EKSPERT SOG‘LIGI KASBIY XAVF OSTIDA

Annotatsiya

Maqolada kriminalistika sohasida kislotalar ekspertizasining ahamiyati hamda uni o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan asosiy xavf omillari tahlil qilingan. Kislotalarning moddiy dalillarga ta’siri, ularning kimyoviy xususiyatlari va jinoyat ishlarida qo‘llanilishi yoritilgan. Shuningdek, kislotalar bilan ishlashda uchraydigan kimyoviy, fizik va kasbiy xavflar, ularning ekspert salomatligiga salbiy ta’siri hamda laboratoriya sharoitida xavfsizlik qoidalariga rioya etishning ahamiyati ko‘rsatib berilgan.

Kalit so‘zlar: kriminalistika, kislotalar ekspertizasi, kuchli noorganik kislotalar, kimyoviy xavflar, kasbiy xavf, laboratoriya xavfsizligi, korroziya.

Kislotalar ekspertizasi kriminalistika sohasida qo‘llaniladigan maxsus kimyoviy tadqiqot turi bo‘lib, u turli kislotalarning moddiy dalillarga ko‘rsatgan ta’sirini o‘rganishga qaratilgan.

Bunday ekspertiza orqali kislotaning turi, tabiati noaniq bo‘lgan yoki kislota deb gumon qilinayotgan suyuqliklarning kimyoviy tarkibi, konsentratsiyasi hamda uning qay tarzda va qanday maqsadda ishlatilgani aniqlanadi. Kislotalar ko‘pincha jinoyat sodir etishda buyumlarni yo‘q qilish, izlarni yo‘qotish, hujjatlarni o‘zgartirish yoki odamga tan jarohati yetkazish vositasi sifatida qo‘llaniladi.

Kimyoviy xavf.

Kimyoviy laboratoriyada kislotalar bilan ishlash kriminalistik ekspertizaning ajralmas qismi bo‘lib, u yuqori xavf bilan bog‘liq. Kislotalar bilan ishlash kimyoviy laboratoriya sharoitida eng xavfli faoliyat turlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa kriminalistik ekspertizada kislotalar bilan ishlovchi ekspert nafaqat ilmiy tahlillarni amalga oshiradi, balki o‘z salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi turli xavf omillariga ham duch keladi. Kislotalarning yuqori reaksiyaga kirishuvchanligi, yemiruvchi xususiyati va zaharli bug‘lari laboratoriyadagi ish jarayonini yanada murakkablashtiradi.

Kimyoviy xavflar kislotalar bilan ishlashda eng keng tarqalgan va og‘ir oqibatlarga olib keluvchi xavf turi hisoblanadi. Kuchli noorganik kislotalar — sulfat (H₂SO₄), nitrat (HNO₃), xlorid (HCl) kislotalari teri, ko‘z va shilliq qavatlar bilan bevosita aloqaga kirishganda kimyoviy kuyishlarni keltirib chiqaradi. Bunday kuyishlar oddiy termik kuyishlardan farqli o‘laroq, to‘qimalarga chuqur kirib borib, ularni parchalab yuboradi va uzoq muddatli davolashni talab qiladi.

Ayrim kislotalar, ayniqsa nitrat va xlorid kislotalarning bug‘lari nafas yo‘llari orqali organizmga kirib, o‘pka to‘qimalarini shikastlaydi. Bu holat nafas olish qiyinlashuvi, kuchli yo‘tal, ko‘krak qafasida og‘riq va og‘ir holatlarda zaharlanishga olib kelishi mumkin.

Hayotiy kriminalistik misol:

Kriminalistik laboratoriyada jinoyat joyidan olingan metall buyumda kislota izlarini aniqlash maqsadida sulfat kislotasi bilan reaksiya o‘tkazilayotgan vaqtda ekspert himoya ko‘zoynagi taqmagan holda ishlagan. Reaksiya jarayonida kislotaning mayda tomchilari ko‘zga sochilib, ko‘z shilliq qavatining kimyoviy kuyishiga sabab bo‘lgan. Natijada ekspert bir necha oy davomida davolanishga majbur bo‘lgan. Bu holat kislotalar bilan ishlashda kimyoviy xavflar naqadar jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Fizik va texnologik xavflar.

