O‘zbek tilshunosligida ilmiy maktablar.
Научные школы в узбекском языкознании.
Scientific schools in Uzbek linguistics.
D.M. Yuldasheva.
Ilmiy rahbar: filologiya fanlari nomzodi, dotsent
M.A. Ermatova.
FarDU mustaqil izlanuvchisi
N.U.Abdumalikova
FarDU talabasi
Annotatsiya:
Ushbu maqolada ilmiy maktablar haqida, o‘zbek tilshunosligidagi ilmiy maktablarning tasnifi haqida, Farg‘ona tilshunoslik lmiy maktabi haqida, tilshunoslikda maktab yaratgan, nafaqat respublikamizda, balki xalqaro miqiyosda e’tirof etilgan olim, professor Alijon Mamajonov ilmiy merosini o‘rganish masalasi yoritilgan.
Аннотация
В данной статье рассматриваются научные школы, классификация научных школ в узбекском языкознании, Ферганская научная школа языкознания, а также изучение научного наследия профессора Алижона Мамажонова–ученого, создавшего школу в языкознании и признанного не только в нашей республике. но и на международном уровне.
Annotation
This article discusses scientific schools, the classification of scientific schools in Uzbek linguistics, the Fergana Scientific School of Linguistics, and the study of the scientific heritage of Professor Alijon Mamajonov, a scientist who created a school in linguistics and is recognized not only in our republic but also internationally.
Kalit so‘zlar: Ilmiy maktablar, o‘zbek tilshunoslik ilmiy maktablari tasnifi, ilk turkiy leksikografik maktab, o‘zbek formal tilshunosligi maktabi, o‘zbek substansial ilmiy maktabi, o‘zbek amaliy tilshunosligi maktabi, Farg‘ona tilshunoslik ilmiy maktabi, stilistika asoschisi,
Ключевые слова:Научные школы, классификация узбекских научных школ языкознания, первая тюркская лексикографическая школа, узбекская формальная лингвистическая школа, узбекская содержательная научная школа, узбекская практическая лингвистическая школа, ферганская научная школа языкознания, основоположник стилистики,
Keywords:Scientific schools, classification of Uzbek scientific schools of linguistics, first Turkic lexicographic school, Uzbek formal linguistics school, Uzbek substantial scientific school, Uzbek practical linguistics school, Fergana scientific school of linguistics, founder of stylistics,
KIRISH
Inson tug‘iladi, ulg‘ayadi, o‘qiydi, o‘rganadi. O‘z o‘rnida olingan bilim va malaka insoniyatni rivojlanish sari yetaklaydi. Ilm va tafakkurga ega insoniyat hayot tarzini osoyishtalikka, qulaylikka boshlaydi.
Insoniyat taraqqiyotining har bir davri ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, falsafiy qonuniyat va holatlardan kelib chiqqan holda ilmiy tafakkur darajasi va xususiyatlarini belgilaydi. Bu bevosita tafakkur mahsuli bo‘lgan fanlar va ularning rivojlanish taraqqiyotida o‘z ifodasini topadi.
