Bino va inshootlarning texnik holatini aniqlash usullari

Bino va inshootlarning texnik holatini aniqlash bugungi qurilish-texnik ekspertizalar tizimining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Respublikamizda qurilish fondining yillik o‘sishi, eskirgan obyektlar sonining ortishi hamda xavfsiz ekspluatatsiya talablari kuchaygani bois ushbu jarayonni ilmiy-uslub asosida amalga oshirish talab etiladi. Ayniqsa, Respublika sud ekspertizasi Markazida bino va inshootlarning texnik holatni aniqlash bo‘yicha yangi ekspertiza turi joriy etilayotgani ushbu xizmatning huquqiy, ilmiy va amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.

Bino inshootlar texnik holatini aniqlash jarayoni tashqi ko‘rik (vizual baholash) va maxsus qurilmalar yordamida instrumental tadqiqotlar orqali amalga oshiriladi.

Vizual tekshirishlarning ilmiy mazmuni.

Bino va inshootlarning hisobiy sxemasini, shikastlanishlarini, nuqsonlarini, deformatsiyalarini va ularning paydo boʻlish sabablarini, ulardan texnik foydalanish qoidalarining buzilganligini aniqlash uchun bino va inshootlarning holatini toʻliq tashqi oʻrganish tushuniladi.

Vizual tekshiruvning maqsadi

Konstruktiv elementlar yuzasidagi ko‘rinadigan nuqsonlarni qayd etish;

Yoriqlar, cho‘kishlar, qiyshayishlar, yemirilishlar va deformatsiyalarni aniqlash;

Namlik, korroziya, betonning parchalanishi va boshqa fizik-kimyoviy o‘zgarishlarni baholash;

Yuk ko‘taruvchi elementlar holatini dastlabki tahlil qilish.

Instrumental tekshirishlarning ilmiy asoslari.

Qurilish konstruksiyalarining texnik holatini baholash uchun yakuniy maʼlumotlarni toʻplash, asbob-uskunalar yordamida konstruksiyalarning mustahkamlik koʻrsatkichlarini aniqlash, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilishda konstruktiv yechimlarni tanlash va boshqalar.

Instrumental tekshirishning vazifalari.

Konstruksiyalar ichki holatini aniqlash;

Beton, metall yoki yog‘och elementlarning mustahkamlik ko‘rsatkichlarini o‘lchash;

Deformatsiya kattaliklarini aniqlash;

Cho‘kish va qiyshayish jarayonlarini monitoring qilish;

Korroziya darajasini o‘lchash.

Bino va inshootlarning texnik holatini aniqlash ekspertizasi: fuqarolar va yuridik shaxslar uchun yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Respublika Sud ekspertiza markazi tarkibida “Bino va inshootlarning texnik holatini aniqlash” yo‘nalishining joriy etilishi bugungi kunda fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va davlat tashkilotlari uchun muhim amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tadqiqot turi Respublika bo‘yicha qurilish-texnik xavfsizlikni oshirish, nizoli holatlarda huquqiy aniqlikni ta’minlash va mulkni ishonchli baholashga xizmat qiluvchi dolzarb ekspertiza yo‘nalishidir.

Ushbu ekspertiza turi quyidagi asosiy afzalliklarni taqdim etadi:

Fuqarolar uchun afzalliklar

  1. Xavfsizlikni ta’minlash. Uy-joylarning yaroqlilik darajasi, konstruksion elementlarning mustahkamligi, avariya holatlari xavfi bo‘yicha aniq xulosa olinadi. Bu esa fuqaro hayoti va mulkini himoya qilishga xizmat qiladi.
  2. Mulk bilan bog‘liq nizolarni hal etish. Ko‘chmas mulkni taqsimlash, meros masalalari, qo‘shnilar bilan kelib chiqadigan qurilish nizolari yoki qurilishdan zarar ko‘rish holatlarida rasmiy ekspertiza xulosasi ishonchli dalil bo‘lib xizmat qiladi.
  3. Uy-joyni rekonstruksiya qilishda huquqiy aniqlik. Ta’mirlash yoki qo‘shimcha qurilishlar oldidan konstruksiyalarning ko‘tarish qobiliyati bo‘yicha xolis xulosa beriladi, bu esa kelgusidagi huquqiy muammolarni oldini oladi.

