Bugun O‘zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylandi. Qaysi go‘shaga bormang, bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Bu haqda ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda har safar qurilishga oid qaysidir mavzu muxokamalar markazida bo‘ladi. Kimdir uy-joyi yoki yangi qurilgan noturar-binosi buzilganidan norozi bo‘lsa, jamoatchilik bunga o‘z bilganicha munosabat bildirmoqda.
Umuman, qurilishga oid murojaatlarni ikkiga ajratish mumkin. Birinchisi turar-joy inshootlari bo‘lsa, ikkinchisi noturar binolar bilan bog‘liq masalalardir. Shikoyatlar matni turlicha, biroq mazmunan bir-biriga yaqin. Bankdan kredit olib, bino quradi. Yangi ish o‘rni yaratadi. Hokimiyatdan kelib, buzishadi. Tadbirkor kasod yoqasida, bunga davlat — siyosat aybdor.
Qurilish shunday keng sohaki, uni sodda qilib tushuntirish uchun ko‘p bilim va vaqt talab etiladi. Shunga qaramay noturar binolar to‘g‘risidagi ayrim holatlarga xalqchil tilda izoh berishni lozim topdik.
Xo‘sh, noturar bino nima, unga qanday binolar kiradi? Bunday binolarni qurishda nimalarga amal qilish kerak?
Bir qarashda ko‘plar uchun jo‘n savol. Shuning uchun belgilangan tartibni sanab o‘tmoqchi emazmiz. Biroq pand yeganlar sonidan kelib chiqilsa, aslida masalaga jiddiy yondashish talab etiladi. Sodda aytganda, odamlar istiqomat qilmaydigan inshootlar — noturar bino hisoblanadi. Misol uchun do‘kon, supermarket, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, to‘yxona, ishlab chiqarish korxonasi yoki ta’lim muassasasi obektlari shular jumlasidandir.
Ko‘plab tadbirkorlar qurilish bilan to‘qnashadi. Bunda ish yer maydonini tanlashdan boshlanadi. Biroq aksariyat kishilar yer-maydonini mas’ul idoralardan emas, balki tanish-bilishlardan orqali topishni afzal ko‘radi. Binoni qurish uchun bankdan olgan kreditini sarflaydi va ko‘p o‘tmay bu qurilish shaharsozlik talablariga zid ekanligi ma’lum bo‘ladi. Oqibatta, “dod — dardimni kim eshitadi” qabilidagi murojaatlar soni ijtimoiy tarmoqda yana bittaga ortadi.
Demoqchimizki, har qanday qurilishni boshlashdan avval, uning shaharsozlik talablariga muvofiqligi borasida tegishli davlat idoralarining xulosasi olinmog‘i lozim. Albatta, bunda qurilish yakuniga qadar vaziyatdan bexabar qolgan tuman yoki shahar Bosh arxitektorining o‘z vazifasiga loyiqligi muhimdir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “tadbirkor boyimasa, davlat boyimaydi”.
Respublika sud ekspertizasi markazi
SQTE bo‘limi eksperti
Hilola Kosimova