Adolat va odillik omili

Buning amaldagi ifodasini sud ekspertizasi tizimida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Masalaning mohiyatini aniqlash, haqiqatni ro‘yobga chiqarish, qonun va adolat tantanasini ta’minlashda ushbu tizimning o‘rni va roli nihoyatda katta. Bu boradagi serqirra tadbirlar, ko‘lamdor ilmiy-amaliy tadqiqodlar yaqin-yaqinlargacha asosan Toshkent shahrida: X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan amalga oshirib kelingani, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari bilan bog‘liq taxchilliklar mazkur amaliyotni boshqa hududlarga ko‘chirish yo‘lidagi orzu-umidlarga mudomo to‘siq bo‘lib kelgani ko‘pchilikka yaxshi ayon.

Yurtimizda keyingi salkam o‘n yilning yo‘rig‘i o‘zgacha bo‘ldi. Mamlakatdagi yagona davlat ekspertiza tizimi yurtimizning hamma hududlari bo‘ylab ildiz yoydi. Joylarda markazning o‘nlarcha yangi bo‘g‘in va shoxobchalari tarkib topdi. Ular shunchaki yoki nomigagina shakllangani yo‘q. Aksar shoxobchalar eng so‘nggi rusumdagi tadqiqod vositalari, asbob-anjomlar, laboratoriya uskunalari bilan jihozlandi. Shu asnoda o‘ta aniq yechimlar, jiddiy va murakkab tadqiqodlarni talab etuvchi ekspertiza tadbirlarini hududlarda ham bekamu-ko‘st amalga oshirish imkoni tug‘ildi.

Shu o‘rinda Xorazm–Respublika sud-ekspertiza tizimining mamlakatimiz viloyatlaridagi ilk shoxobchalardan biri tarkib topgan go‘sha sifatida tizim tarixidan munosib o‘rin topganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Kelasi yil uning shakllanganiga chorak asr to‘ladi. Faoliyatini yakka-yu, yagona xizmat turi– avtoulovlar ekspertizasi va ularni baholash bilan shug‘ullanuvchi atigi bir nafar xodim bilan boshlagan mazkur shoxobcha endilikda butun boshli jamoaga aylandi. Ayni kunda bu yerda jami 9 nafar mas’ul xodim jismoniy va yuridik shaxslar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga turli yo‘nalishlarda ekspertiza-taqiqod xizmatlarini ko‘rsatayapti.

Jamoa o‘tgan yili xizmatning yangi va zamonaviy turi–odam DNKsi xizmatini joriy etish: ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘pchilikni uzoq yillar mobaynida Toshkent-u, Xorazm orasidagi sarsongarchiliklarga ro‘paro‘ etib kelgan mash’um qiyinchilikni yo‘ldan olib tashlash, odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish singari xayru-savob amallar bilan boshladi. Markazning viloyat bo‘limi qoshida inson nasli-nasabi hamda otalik va onalik faktini aniqlash, qon namunalari va boshqa bir qator ashyoviy dalillarni taqdqiq va tahlil etish yumushlari bilan shug‘ullanuvchi sud-biologik DNK. laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshladi. Eslatish zarur: bunday laboratoriyalar hozir Urganchdan tashqari Samarqand va Farg‘ona shaharlarida ham faoliyat ko‘rsatayapti.

Joriy etilgan qulaylik shuning o‘zidangina iborat emas. U xizmatlar miqyosi va ko‘lamining jiddiy hamda sezilarli tarzda ortgani, kengaygani, xizmat qamrovi yanada keng doiraga chiqqani bilan izohlanadi. Shu o‘rinda tizim faoliyatida paydo bo‘lgan ushbu qulaylikdan muayan idora va tashkilotlar (Tizim muqaddam davrda asosan huquq tartiboti idoralariga xizmat ko‘rsatgan) bilan bir qatorda barcha oddiy fuqarolar ham to‘la bahramand bo‘lishi mumkinligini qoniqish bilan ta’kidlamoq joiz. Yurtimiz aholisiga nisbatan joriy qilingan ushbu imtiyoz mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyovning “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 5-iyuldagi PF-6256-sonli Farmonida o‘zining mujassam va mufassal aksini topdi. Unga binoan Respublika Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan ro‘yxat asosida shartnomaviy tarzda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga belgilangan xizmat turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish, uning yakunlari bo‘yicha yuzaga kelgan fikrlar, chiqarilgan xulosalarni mafaatdor shaxslar, tegishli idoralarga taqdim etish huquqi berildi.

