Muhr va shtamp izlarini sud-texnik ekspertiza qilishning nazariy va amaliy jihatlari

Zamonaviy huquqiy munosabatlarda hujjatlar muhim isbotlovchi ahamiyatga ega bo‘lib, ularning haqiqiyligini tasdiqlashda muhr va shtamp izlari alohida o‘rin tutadi. Davlat organlari, yuridik shaxslar, notarial idoralar va boshqa muassasalar tomonidan chiqariladigan hujjatlarga qo‘yiladigan  muhr va shtamp izi ushbu hujjatning rasmiy va uni ishonchli hujjat ekanligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham jinoyatchilar ko‘pincha turli huquqbuzarliklarni amalga oshirish, firibgarlik yo‘li bilan moddiy yoki nomoddiy manfaat olish maqsadida hujjatlardagi muhr va shtamp izlarini qalbakilashtirishga, ya’ni soxtalashtirishga harakat qiladilar. Ushbu holatlarda haqiqatni aniqlash, hujjatning asl yoki qalbaki ekanligini obyektiv tarzda isbotlash uchun kriminalistika fanining maxsus sohasi – hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi tarkibidagi muhr va shtamp izlarini tadqiq qilish ekspertizasidan foydaliniladi.

     Muhr – bu yuridik shaxslar, davlat organlari, muassasa va tashkilotlar, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda alohida mansabdor shaxslar (notarius va boshqalar) tomonidan hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlash, ularga yuridik kuch berish maqsadida foydalaniladigan, odatda dumaloq yoki oval shaklga ega, betaraf bo‘yoq (mastika) yordamida qog‘ozga aks ettiriladigan klishe vositasidir. Davlat tashkilotlari muhrlarining markazida, qoidaga ko‘ra, davlat gerbi tasviri joylashtirilgan bo‘lib, ular “gerbli muhr” deb yuritiladi, nodavlat tashkilotlarda esa oddiy, faqat tashkilot nomi yozilgan muhrlardan foydaliniladi.

       Shtamp – bu   muhrga nisbatan ko‘proq to‘rtburchak yoki kvadrat shaklga ega bo‘lib, tarkibida tashkilotning nomi, manzili, ba’zan esa telefon raqami, shuningdek sana, raqam kiritish uchun bo‘sh joylar (masalan, “Kelib tushgan sana”, “Tasdiqlayman” kabi yozuvlar) mavjud bo‘ladi. Shtamplar, odatda, hujjat aylanishi jarayonida hujjatning qabul qilinishi, ro‘yhatga olinishi, to‘lovning amalga oshirilganligi kabi faktlarni qayd etish uchun ishlatiladi.

 Ekspertizaning vazifalari:

Muhr va shtamp izlarini tadqiq qilish ekspertizasi texnik-kriminalistik ekspertizaning bir turi bo‘lib, oldiga ikki asosiy vazifani qo‘yadi:

  1. Identifikatsion vazifa — tekshirilayotgan hujjatdagi muhr (shtamp) izining aynan taqdim etilgan, ya’ni tergov yoki sud tomonidan olib kelingan muhr (shtamp) bilan qoldirilganligini yoki qoldirilmaganligini aniqlash.
  2. Diagnostik vazifa — hujjatdagi muhr yoki shtamp izining qanday usulda hosil qilinganligini, ya’ni u haqiqiy klishe yordamida bosilgan asl iz ekanligini yoki turli usullarda (chizish, montaj, kompyuter texnologiyalari yordamida) sun’iy tarzda hosil qilingan “qalbaki” tasvir ekanligini belgilash.

Amaliyotda muhr va shtamp izlarini tadqiq qilish bo‘yicha ekspertizada ekspert oldiga quyidagicha savollar qo‘yiladi:

Taqdim etilgan hujjatdagi muhr (shtamp) izi tergov organi tomonidan namuna sifatida taqdim etilgan muhr (shtamp) bilan qoldirilganmi?

Hujjatdagi muhr va shtamp izi qanday usulda hosil qilingan – u haqiqiy klishe vositasida bosib qoldirilganmi yoki qalbakilashtirilganmi (chizib tushirilganmi, kompyuter texnikasi yordamida tayyorlangan tasvir bosib chiqarilganmi)?

Bitta hujjatdagi yoki turli hujjatlardagi bir necha muhr (shtamp) izlari bitta klishe bilan qoldirilganmi yoki turli klishelar bilan qoldirilganmi?

Hujjatdagi matn muhr izi qoldirilgandan keyin yozilganmi yoki, aksincha, avval matn yozib, keyin muhr bosilganmi (hujjat tuzilish ketma-ketligini aniqlash)?

Muhr va shtamp izidagi nuqsonlar (notekisliklar, harflar shaklidagi farqlar) klishening eskirganligi, shikastlanganligi yoki uning umuman qalbaki ekanligi bilan bog‘liqmi?

Muhr va shtamp izlarini ekspertiza qilinganda ekspertga  quyidagi obyektlar taqdim etiladi:

tekshirilayotgan hujjatning o‘zi;

taqqoslash uchun namunalar;

shubha qilinayotgan muhr yoki shtampning o‘zi (klishesi);

hujjatlar bilan birga ishlatilgan yozuv-bosma vositalar.

Ekspert ushbu obyektlarni maxsus uskunalar yordamida har tomonlama tadqiq qiladi. Ekspertiza natijalari nafaqat hujjatdagi muhr izining haqiqiyligi yoki qalbaki ekanligini, balki uni qalbakilashtirishda qo‘llanilgan aniq usulni ham ko‘rsatib berishi mumkin, bu esa jinoyatni fosh etish va isbotlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Andijon viloyati bo‘limining eksperti, S.B.Qaxxorova