Fanni yangi bosqichga olib chiqish yangi ilmiy maktablar zimmasiga tushadi. Tilshunoslik taraqqiyotida ilmiy maktablar xususida fikr yuritganda, avvalo ilmiy maktab tushunchasiga izoh berish zarur.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR
Ilmiy maktab–ilmiy qarashlar yaxlitligi va betakrorligiga asoslangan ilmiy jamoa. U kafedra, institut, mamlakat doirasida olimlarning muayyan ilmiy g‘oya atrofida birlashuvlari asosida shakllanadi. Ilmiy maktab zakovati, qiziqishlar doirasi hamda ish uslubi yangi-yangi iste’dodlarni kashf qilish va jalb etishda katta ahamiyat kasb etadigan fan darg‘asi ta’sirida tashkil topadi. Bu ilmiy jamoa ichidagi munosabatlar tadqiqotlarning natijalari emas, balki ijodiy-ilmiy ishlar samaradorligini sezilarli darajada oshiradigan asl g‘oyalar haqidagi axborot almashuvlari ko‘rinishida bo‘ladi.[1]
Bir ilmiy g‘oya muayyan maktab doirasida turli ko‘rinishga ega bo‘lishi ham mumkin. Bu–ijobiy hodisa. Zero, u yangidan-yangi maktablar shakllanishi va taraqqiy etishiga olib keladigan firqa va taraflar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Tilshunoslar G‘ofir Hamroyev hamda Husan Nishonovning “Ma’rifat-Учитель Узбекистана” gazetasida yoritgan maqolasidagi fikricha, ilmiy maktablar quyidagicha tavfsiflanadi:
Ilk turkiy leksikografik maktab.[2] Manbalarda eski turkiy til atamasi bilan nomlanuvchi til turkiy, sharqiy turkiy, chig‘atoy tili kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Ammo uning umumturkiy tildan ajralib, alohida yaxlitlik maqomiga ko‘tarilganligini, boshqa turkiy tillardan farqli xususiyatlarini asoslash, kelgusida milliy til sifatida e’tirof etiladigan bu tilning o‘ziga xos xususiyatlarini, fonetik, leksik-grammatik qurilishini tavsiflash ijtimoiy, qolaversa, ulkan ma’naviy-mafkuraviy ahamiyatga ega edi va u tarixiy zarurat, o‘ziga xos ijtimoiy buyurtma sifatida namoyon bo‘ldi. Bu buyurtmani qabul qilish va zaruratni ado etish turkiylardan yetishib chiqqan, XI asrda yashab o‘tgan qomusiy bilim sohibi, to‘ng‘ich turkiy tilshunos, adabiyotshunos, geograf, etnograf, tarixchi, sayyoh Mahmud Qoshg‘ariy zimmasiga tushdi.
Olim qoraxoniylar davlati xalqini turk(turklar) atamasi bilan qayd qildi, ularning tilini, avvalo, shu mintaqada yashayotgan turkman, o‘g‘uz va uyg‘ur qavmlari hamda ularning tilidan farqladi.
Adabiy manbalarni tahlil qilish-so‘z ma’nolariga, ularning qo‘llanishiga e’tibor berish, izohlash, lisoniy, ma’rifiy qiymatini ochish, asarlarning tarjimasi kabi masalalar bilan shug‘ullanish keyingi davr leksikografiyasining maqsad va vazifasi bo‘ldi.
Bunda Eron shohi Nodirshohning kotibi astrobodlik Nizomiddin Muhammad Hodi al-Husayniy as-Safaviy(Mirzo Mehdixon)ning “Sangloh” (1760), Jamoliddin Muhammad Abdulloh Turkiyning taxminan XIV asrda yozilgan “Kitob-ul-lug‘at al-mushtoq fi lug‘ati-t-turk val-qafchoq” (“Turk va qipchoq tillariga mushtoqlarni qiziqtiruvchi kitob”), o‘rta asr tilshunos-turkiyshunoslaridan bo‘lgan Asiruddin Abu Hayyon al-Andalusiy (1256-1345)ning “Kitobul-idrok lil-lisonil atrok”, undan foydalanib XIV-XV asrlarda yozilgan va muallifi noma’lum “Attuhfatuz-zakiyatu fil-lug‘atit-turkiya” asarlari ham ana shunday an’ana mahsulidir. Keyingi davr jahon an’anaviy va zamonaviy lug‘atchiligi uchun o‘ziga xos yo‘l ochildi.