Mamlakat hududlarida odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalari tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar esa Respublika Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (2022 yil 10-yanvardagi 11-sonli) da yanada aniq va to‘laqonli aks etdi. Markazning hududiy bo‘limlari hamda mavjud sud-biologik laboratoriyalarini xalqaro ISO/IEC 17025 meyori talablariga javob beradigan binolarga joylashtirish, ushbu shoxobchalarni maxsus mebellar, komp’yuterlar, boshqa zarur texnika va jihozlar bilan ta’minlash nazarda tutildi. Vazirlar Mahkamasining bu dasturilamal ko‘rsatmasi hozirgi kelib, viloyatimizda to‘la-to‘kis ado etildi. Bo‘lim va unga qarshli DNK laboratroyasi har tomonlama qulay, ilmiy-amaliy tadqiqodlar uchun barcha shart-sharoitlar muhayo etilgan, zamonaviy va zaruriy vositalar bilan maxsus hamda yetarlicha jihozlangan binoga ega bo‘ldi. Bu singari imkonlar ish sifati, samardorligi va ko‘lamlarini mutassil oshirish garovi ekanligini tasavvur etish qiyin emas. Kechmish yili jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida 182 ta, ushbu yilning o‘tgan davri mobaynida esa 422 ta tahlil va tadqiqod tadbirlari amalga oshirilib, so‘rov bilan murojaat qilgan fuqarolar va yuridik shaxslarga mutaxassilarning asosli fikr va xulosalari taqdim etilgani fikrimiz dalilidir. Ular zamirida muhim ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy masalalarning moddiy va huquqiy yechimlari mujassam ekanligini anglash mushkul emas. Unga oid misollar anchagina.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining hal qiluv qarorida uqdirilishicha, Xiva tumanida yashovchi fuqaro Komiljon Matniyozov (Ushbu maqolada nomlari keltirilgan shaxslarning ism-shariflari o‘zgartirildi.) oilada dunyoga kelgan yakka-yu, yagona farzandning otasi ekanligini tan olmagan. Sobiq turmush o‘rtog‘i Gavhar Nurmatova uni farzand sifatida tiqishtirayotganini bayon etgan. Afsus. O‘rtadagi kelishmovchilik sud majlisi chog‘ida barham topmagan. Qonun bu kabi holatlarda masalani maxsus ekspertiza tadqiqodi orqali hal etishni taqozo qiladi. Ushbu tadbirning ijorosi sudning ajrimi va da’vogar tarafning so‘roviga muvofiq Markazning viloyat bo‘limi DNK. laboratoriyasi mutaxasislari zimmasiga yuklatildi.

Biroq otalikni belgilash jo‘n yumushlar sirasidan emas. Unga oid muammo va masalalar muqaddam davrlarda asosan jo‘n usuldagi so‘rovlar, guvohlik ko‘rsatmalari, aksariyati hollarda esa shubhali dalillar orqali qarab chiqilgan, Bahs va tortishuvlar oylar, hatto yillar mobaynida ham qonuniy yechim tomagan.

Mazkur holatda bu singari nojoizliklar kuzatilmadi. O‘ta aniq yechimlar, jiddiy va murakkab tadqiqodlarni amalga oshirish garovi sanalgan zamonaviy texnologik asbob-uskunalar shubha–gumon, e’tiroz va noroziliklarga o‘rin qoldirmadi. Tahlillar, qon namunalari da’vo asossiz ekanligini ko‘rsatdi. Bolaning otasi o‘zga shaxs emas, aynan uning o‘zi ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Da’vogar ekspertiza xulosasini inkor etmadi. Adolat va qonuniylik namunasi esa sudning shu yuzadan chiqargan hal qiluv qarorida o‘z ifodasini topdi.

