Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasining imkoniyatlari

Bugungi raqamli davrda jamiyat hayotining biror sohasini kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur etish mushkul. Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi inson faoliyatining barcha yo‘nalishlariga, jumladan, huquqni muhofaza qilish tizimiga ham chuqur kirib bordi. Biroq, bu rivojlanish bilan bir qatorda, texnologiyalardan jinoyat sodir etishda foydalanish holatlari ham ortib bormoqda. Ayniqsa, jinoyatlar nafaqat kompyuterlar orqali, balki mobil aloqa vositalari, smart qurilmalar, dronlar va boshqa raqamli texnika vositalari yordamida amalga oshirilayotgani kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan, raqamli dalillarni aniqlash, qayta tiklash va tahlil qilishda X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi huzuridagi Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasi bo‘limi muhim o‘rin egallaydi. Bo‘lim mutaxassislari fuqarolik, iqtisodiy va jinoiy ishlar bo‘yicha, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy murojaatlari asosida kompyuter-texnikaviy ekspertiza tadqiqotlarini olib borib, tergov va sud organlariga ilmiy asoslangan ekspert xulosalarini taqdim etmoqda.

Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasining asosiy yo‘nalishlari

Bo‘lim ekspertlari tomonidan quyidagi obyektlar ustida keng ko‘lamli tadqiqotlar olib boriladi:

Kompyuterlar, noutbuklar, netbuklar, planshetlar, mobil telefonlar, smart soatlar va dronlar;

Raqamli xotira kartalari, flesh-disklar, tashqi va ichki disklar;

Shifrlangan yoki o‘chirilgan ma’lumotlarni tiklashga doir qurilmalar.

Fototexnika

Tadqiqot jarayonida ekspertlar o‘chirilgan yoki yashirilgan fayllarni tiklash, shifrlangan ma’lumotlarni deshifrlash, buzilgan qurilmalar xotirasidan ma’lumotlarni o‘qish, bloklangan qurilmalarni ochish kabi murakkab texnik amallarni bajaradi. Bu jarayonlar maxsus dasturiy-texnik vositalar yordamida amalga oshiriladi.

Natijada tergov organlariga jinoyatga aloqador ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobot va ekspert xulosasi taqdim etiladi. Hisobotlar odatda PDF, Word yoki Excel formatida tayyorlanadi hamda kerakli ma’lumotlar DVD yoki boshqa raqamli tashuvchilarga yozilib, rasmiy tartibda topshiriladi.

Zamonaviy texnik vositalar va dasturiy imkoniyatlaridan foydalangan holda Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasini o’tkazish natijasida quyidagi imkoniyatlarga ega bo’lamiz:

  • Shifrlangan ma’lumotlarni deshifrlash va o‘qish;
  • 800 dan ortiq fayl formatlarini avtomatik tahlil qilish;
  • Elektron pochta xabarlarini va ularning metama’lumotlarini o‘qish;
  • Brauzer tarixi va internet faoliyatini tiklash;
  • Mobil telefonlardagi qo‘ng‘iroqlar, xabarlar, messenjer yozishmalari (WhatsApp, Telegram va boshqalar)ni olish va tahlil qilish;
  • Qurilmalarga ulanib ishlagan tashqi qurilmalarni aniqlash;
  • Fayllardagi yashirin yoki qo‘shimcha (metadata) ma’lumotlarni ajratib olish.
  • Bu vositalar nafaqat tergov jarayonlarini tezlashtiradi, balki dalillarning haqqoniyligi va ishonchliligini ham ta’minlaydi.

Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasi – zamonaviy texnologiyalar bilan chambarchas bog‘langan, yuqori malaka va chuqur bilimni talab qiluvchi sohadir. Bu ekspertiza turi jinoyatlarni fosh etishda, dalillarni ishonchli tarzda tahlil qilishda hamda sud-tibbiy va kriminalistik tekshiruvlar sifatini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega.

Raqamli jinoyatlar soni ortib borayotgan bugungi kunda, ushbu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, yangi texnik vositalarni joriy etish va xalqaro tajribani tatbiq etish dolzarb vazifalardan biridir.

 

D.Sh. Ataniyazov

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi

Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist.