Gaz va elektrotexnika obyektlarning portlash
texnik ekspertizasining ahamiyati.
So‘nggi yillarda gaz va elektr energiya manbalaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan. Chunki, bugungi kunda barcha ishlab chiqarish korxonalari, o‘quv muassasalari, zavod, fabrika, tadbirkorlik subyektlari, xonadonlarni gaz va elektr energiya manbalarisiz tasavvur qila olmaymiz.
Hozirda ko‘p kuzatilayotgan mudhish hodisalardan – xonadonlarda, ishlab chiqarish obyektlarida gaz-havo aralashmasi (hajmli) portlash hamda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining (fizik) portlashi hodisalar uchrab turibdi. Buning oqibatida ko‘plab fuqarolarning hayoti xavf ostida qolmoqda, ularni ko‘plari jarohat olishi va vafot etishi bilan yakunlanmoqda. Davlat organi xodimlari har bir sodir bo‘lgan avtomobillariga o‘rnatilgan gaz ballonlarining (fizik) portlashi hamda xonadonlarda gaz-havo aralashmasi (hajmli) portlashi bo‘yicha batafsil tekshiruv ishlarini olib boradi, tekshiruvning asosiy maqsadi portlashning kelib chiqish sababi, aybdor shaxslarni va jinoyat alomatlari bor yoki yo‘qligini aniqlashdan iborat
Aholini yashash xonadonlarida asosan tabiiy va suyultirilgan gazdan noto‘g‘ri foydalanish yoki gaz uskunalari, quvurlarning nosozligi natijasida sizib chiqqan gazlar xonadonda yig‘ilib portlashdan xavfli gaz-havo aralashmasi hosil qilib portlashlar, yong‘inlar sodir bo‘lmoqda.
Ishlab chiqarish korxonalari va “avtomobillariga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari” (AGTKSH)da texnika xavfsizligi va belgilangan qoida, talablarga amal qilinmasligi natijasida gaz bilan bog‘liq gaz-havo aralashmasi (hajmli) portlash yoki yong‘inlar sodir bo‘layotgani ham sir emas.
Shuningdek, bosim ostida ishlovchi qurilmalarda (bug‘ qozoni, isitish pechlari, avtomashinalardagi gaz ballonlar) ham turli sabablar orqali fizik portlashlari sodir bo‘lishi mumkin. Buning natijasida yaqin atrofdagi insonlarning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan ko‘plab tan jarohatlar olayotgani shuningdek, o‘lim holatlarini uchrayotganligini kuzatish mumkin. Gaz va elektrotexnik obyektlarida portlash texnik ekspertizasi muhim ekspertiza turi bo‘lib alohida tadqiqotlar amalga oshirishni talab qiladi. Bunday, hodisalarning bevosita (texnik) kelib chiqish sabablarini aniqlashda, sud ekspertiza sohasining roli beqiyosdir.
Tabiiy yoki suyultirilgan gaz bilan bog‘liq portlashning texnik sabablariga aniqlik kiritish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyda tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Gaz bilan bog‘liq portlash hodisalarini o‘rganishda gaz moslamalari va uskunalari yaʼni gaz tizimidagi maʼlum bir jarayonga masʼul qurilma, moslama, ularning fragmentlari, bo‘laklari gaz obyektlaridagi portlash ekspertizasining obyektlari bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Jumladan; Gaz plitasi, suv isitish qozonlari, gaz yondirgich (gorelka) bilan isitilishiga mo‘ljallangan issiqlik qozonlar, gaz quyish idishlari sisternalar, isitish pechlari, gazga va qattiq yoqilg‘iga mo‘ljallangan pechlar, gaz quvurlari, gaz uzatish moslamalari metall va plastmassa trubalar, metall qoplamali va rezina shlanglar, gaz jo‘mraklari, gaz ballonlar, gaz to‘ldirish stansiyalaridagi gaz quyish kolonkalari, gazda yurishga mo‘ljallangan yengil avtomobillar, gazda yurishga mo‘ljallangan yuk avtomobillari, gaz to‘ldirish stansiyalari va boshqa gazda ishlovchi qurilma, (mo‘rkon va.h.k) va jihozlar bo‘lishi mumkin.
Tabiiy gaz havodan yengil bo‘lganligi uchun doim yuqoriga intiladi, shuning uchun gaz sizib chiqqanda xonaning yuqori qismida yig‘iladi va manba bilan taʼsirlashishi natijasida bir zumda chaqnashi, portlashi va yong‘inni kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Gaz-havo aralashmasining portlashi – mazkur aralashmani yopiq hajm ichida juda katta tezlikda yonishidir. Portlash yuzaga kelishi uchun butun xonani gaz-havo aralashmasi bilan to‘lishi shart emas. Xonaning maʼlum bir qismida portlashga xavfli bo‘lgan gaz-havo aralashmasining to‘planib qolishi portlash uchun yetarli hisoblanadi. Xonada hosil bo‘lgan gaz-havo aralashmasida gaz maʼlum miqdorni tashkil etganida aralashmaning yonishi tezligi sekundiga bir necha yuz metrga teng bo‘lgan portlashsimon yonishga o‘tadi, natijada portlash sodir bo‘ladi.
Gaz bilan bog‘liq portlash, yong‘inlar yoki is gazi sizib chiqishidan insonlarning sog‘ligi va hayotiga xavf soluvchi holatlar yuz berganda, mazkur holatning yuzaga keli sabablarini o‘rganish uchun ekspertiza tadqiqotlari davomida gaz tizimidagi avariya va nosozliklarni aniqlash uchun gaz gaz quvurlari, gaz jihozlarida gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash uchun gaz analizator, yer osti gaz tarmog‘i quvurlaridagi nosozliklarni aniqlash uchun trassoiskatel kabi maxsus uskunalardan foydalaniladi.
Yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish uchun fuqarolardan va masʼullardan xonadonlarda, korxona, tashkilotlarda, ishlab chiqarish binolarida, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida belgilangan qoida talablariga muvofiq gaz va elektr jihozlaridan foydalanish hamda taʼmirlash ishlarini yo‘riqnomalar asosida olib borilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
X.Sulaymonova nomidagi RSEM
Farg‘ona viloyat bo‘limi eksperti B.B.Zaynabidinov