Trasologiya ekspertizasi to‘g‘risida tushuncha

       Trasologiya so‘zi fransuzcha “trace” – “iz” va yunoncha “logos” – “o‘rganish” so‘zlaridan olingan bo‘lib, uning kelib chiqishi qadim o‘tmishga – insoniyat yaralgan vaqtlarga borib taqaladi. Sababi insoniyat yaralganidan beri odamlar ov qilishda, o‘zaro urushishda odamlarning, hayvonlarning izlarini o‘rgangan. Shu sababli trasologiya ekspertizasi eng qadimiy ekspertizalardan hisoblanadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

       Hozirgi vaqtda trasologiya jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish va oldini olish uchun juda ahamiyatli ekspertiza bo‘lib, kriminalistikaning asosiy boʻlimlaridan biri hisoblanadi. Trasologiya iz qoldirgan yoki iz qoldirilgan ob’ektlarni va voqea bilan bog‘liq bo‘lgan materiallarni o‘rganadi. Ushbu tadqiqotlar dalil sifatida ishlatiladigan faktik ma’lumotlarni aniqlash uchun trasolog-mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Trasologiya — sodir etilgan jinoyatning mexanizmini aks ettiruvchi izlarni paydo boʻlishining nazariy asoslarini, qonuniyatlarini, izlarni aniqlashni va tekshirish usullarini oʻrganadi. Trasologiya ekspertizasining predmeti izlarni qoldirgan obyektni va izlarning paydo bo‘lish mexanizmini aniqlash maqsadida o‘rganish hisoblanadi.

      Jinoyat izlari – bu jinoyat sodir etish natijasida yuzaga keladigan muhitdagi har qanday o‘zgarishlar hisoblanadi. Jinoyat izlari moddiy va ideal izlarga bo‘linadi. Birinchisi, hodisaning har qanday moddiy obyektlardagi izlarini o’z ichiga oladi: narsalar, hujjatlar, jabrlanuvchining tanasi va boshqalar bo‘lsa, ideal izlar jinoyatchi, jabrlanuvchi, guvohlar va boshqa odamlarning ongi va xotirasidagi voqea izlari hisoblanadi. Trasologiya faqat moddiy izlarning guruhi bo‘lgan mexanik ta’sir izlarini o‘rganadi.

     Trasologiya ekspertizasi to‘rt bo‘limga bo‘linadi: gomeoskopiya, mexanoskopiya, transport izlarining trasologik ekspertizasi va hayvonlar izlarining trasologik ekspertizasi. Trasologiyaning gomeoskopiya bo‘limida odam izlari o‘rganiladi, mexanoskopiya bo‘limida turli qurollar (buzish qurollari), asboblar va mexanizmlarning izlari o‘rganiladi, transport va hayvonlar izlarining trasologik ekspertizalarida esa mos ravishda transport vositalarining va hayvonlarning izlari o‘rganiladi.

      O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida trasologiya ekspertizalari o‘tkazilib kelinmoqda va sud-tergov idoralarida mazkur ekspertiza turning xulosalariga talab katta. Chunki ko‘plab jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik ishlari moddiy izlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Hozirda yo‘llarimizda transport vositalari ko‘payganligi sababli transport izlarining trasologik ekspertizasiga talab oshmoqda. Bunday ekspertizalarga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, noma’lun transport vositasi piyodani urib voqea joyidan qochib ketgan. Mazkur yo‘l transport hodisasini sodir qilishga gumonlanayotgan transport vositalari huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanganidan keyin aynan qaysi transport vositasi urganligini aniqlashda trasologiya ekspertizasiga ehtiyoj tug‘iladi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining
Samarqand viloyati bo‘limi katta eksperti
Ibragimov Otabek Ilxamdjanovich 

Skip to content