O‘zbek formal tilshunosligi maktabi.[3] Adabiy til–milliy yaxlitlikka erishishning, milliy yaxlitlik esa milliy taraqqiyotning bosh omili. Unga erishish zarurati natijasi o‘laroq vujudga kelgan o‘zbek an’anaviy (formal) tilshunosligi vakillari o‘zbek tili qurilishini tavsiflash umumiy vazifasi ostida birlashishdi. XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, Y.D.Polivanov, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Faxri Kamolov, Ulug‘ Tursunov, Ayyub G‘ulomov va ular izdoshlarining xizmati katta. Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutuqlari asosida o‘rganildi va o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligi o‘laroq shakllandi. Tilshunoslikning bugungi mavjud barcha bo‘limlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlari vujudga keldi. Ular asosida imlo va talaffuz qoidalari yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan me’yoriy darslik, qo‘llanma va ilmiy grammatikalar yaratildi. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursining mutaxassislar tayyorlashda fundamental predmet sifatida o‘qitilishi mazkur ijtimoiy zarurat asosida kechdi. Natijada ta’lim, matbuot, radio, televideniye, rasmiy ish yuritish, kitobatchilik ishlarida o‘zbek adabiy tilining ustuvorligiga erishildi. Adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ijtimoiy buyurtmani olgan o‘zbek an’anaviy tilshunosligi o‘zbek adabiy tilining imlo qoidalari, imlo lug‘ati, talaffuz me’yorlari, o‘zbek adabiy tilining akademik grammatikalari, shuningdek, o‘zbek tilining 2 tomli izohli lug‘ati nashr etilishi bilan o‘tgan asrning 80-yillarida o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Bu holat yetakchi o‘zbek tilshunoslari tomonidan e’tirof etildi.
O‘zbek substansial tilshunosligi ilmiy maktabi.[4] Fanning yangi avlod olimlari o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari, bo‘yicha ko‘tarilgan masalalarni ikkiga bo‘lish mumkin: 1)o‘zbek tilshunosligi oldiga 30–40-yillarda qo‘yilgan va 40–50-yillarda amalga oshirgan vazifasi. Bunda o‘zbek tili turli sath birliklarining zamonaviy tahlil usullarida berilgan mukammal tavsifi, belgilangan adabiy til me’yorlari, ta’limning turli bosqichi uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanmalari, darslik hamda lug‘atlar asosida to‘laqonli nazariy tushunchalar hosil qilish, xususiyliklarda umumiylikni, hodisalarda mohiyatni, oqibatlarda sababni, voqeliklarda imkoniyatni ochish darajasiga ko‘tarish masalalari qo‘yilgan; 2) tilni o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda alohida milliy yaxlitlik sifatida tadqiq qilish. Bu vazifalarni ado etish “imkoniyatlar tilshunosligi” degan nomga sazovor bo‘lgan, o‘zbek an’anaviy tilshunosligining vorisi–o‘zbek substansial tilshunosligi maktabi zimmasiga yuklatildi. Ilmiy maktabning tamal toshlari filologiya fanlari doktori, professor Hamid Ne’matov tomonidan qo‘yilib, uning izdoshlari va maslakdoshlari tomonidan turli yo‘nalishlarda davom ettirildi. Bu tilshunoslik o‘zbek tilining lisoniy va nutqiy strukturalarini farqlash, lisoniy struktura va lisoniy birliklarni, ularning imkoniyatlarini aniqlash borasida izchil tadqiqotlar olib borib, tilning fonetik, leksik, morfologik, sintaktik lisoniy strukturalarini va birliklarini dialektik tadqiq metodologiyasi asosida tekshirdi. Hatto o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘rganish jarayonida ochilgan substansial qonuniyatlar (masalan, lisoniy darajalanish) bugungi kunda g‘arb tilshunosligining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan matn tahlil tadqiqotlarida keng qo‘llanilayotganligini iftixor ila qayd etish lozim.
O‘zbek amaliy tilshunosligi ilmiy maktabi Asrimiz boshida lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishini tekshirishga, undan amaliy foydalanish samaradorligini oshirish, qo‘llanish doirasini kengaytirish muammolari bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishish talab qilina boshladi va u yangi asr tilshunosligi zimmasiga yuklatilayotgan ijtimoiy buyurtma sifatida namoyon bo‘ldi. Bu esa lisoniy imkoniyatlarning amaliy voqelanishi, undan samarali foydalanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi matn tilshunosligi, sintaksis, stilisika, o‘quv lug‘atchiligi, amaliy leksikografiya, sintaksis, stilisika, lingvoma’naviyatshunoslik, lingvistik ekspertologiya kabi fan yo‘nalishlarining yaxlit ilmiy maktab sifatida shakllanishiga olib keldi.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
O‘zbek tilshunosligida yaratilgan ilmiy maktablarning milliy lingvistik tafakkur takomiliga ta’siri yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilgan. Farg‘ona davlat universiteti filolog olimlari faoliyati misolida ularning ilmiy merosilari zamonaviy ilm-fan rivojiga katta ta’sir qilganligi va o‘ziga xos ilmiy maktab yaratilganligi, bu maktab o‘zbek faniga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilganligi haqida bayon etamiz.