XAVF — kislotalar bilan ishlash jarayonida fizik va texnologik xavflar ham katta ahamiyatga ega. Ayrim kimyoviy reaksiyalar davomida katta miqdorda issiqlik ajralib chiqadi. Bu esa idishlarning qizib ketishi, erishi yoki yorilishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa konsentrlangan kislotalarni noto‘g‘ri suyultirish holatlarida portlash xavfi yuzaga keladi.

XAVF — laboratoriya idishlarining sifatsizligi yoki eskirgani sababli kislota to‘kilishi holatlari ham uchrab turadi. Bunday holatlarda nafaqat ekspert, balki laboratoriya uskunalari ham jiddiy zarar ko‘radi. Metall uskunalarda korroziya, elektron asboblarda esa ishdan chiqish holatlari kuzatiladi.

XAVF — konsentrlangan nitrat kislotasi shisha idishga quyilayotganda idishning yorilishi natijasida kislota stol ustiga to‘kilishi va metall asboblarni yemirib, laboratoriyadagi bir nechta uskunani ishdan chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Kislotalar bilan uzoq yillar davomida ishlash ekspert uchun kasbiy xavflarni ham keltirib chiqaradi. Kislota bug‘larining doimiy ta’siri nafas yo‘llari kasalliklariga, jumladan surunkali bronxit va allergik kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Terining doimiy ravishda kimyoviy moddalar bilan aloqaga kirishishi dermatit va boshqa teri kasalliklarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, ko‘zga kislota bug‘larining uzoq muddat ta’siri ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu kasbiy kasalliklar ekspertning mehnat qobiliyatini cheklaydi va ayrim hollarda uni kasbini o‘zgartirishga majbur qiladi.

Ekspertga eslatma: Kislotalar bilan ishlashda yuqorida keltirilgan xavflarni kamaytirish uchun xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish zarur.

  • ekspert doimo himoya ko‘zoynagi, kislota ta’siriga chidamli qo‘lqop va maxsus laboratoriya xalatini kiyishi lozim;
  • barcha ishlar faqat ventilyatsiya tizimi yaxshi ishlaydigan laboratoriyalarda amalga oshirilishi kerak;
  • kislotani suyultirishda uni har doim suvga qo‘shish qoidasi bajarilishi, avariya holatlarida esa neytrallovchi moddalar (masalan, soda eritmalari) tayyor holda saqlanishi talab etiladi.

Kimyoviy laboratoriyada kislotalar bilan ishlash kriminalistik ekspertizaning ajralmas qismi bo‘lib, u yuqori xavf bilan bog‘liq. Kimyoviy, fizik va kasbiy xavflar ekspert salomatligiga jiddiy tahdid solishi mumkin. Shu sababli xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, individual himoya vositalaridan foydalanish va ish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish kislotalar ekspertizasini samarali va xavfsiz amalga oshirishning asosiy sharti hisoblanadi.

“Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi” laboratoriyasida kriminalistika sohasida imzo huquqiga ega bo‘lgan ekspertlar R. Axmedova, N. Korablyova, E. Pak, I. Talipova, D. Lukashyova, Sh. Abduqodirova, А.Boisxo`jayeva va S. Ataxodjayevlar tomonidan yaratilgan kislotalar bilan ishlash bo‘yicha ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar va uslubiy tavsiyalar kelgusida yosh ekspertlarga kislotalar bilan bog‘liq tadqiqotlarni o‘tkazishda o‘quv qo‘llanma sifatida foydalanilishi mumkin.

 

 “Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi”
laboratoriyasi eksperti Sh. Abduqodirova