Yuridik shaxslar uchun afzalliklar

  1. Qurilish obyektlarining texnik auditi. Tadbirkorlar, qurilish tashkilotlari va investorlar uchun obyektning amaldagi texnik holati bo‘yicha mustaqil, xolis va ilmiy asoslangan baho taqdim etiladi.
  2. Shartnoma nizolarining oldini olish. Pudratchi va buyurtmachi o‘rtasidagi sifat, material, konstruksion yechimlar yuzasidan kelib chiqadigan tortishuvlarda ekspert xulosasi asosiy hujjat sifatida qo‘llaniladi.
  3. Avariya holatlari bo‘yicha mas’uliyatni aniqlash. Konstruksion buzilishlar, cho‘kishlar, yong‘in yoki boshqa texnik sabablardan yuzaga kelgan zarar bo‘yicha sabablar va aybdorlik masalasi ekspertiza orqali aniq belgilanadi.
  4. Loyihaning ekspluatatsiya xavfsizligini ta’minlash. Korxonalar va tashkilotlar foydalanayotgan bino va inshootlarning texnik yaroqliligi aniqlanib, xavfsiz ekspluatatsiya bo‘yicha aniq tavsiyalar beriladi.

Davlat organlari uchun ahamiyati

  1. Fan-texnika taraqqiyoti asosida ekspertiza jarayonlarining standartlashganligi huquqiy munosabatlarda shaffoflikni kuchaytiradi.
  2. Shikoyat, nizoli qurilish holatlari, texnogen xavflarni baholashda markazning xulosalari davlat organlari uchun ishonchli ekspert manbasi bo‘lib xizmat qiladi.
  3. Hududlardagi avariya holatlarini kamaytirishga, qurilish intizomini kuchaytirishga va nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Respublika Sud Ekspertizasi Markazida ushbu ekspertiza yo‘nalishining joriy etilishi

Bugungi kunda sud qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limida yangi “Bino va inshootlarning texnik holatini tadqiq qilish” tadqiqot turi joriy etilib, ushbu ekspertiza turining yo‘lga qo‘yilishi odil sudlov jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Bino va inshootlarning texnik holatini aniqlash bo‘yicha maxsus ekspertiza yo‘nalishining joriy etilishi bir qator muhim amaliy natijalarni bermoqda:

Sud-tergov organlari uchun bino va inshootlarning texnik holati bo‘yicha hal qiluvchi texnik dalillar yaratiladi;

Jismoniy va yuridik shaxslar bino va inshootlarni qurilish-montaj ishlarida (qurilish boshlanmasdan avval) hamda bino va inshootlarida avariya holatlarining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan mutaxassis fikrini olishlari mumkin bo‘ladi.

Mazkur yo‘nalishning rivojlanishi Respublikamizda olib borilayotgan qurilish ishlarining sifati, aholining xavfsizligi va infratuzilma barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Hozirgi vaqtda Respublika sud-ekspertiza Markazining sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi bo‘limida bino va inshootlarning texnik holatini aniqlashda kerak bo‘ladigan

Quyidagi asbob-uskunalar mavjud.

A1220 MONOLITH (MONOLIT) ultratovushli nizkochastotniy defektoskop – beton buyumlarning qalinligini o‘lchash, bo‘shliqlar va yoriqlarni qidirish, dag‘al donali materiallarning ichki tuzilishini o‘rganishga mo‘ljallangan uskuna;

Pulsar 2-2 – Beton konstruksiyalardagi bo‘shliqlar, nuqsonlar va yoriqlarning chuqurligini ultratovush to‘lqinlari yordamida aniqlovchi apparat.

Molotok Shmidta (sklerometr) MSh-225. Beton va boshqa qurilish materiallarining mustahkamligini o’lchash uchun mo’ljallangan qurilma.

IPA-MG4, IPA-MG4.01- Beton himoya qatlamini aniqlovchi qurilma. Ushbu qurilma temir-beton konstruksiyalarning bo‘ylama o‘q armaturalarini aniqlash, mazkur armaturalarning diametri hamda himoya qatlamining qalinligini aniqlash uchun mo‘ljallangan.

RIDGID micro CA‑350 — qo‘l bilan ishlatiladigan inspeksiya (nazorat) kamera-uskunasi bo‘lib, qiyin yetib bo‘lmaydigan joylardagi nasos idishlari, quvurlar, drenaj tizimlari, bo‘shliqlar, teshiklar va boshqa inshootlarning ichki qismlarini vizual kuzatish uchun mo‘ljallangan.

Bu qurilmalar orqali bo‘limning ish samaradorligini oshirish va yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan holda qurilish ob’ektlari bo‘yicha yuqori darajadagi aniqlikda tadqiqotlar olib borilishi ko‘zda tutilmoqda.