Yer maydonlarining faktik holatini aniqlash metodlari

Bugungi kunda markazimizda sud qurilish-texnik ekspertizasi faoliyatida yer maydonlarining faktik holatini aniqlash jarayoni muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u ko‘pincha yer bilan bog‘liq nizolar, mulkchilik huquqini belgilash, qurilish obyektlarining joylashuvi va ularning normativ hujjatlarga muvofiqligini baholashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Mazkur jarayonning asosiy maqsadi – yer uchastkasining amaldagi chegaralarini, maydonini, undagi qurilish inshootlarini va ularning joylashuvini aniqlik bilan o‘rganib, kadastr ma’lumotlari va loyiha hujjatlari bilan taqqoslashdir. Bunday ekspertiza turlari zamonaviy o‘lchov texnologiyalari va muhandislik-geodezik usullar asosida amalga oshiriladi.

Yer maydonining faktik holatini o‘rganishda eng avvalo dastlabki ma’lumotlar yig‘iladi. Bunga kadastr hujjatlari, yerga egalik yoki foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, loyiha-smeta hujjatlari hamda qurilish obyektlarining elektron texnik pasportlari kiradi. Shundan so‘ng ekspert joyiga chiqib, faktik holatni o‘lchash ishlarini amalga oshiradi. Amaliyotda eng ko‘p qo‘llaniladigan o‘lchov metodlariga geodezik o‘lchash, GNSS (Global Navigation Satellite System) texnologiyasi, Ruletka, Lazer elektron taxeometr asosidagi o‘lchovlar kiradi. Hozirgi vaqtda yer maydonlarini o‘lchashda xato va kamchiliklarsiz har bir santimetrgacha to‘g‘ri ko‘rsatadigan zamonaviy asbob uskunlardan foydalanish maqsadida markazimizda ushbu uskunlarndan keng foydalanish ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Bular GNSS (Global Navigation Satellite System) va elektron taxeometr bo‘lib eng zamonaviy qurilmaalar sifatida foydalanilib kelinmoqda. So‘nggi yillarda GNSS texnologiyasi yer maydonlarini o‘lchashda eng samarali metodlardan biri sifatida keng tarqalgan. GPS, GLONASS, GALILEO va boshqa yo‘ldosh tizimlari asosida ishlaydigan GNSS qabul qilgichlar yordamida ekspertlar joyning aniq koordinatalarini global tizimda aniqlaydi. Bu esa yer maydonining faktik chegaralarini aniqlashda inson omilini kamaytirib, aniqlik darajasini yuqori darajada ta’minlaydi.

GNSS qurilmasining texnik xususiyatlari va qulayliklari:

  1. Aniqlik (Accuracy): GNSS qurilmasining aniqligi o‘lchash natijalarining ishonchliligini belgilaydi. Zamonaviy qurilmalar RTK texnologiyasi yordamida 1–2 millimetrgacha aniqlikni ta’minlay oladi. Oddiy amalda qo‘llayotgan qurilmalarda o‘lchov usullariga qaraganda ancha samaraliroq.
  2. GPS, GLONASS, Galileo, BeiDou kabi bir nechta GNSS tizimlarining sun’iy yo‘ldosh signallarini qabul qila oladi va qurilma istalgan nuqtada foydalanish imkoniyati mavjud.
  3. Yer maydonlarida qulay ishlash uchun qurilmalar yengil va oson ko‘tarish imkoniyati mavjud va bu ko‘pchilik qurilmalarga qaraganda qo‘lga sig‘adigan yoki maxsus keysga o‘rnatiladigan holatda bo‘ladi.

Taxeometr qurilmasing texnik xususiyatlari va qulayliklari;

  1. Qurilma odatda (1-3 mm + 2 ppm) aniqlikda masofa o‘lchay oladi va prizmatik holda 2-5 km gacha, prizmasiz holatda esa 500–1500 metr masofani o‘lchay oladi va bu katta yer maydonlarini chegaralarini xatosiz o’lchashda muhim ahamiyat kasb eradi.
  2. Qurilma raqamli yoki sensorli displey, kuchli batareya (6-10 soat ishlashga qodir) va ichki xotira bilan ta’minlangan. Ayrim ilg‘or modellar GPS va GNSS tizimlari bilan integratsiya qilingan.
  3. Qurilmada o‘lchangan nuqtalarning koordinatalarini avtomatik tarzda hisoblab, ularni kompyuter dasturlariga (CAD, GIS va boshqalar) uzatish imkoniyati mavjud bo‘lib bu, yer uchastkalari sxemalari va boshqa loyihaviy hujjatlarni tezda tayyorlash imkonini beradi.

