Bugun jamiyatimizda mulk va meros oldingidan ko‘ra katta ahamiyat kasb etmoqda. Avval odamlar bunga ko‘p ham ahamiyat bermasdi. Hatto bu bo‘yicha yetarli tushunchaga ham ega emasdilar. Mustaqillik odamlarda mulk va meros huquqini mustahkamladi. Odamlar bugunga kelib tilxat, vasiyatnoma va shunga o‘xshash fuqarolik da’vo hujjatlardan to‘kis foydalana boshlashdi. Ushbu jarayonda esa ularning haqqoniyligini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lgan holat yuzaga chiqmoqda. Bunda xatshunoslik ekspertizasining o‘rni katta bo‘lmoqda. Ammo fuqarolarimiz ushbu ekspertiza uchun haligacha qanday hujjatlar taqdim etishni bilishmaydi.
Ekspertiza ob’ekti
Ashyoviy dalil sifatida jinoiy ishlarni dastlabki tergov qilish va sudda ko‘rish jarayonida ko‘pincha to‘plangan hujjatlardagi qo‘lyozma, dastxat va imzolarni bajargan shaxsni yoki shu yozuv va imzolarni bajarish sharoitlarini aniqlash kerak bo‘ladi. Bunday holatlar ayniqsa, har xil hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan o‘zgalarga tegishli mulkni yoki merosni o‘zlashtirib olgan shaxslarning aybini isbot qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi ishlarni ko‘rib, adolatni qaror toptirishda sud xatshunoslik ekspertizasining bevosita ob’ekti turli yozuvlar bo‘ladi. Ushbu yozuvlar qo‘lyozma, yoxud qo‘lda bajarilgan imzo shaklida bo‘lishi mumkin. Qo‘lyozmalar hajmi katta, o‘rtacha, qisqa, tarkibi esa harf va raqamlardan raqamlardan iborat bo‘lishi mumkin.
Xatshunoslik ekspertizasi kirilcha va lotin alifbosi asosida bajarilgan qo‘lyozma va imzolarni tadqiq qiladi. Boshqa tildagi yozuvlarni esa ekspertizasi o‘sha til bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Hatto bugungi kundagi xatshunoslik ekspertizasi katta va o‘rtacha hajmdagi oddiy sharoitda bajarilgan qo‘lyozmalar bo‘yicha shaxsning yoshi, jinsini aniqlash bilan bog‘liq masalalarni ham hal qilinadi.
Imzo kimniki?
Imzo shaxsiy belgi bo‘lganligi sababli, uni tadqiqot qilish uslubi o‘ziga xos xususiyatga ega. Muayyan shaxs nomidan bajarilgan imzoning avval aslligini hal etish joiz, ya’ni imzo shu shaxsning o‘zi tomonidan bajarilgan-bajarilmaganligi aniqlash talab etiladi. Faqat imzo asl emasligi aniqlangandan keyin bu imzo taxminiy (gumon qilinuvchi) ijrochi tomonidan bajarilganligini tekshirish mumkin.
Imzolarning aslligi quyidagi hollardagina tekshirilmaydi:
– agar imzosi tekshirilayotgan shaxs soxta, ya’ni umuman mavjud bo‘lmagan shaxs bo‘lsa;
– agar imzosi tekshirilayotgan shaxs savodsiz bo‘lib, nafaqat yozishni, hatto imzo qo‘yishni ham bilmasa (amaliyotda savodsiz shaxs imzo qo‘yishi mumkin bo‘lgan hollar uchrab turadi);
– agar tergovchi (sud)ning barcha tadbirlariga qaramay imzosi tekshiriladigan kimsaning shaxsi aniqlanmasa;
– shaxsning dastxati va imzosi bironta namunasi umuman topilmasa (ya’ni shaxs noma’lum tomonga ketgan, shaxsiy yozishmasini avvalgi turar joyidan, ish joyi arxividan topish imkoniyati bo‘lmasa).
Bu holatlar ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da albatta qayd etilishi lozim.
Sud xatshunoslik sohasida tekshiriladigan ob’ektlarni muayyan shaxs tomonidan bajarilganini aniqlash bilan bog‘liq identifikatsion hamda ayrim diagnostik masalalarni muvaffaqiyatli yechish uchun yetarli hajmda sifatli solishtiruv materiallari zarur.
Solishtirib tekshirish uchun taqdim etilgan dastxat yoki imzo namunalarining sifati ularni tekshiriladigan ob’ektlar bilan bajarish vaqti, hujjat turi, tili, yozish sharoitlari, bajarish usuli va boshqa tomonlari mos kelishi bilan belgilanadi.
Solishtiruv materiallarining soni yetarli bo‘lishi muayyan shaxs dastxatining o‘zgaruvchanligini, unga xos dastxat belgilarning individual yig‘indisini to‘liq ifodalashga imkon yaratadi.
Namunalarni shaxsning o‘zidan, ayrim sabablarga ko‘ra (shaxsning o‘limi, turar joyi noma’lumligi tufayli), tasdiqlash imkoniyati bo‘lmasa, namunalar shu shaxsga mansubligini aniqlash uchun oila a’zolariga, xizmat joyiga murojaat etish lozim. Ushbu holat ekspertiza tayinlash haqidagi qarorda qayd etiladi.
Solishtiruv materiallarni tayyorlashda ijrochining dastxati (imzosi)ga mansub hamma belgilar to‘liq namoyon bo‘lishiga e’tiborni qaratish lozim.
Dastxat (imzo) namunalari bilan tekshirilayotgan hujjatlarni faqat taqqoslash mumkin bo‘lgan taqdirdagina har tomonlama to‘liq tadqiqot o‘tkaziladi va qo‘lyozma yoki imzoning ijrochisi haqida ilmiy asoslangan xulosa beriladi.
Nargis Solieva,
Respublika sud ekspertiza markazi Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri