YANGI HUQUQIY ASOSLAR: “SUD-EKSPERTLIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA”GI QONUN VA SOHA TARAQQIYOTINING YANGI DAVRI

Sud ekspertizasi odil sudlovni amalga oshirishda muhim vositalardan biri bo‘lib, jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda haqiqatni aniqlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasida ushbu soha 2010-yil 1-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi O‘RQ–249-son Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solingan.

Sud-huquq tizimidagi islohotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda nodavlat ekspertiza institutini rivojlantirish zarurati sababli, 2026-yil 11-iyunda O‘zbekiston Respublikasi “Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida”gi O‘RQ-1152-son Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun sud ekspertizasi tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirib, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini sezilarli darajada kengaytirdi. Ushbu qonun 2026-yil 13-dekabrdan kuchga kiradi.
“Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonundagi asosiy yangiliklari quyidagilardan iboratligini ko‘rishimiz mumkin:
Qonunda Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishdagi vakolatli tuzilmalar belgilab qo‘yildi. Bunda sud ekspertlik faoliyati :

  • davlat sud-ekspertiza muassasasi;
  • nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti;
  • sud-ekspertlik byurosi;
  • oʻz faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
  1. Nodavlat sud eksperti tushunchasi va nodavlat sud-ekspertizasi tashkilotining tashkiliy-huquqiy asosi belgilab qo‘yildi. Natijada:
  • xususiy ekspertiza tashkilotlari faoliyat yuritishi;
  • malakali mutaxassislarning mustaqil ekspert sifatida ishlashi;
  • ekspertiza xizmatlari bozorida raqobat kuchayishi ta’minlanadi.
  1. Adliya vazirligi tomonidan Sud ekspertlarining davlat reyestri yuritilishi, ya’ni bunda “sud ekspertlarining davlat reyestriga sud-ekspertlik tuzilmalarining sud ekspertlariga doir maʼlumotlar kiritiladi, bundan qonunchilik hujjatlarida davlat sud ekspertlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilishga doir cheklovlar nazarda tutilgan hollar mustasno”ligi belgilandi.
  2. Elektron hujjatlar almashinuvi joriy etildi.

Mazkur qonun va unga oid normativ hujjatlar asosida elektron hujjat almashinuvi hamda “E-ekspertiza” tizimini qo‘llash imkoniyatlari kengaytirildi.

Natijada:

  • hujjatlar elektron yuboriladi;
  • ekspertiza jarayoni tezlashadi;
  • inson omili kamayadi;
  • ekspertiza xulosalari elektron yuboriladi;

Misol uchun: sud va tergov organi ekspertiza tayinlash haqidagi qaror (ajrim)ni elektron tizim orqali yuboradi va ekspert ham xulosani elektron shaklda taqdim etishi mumkin.
Qabul qilingan “Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun sud ekspertizasi tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Unda davlat va nodavlat sud ekspertlar faoliyati, sertifikatlash, ekspertlar reyestri, raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha yangi huquqiy mexanizmlar belgilandi. Ushbu yangiliklar sud ekspertizasi sifatini oshirish, ekspertlarning mustaqilligini kuchaytirish hamda odil sudlovni samarali ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova
nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Hujjatlar kriminalistik
ekspertizasi laboratoriyasi katta eksperti, D.Qo‘ldoshova