Farg‘ona tilshunoslik ilmiy maktabi.[5] Tarixga bir nazar tashlasak, Farg‘ona Oliy pedagogika instituti O‘zbekiston Xalq Komissarlari Sovetining 1930-yil 1-maydagi qarori bilan tashkil topgan. 1991-yil 1-martdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq universitet maqomi berildi. U O‘zbekistonda Toshkent, Samarqand, Nukusdan keyingi to‘rtinchi universitetdir.
Tarixiy fakt va tahlillarni ko‘rsatishicha, ushbu ta’lim muassasasi va uning tarkibidagi dastlabki kunlardan faoliyat ko‘rsatgan filologiya fakulteti nafaqat Farg‘ona vodiysi balki, mamlakatimiz xalq xo‘jaligi uchun minglab malakali pedogog kadrlarni yetishtirib berish bilan birga, o‘zbek fani taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan olimlar, davlat va jamoat arboblarini, akademiklarni, O‘zbekiston xalq shoirlarini, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a`zoslarini, fan doktorlarini, professorlarni, fan nomzodlarini, dotsentlarni ham tarbiyaladi. Eng asosiysi tilshunoslik hamda adabiyotshunoslik yo‘nalishlarida mumtoz adabiyot poetikasi, roman poetikasi, badiiy nutq, qiyosiy tipologik adabiyotshunoslik, dialektologiya, stilistika, til tarixi, turkologiya, matn lingvistikasi, maydon nazariyasi, sistem tilshunoslik, paragmalingvistika, nutq madaniyati kabi sohalar bo‘yicha katta ilmiy maktablar yaratildi va bugun ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
2004-yildan ingliz, nemis, fransus, rus, xitoy tillari yo‘nalishlari birlashib, “Filologiya fakulteti” nomi bilan ataldi. 2014-yilga kelib, rus tili va adabiyoti yo‘nalishlari filologiya fakulteti tarkibida alohida ajralib chiqdi.[6]
Fakultetning tashkil topishi, uning an’analari va rivojlanishi yetuk filolog kadrlarni tayyorlash ishiga o‘zlarining katta hissalarini qo‘shgan Bakir Cho‘ponzoda, Aabdurahmon Sa’diy, Konstantin Yudaxin, B.Chistyakov, Ahror Marufov, U.Tursunov, G‘anijon Abdurahmonov, Karimjon Yusupov, U.Xolmatov, Turdi Rustamov, A.Ibrohimov, Ismoiljon Farmonov, Azimjon Rahimov, Akbarjon Matg‘oziyev, M.Matg‘oziyev, M.Mukarramov, Yo‘ldosh Solijonov, Alijon Mamajonov kabi taniqli filolog olimlar nomi bilan bog‘liq.
Tilshunoslik kafedrasi 1930-yil may oyida Farg‘ona pedagogika institutining “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi sifatida tashkil etilgan.[7] Bu kafedra o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tilshunosligining fan sifatida shakllanishi va rivojlanishida, tilshunos ilmiy-pedagogik xodimlarning tarbiyalashda juda katta xizmat qiladi.
Kafedrada akademik G‘anijon Abdurahmonov, professorlar Bakir Cho‘ponzoda, Abdurahmon Sa’diy, Konstantin Yudaxin, Mamajon Mukarramov, Akbarjon Matg‘oziyev, Haydarali Uzoqov, dotsentlar Ahror Ma’rufov, Karimjon Yusupov, Turdi Rustamov, Hasanxon Rustamov, Ismoiljon Farmonov, Halimaxon Boltaboyeva, Hayrullo Fattohov, To‘ychi Turg‘unov kabi ko‘plab taniqli olimlar mehnat qilishib, milliy tilshunosligimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishgan.