Mazkur qurilmalar vositasida olib boriladigan tadqiqotlar davomida bir qator muhim masalalar hal etilishi mumkin ular;

1 Ajratilgan yer maydonlarining haqiqiy o‘lchamlari yer ajratish hujjatlaridagi kadastr o‘lchamlariga muvofiqligi aniqlanadi;

2 Yer uchastkasida mavjud turar joy binolarini ajratish, bo‘lib foydalanish imkoniyatlari, servitut tarzida foydalanish sharoitlari, ya’ni uchastkaning bir qismini boshqa shaxsga cheklangan foydalanish huquqi asosida taqdim etish mumkinligi aniqlanadi;

3 Turar joy binolarini bo‘lishda yer maydonlarini bo‘lib ajratishning amaliy imkoni, infratuzilma va kirish-chiqish yo‘llari mavjudligi tekshiriladi;

4 Yer maydoniga egalik qilish holati ekspert tomonidan obyektiv mezonlar asosida baholanadi, ya’ni qonuniy hujjatlar va real foydalanish holati o‘zaro solishtiriladi. Ko‘plab holatlarda qo‘shni yer maydonlarining noqonuniy ravishda qo‘shib o‘zlashtirilgan yoki aksincha, o‘zlashtirilmagan qismlarini aniqlash talab etiladi;

5  GPS/GNSS texnologiyalari yordamida chegaralar aniq belgilanib, belgilangan normativ va qoidalar asosida qo‘shimcha maydonlar aniqlanadi.

Shuningdek, sud yer ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan muhim savollardan biri

Yer maydonlarini 3/5 va 2/5 ulushlarda yoki boshqa shartli ulushlarda bo‘lib berish mumkinmi – degan masala bo‘lib, bunday vaziyatlarda ekspertiza chog‘ida maydon konfiguratsiyasi, ulushlar o‘rtasidagi adolatli taqsimot va real foydalanish imkoniyatlari baholanadi.

Bundan tashqari o‘lchov natijalari maxsus dasturiy vositalar — AutoCAD, Civil 3D, ArcGIS kabi dasturlarida qayta ishlanadi. Bu dasturlar yordamida yer uchastkasining faktik chegaralari chiziladi, u kadastr ma’lumotlari bilan solishtiriladi va tafovutlar aniqlanadi. Agar chegaralar yoki maydon hajmida farqlar aniqlansa, bu holatlar ekspert xulosasida asosli tarzda bayon qilinadi.

Sud qurilish-texnik ekspertizasi natijasida tuzilgan xulosa huquqiy ahamiyatga ega bo‘lib, u sud organlariga nizolarni hal etishda asosiy dalil sifatida taqdim etiladi. Shu bois, faktik holatni aniqlash jarayonida har bir o‘lchov, hujjat tahlili va natijalar to‘g‘riligini ta’minlash muhimdir. Mutaxassisning malakasi, ishlatilgan asboblarning texnik holati hamda metodlarning to‘g‘ri tanlanishi ekspertiza natijasining ishonchliligini belgilaydi.

Xulosa qilib aytganda, yer maydonlarining faktik holatini aniqlash sud qurilish-texnik ekspertizasining eng muhim bosqichlaridan biridir. Zamonaviy geodezik va raqamli texnologiyalar, jumladan GNSS, taxeometrik o‘lchovlari bu jarayonning aniqligini sezilarli darajada oshiradi. Shu sababli ekspertiza xulosalarida bu metodlarning to‘g‘ri qo‘llanilishi natijalarni ishonchli qilmoqda.

 

Ma’murov Botir
Sud-qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limi eksperti