Haqiqatning asl namunasi bundan bir necha yil muqaddam Urganch tumanidagi Begovot qishlog‘ida yashovchi Gulnora Saidova va uning marhum eri Aziz Matchonov bilan birgalikda tiklangan 1 ming 200 kvadrat metr sahnli uy-joy binosiga egalik huquqini e’tirof etish yuzasidan sudga qilgan murojati bois o‘tkazilgan sud-ekspertiza amaliyoti jarayonida ham yuzaga chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, marhumning keyini turmush o‘rtog‘i M.Boyjonova yer maydoni va undagi bino sathini o‘lchashga qarata kadastr idorasi tomonidan rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirishga qat’iyan qarshilik ko‘rsatgan, bu jarayonda ayrim soxtakorliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius ko‘magida bino va u joylashgan yer maydoniga o‘zi va yana ikki nafar farzandi merosxo‘r ekanligini tasdiqlovchi qalbaki guvohnomani qo‘lga kiritgan. Yer va undagi uy-joy binosi sahnini aniqlash va baholash yuzasidan amalga oshirilgan ekspertiza tadbiri hamda unga asosan taqdim qilingan mutaxassis xulosasi pirovardida sudning adolatli qaroriga garov bo‘ldi.

Ayni shu yo‘sindagi sud ekspertiza tadqiqoti Urganchlik ikki nafar merosxo‘r Dilfuza Sodiqova (da’vogar) va Dilshoda Yarasheva (javobgar) o‘rtasidagi nizoning moddiy va huquqiy jihatlariga to‘la aniqlik kiritdi. Amalga oshirilgan ekspertiza o‘lchash, aniqlash va baholash ishlari yakunida nizoli meros mulki: uy-joy va yer maydoni hajmi javobgarning qarshi da’vo arizasida bayon qilinganidek, 568 kvadrat metr emas, balki 301 kvadrat metrdan iborat ekani yaqqol ma’lum bo‘ldi.

Adolat va odillik, qonuniylik mezonlariga garov bo‘layotgan bu singari ekspertiza amallari oz emas. Bo‘lim mutaxassislarining qiyin va mashaqqatli mehnati asnosida jismoniy shaxslar, manfaatdor idora va tashkilotlarga taqdim etilayotgan fikr va xulosalarning deyarli barchasi pirovardida mutasaddi mahkamlar, shu jumladan sudlar tarafidan ham qonun va adolat namunasi sifatida e’tirof qilib kelinayotgani jamoa o‘z yo‘lini qonun hamda adolat tamoyillari asosida to‘g‘ri tanlagani va olg‘a intilayotganidan dalolat beradi.

Istiqbolda esa qonuniylikning yanada keng va ravon yo‘llari namoyon. Rejalar ham ko‘lamdor. U adolat va haqiqatning yorqin ufqlarini ko‘zlaydi. Yaqin istiqbolda tahlil va tadqiqot obekti hisoblangan namunalar, ashyo va buyumlarga oid yangi kriminalistika ekspertizasi laboratoriyalari qo‘shimcha faoliyat turi sifatida bosqichma-bosqich tashkil qilinadi. Kadrlar safi ayni kezda ushbu kasb bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtida maxsus buyurtma va yo‘llanma asosida tahsil olayotgan istiqbolli yoshlar hisobiga yanada kengayadi.

Istiqbol va taraqqiyot yo‘lidagi bunday intilish va izlanishlar Respublika Adliya vazirligi hamda unga qarashli sud-ekspertiza Markazining moddiy va amaliy madadi, rahnamoligi ostida o‘z ijobatini topayotgani yanada ahamiyatlidir.

Xamid Sapaev, X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza Markazining Xorazm viloyati bo‘limi eksperti