Tilshunoslik kafedrasi ilmiy salohiyat jihatidan respublikamizda tan olingan nufuzli kafedralardan bo‘lib, kafedra qoshida 1968-yildan maqsadli aspirantura, 1996-yilda doktarantura faoliyat ko‘rsatgan, 2000-yildan magistratura. 2012-yildan katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
O‘zbek tilshunosligi kafedrasining respublika miqiyosida nufuzi ortishiga G‘anijon Abdurahmonovning o‘rni katta. Olimning hozirgi o‘zbek tili sintaksisi va tarixiy sintaksis bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari, ayniqsa, e’tiborga loyiqdir. U ilk bora o‘zbek tilida ajratilgan gap bo‘laklari mavjudligi haqidagi masalani o‘rtaga tashladi va uni nazariy jihatdan har tomonlama asoslab berdi. ”O‘zbek adabiy tilining qo‘shma gap sintaksisi asoslari” monografiyasida qo‘shma gapning hali o‘rganilmagan va o‘zbek tilshunosligida ta’riflanmagan konstruksiyasi—bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar haqida bahs yuritdi hamda shunday sintaksis qurilmaning o‘zbek tilida mavjudligini faktlar asosida isbotladi.
G‘anijon Abdurahmonovning o‘zbek tili sintaksis, o‘zbek tilida ajratilgan gap bo‘laklari, o‘zbek adabiy tilining qo‘shma gap sintaksisi masalalari, shu bilan birga, o‘zbek tili tarixi, sintaksik qurilmalarning tarixiy rivoji ayrim yodgorliklar tilining sintaktik tuzilishi kabi masalalarni o‘rganishga doir xizmatlari fanimiz ravnaqiga slamoqli hissa bo‘lib qo‘shildi.
1958-1963-yillarda o‘zbek tilshunosligi kafedrasiga filologiya fanlari nomzodi, dotsentning ikkinchi yirik yo‘nalishi o‘zbek tili Ahror Ma’rufov mudirlik qildi.[8]
O‘zbek tilshunosligi kafedrasining ikkinchi yirik yo‘nalishi o‘zbek tili grammatikasi, ayniqsa, sintaksisni tavsifiy tadqiq etish sanaladi. Kafedrada bu yo‘nalishning boshlanishi Ahror Ma’rufov nomi bilan bog‘liq. 1935-yildan kafedra o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan Ahror Ma’rufov 1949-yilda “O‘zbek tilida hol ergash gaplar ”, 1961-yilda H.Rustamov “O‘zbek tilida to‘ldiruvchi ergash gaplar” mavzularida nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar.
Tilshunoslikning nazariy jihatdan mustahkamlanishida zukko olim, o‘nlab Farg‘ona tilshunoslrining ustozi Yahyoxon Zulfiyev(1930-2011)ning xizmatlari katta. Respublikamizning zabardast olimlari—akademiklar A.Xojiyev, G‘. Abdurahmonov, professorlar A.Nurmonov, E. Umarov kabilar Ya. Zulfiyevga yetuk nazariyotchi olim sifatida alohida e’tibor bilan qaraganlar.
Tilshunoslik kafedraning zabardast olimi, ilmiy tafakkurda, ilmiy izlanishda jilvakor biomaydon yarata olgan ustoz, professori Alijon Mamajonov sintaktik sohada diqqatga sazovor izlanishlar olib borish bilan birga, o‘zbek tilshunosligiga yangi yo‘nalish—matn lingvistikasining kirib kelishiga katta hissa qo‘shdi, o‘z o‘rnida sintaktik sohada nafaqat respublikamizda, balki xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yirik ilmiy maktab yaratdi.
FarDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasining respublika miqyosidagi ilmiy salohiyati hisobga olingan holda 2003-yilda Farg‘ona davlat universiteti huzurida 10.02.02-o‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun Ixtisoslashgan ilmiy Kengash ochildi. Kengash raisi sifatida filologiya fanlari doktori, professor Alijon Mamajonov, ilmiy kotib esa filologiya fanlari doktori, dotsent M.Hakimovlar faoliyat olib bormoqdalar.
2003-2005-yillarda faoliyat olib borgan mazkur ilmiy Kengashda Farg‘ona vodiysi hamda qo‘shni Qirg‘istonda ilmiy izlanish olib borayotgan ko‘plab tadqiqotchilar nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishga erishdilar.
