertizasi tayinlangan ko‘p hollarda ekspertiza tashkilotiga faqat qaror va daliliy ashyolar yuboriladi.

Shu munosabat bilan buyumlar pochta orqali kelganda, ekspertlar ekspertiza o‘tkazishni to‘xtatishga majburdirlar va qo‘shimcha materiallar co‘pab talabnoma yuboradilar, bu esa ekspertiza o‘tkazish muddatiga salbiy ta’sir qiladi.

Tuproq bilan bog‘liq ob’ektlarning sud-ekspertiza tadqiqotining imkoniyatlari ekspertizaga taqdim etilayotgan ashyolarni tayyorlash sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq, shuning uchun sud-tergov xodimlarining taklif etilgan tavsiyanomalarga rioya qilishi sud-tuproqshunoslik ekspertizasini muvaffaqiyatli o‘tkazishni ta’minlaydi va qo‘yilgan savollarga to‘liq javob berish imkoniyatini yaratadi.

 

 

  “Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi”
laboratoriyasi yetakchi eksperti
Kamilova Malika Xodjakbarovna

Skip to content