Hozirda FarDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi a’zolari o‘zbek tilshunosligining bugungi kundagi dolzarb muammolariga bag‘ishlangan o‘nlab tadqiqotlar olib borishmoqda. Kafedrada 10.00.01-o‘zbek tili mutaxassisligi, xususan, nutq madaniyati, tilni sistema sifatida o‘rganish, sintaksis, matn lingvistikasi, pragmalingvistika, til tarixi muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.[9]
XULOSA
Xulosa qilib shuni aytish joizki, o‘zbek tilshunosligida yaratilgan ilmiy maktablar bag‘rida til tafakkuri takomiliga o‘z hissasini qo‘shgan ilmiy izlanishlar olib borilgan. Biroq alohida olimlar faoliyatini o‘rganish tilshunoslik kun tartibida to‘liq hal etilmagan.
Tilshunoslikda maktab yaratgan, nafaqat respublikamizda, balki xalqaro miqiyosda e’tirof etilgan olim, professor Alijon Mamajonov ilmiy merosini o‘rganish masalasi ustuvor masalalardandir. Chunki uning o‘zbek tilshunosligida dolzarblik kasb etgan, matn tilshunosligiga oid qator nazariy qarashlari, o‘zbek tilida qo‘shma gap stilistikasi, ayniqsa, qo‘shma gapda qo‘llanuvchi figuralar, takror va uning stilistik funksiyasi, qo‘shma gap turlarining turli nutq stillarida qo‘llanishi, sintaktik sinonimiya, parallelizm, qo‘shma gapdagi sinonimlar turi (bog‘lovchilar, parallel konstruksiyalar, ifoda variantlari va boshqalar) bog‘lovchi vositalarda polisemiya masalalari juda katta material asosida tahlil etilib, bu borada chiqargan ilmiy-amaliy xulosalari katta ahamiyatga ega.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- http://marifat.uz/marifat/ruknlar/manaviat/Shakllanayotgan-ilmiy-maktablar-ozbek-amaliy-tilshunosligi.htm
- F26 Farg‘ona filologiya maktabi: ilmiy-publisistik nashr/to‘plovchi va nashrga tayyorlovchilar: Y.Solijonov, Sh.Iskandarova, Z.Rahimova, – Farg‘ona: “Farg‘ona” nashriyoti, 2015. – 128 bet.
- Mamajonov A. Tekst lingvistikasi. O‘quv qo‘llanmasi. – Toshkent: ToshDPI nashri, 1989. – 62 b.
- Mamajonov A., Abdupattoev M. Matn sintaksisi. – Farg‘ona: FarDU nashri, 2002. – B. 4-25.
- Mamajonov A. Tekst lingvistikasi. –T: TDPI., 1989, 15-bet.
- Y. D. Muhamadaliyevna, M. A. Ermatova. Professor A.Mamajonov- uslubshunos olim. Educational Research in Universal Sciences ISSN: 2181-3515 VOLUME 2 SPECIAL USSUE 8 2023 Avgust. 20-23-betlar.
- Y. D. Muhamadaliyevna, M. A. Ermatova, N.A.Abdumalikova. Professor A. Mamajonovning o‘zbek xalq maqollaridan foydalanish mahorati. FarDU ilmiy xabarlari jurnali 2023-yil 5-sonining 1-seriyasi “IJTIMOIY GUMANITAR FANLAR” 124-128-betlar
- A. Mamajonov Qo‘shma gap stilistikasi. – Toshkent: FAN nashriyoti.
- O‘zbek tili stilistikasi. Toshkent – 1983, 123-bet.
- 10. Д.М.Юлдашева, доцент ФерГУ. Исследователь: М.А.Эрматова. О МОНОГРАФИИ ПО СТИЛИСТИКИ СЛОЖНОГО ПРЕДЛОЖЕНИЯ А.МАМАЖОНОВА\\ JOURNAL OF ADVANCED SCIENTIFIC RESSEARCH. 3. Issue 7 page 78. 2023. Impactfactorsearch 8.4.
- G. Roziqova, M. Mamajonov. El ardog‘idagi olim.-Farg‘ona- 2006.