Sud ekspertlik faoliyati bugungi kunda adolatni qaror toptirish, nizolarning qonuniy hal etilishida oʻz oʻrni va mavqeiga ega.
Respublikamizda sud ekspertizasi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solib turuvchi yetarli normativ-huquqiy hujjatlar bazasi yaratilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi, “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida”gi qonunlari va boshqa qonunlar shular jumlasidandir.
Ushbu qonunlarda sud ekspertizasi faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq asosiy tartib-qoidalar, talablar, prinsiplar, ushbu munosabat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari belgilab berilgan.
Bundan tashqari sohaviy qonunosti hujjatlarda ham islohotlarga monand tartiblar belgilanmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-son qarori bilan Sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Hukumat tomonidan tasdiqlangan Nizom davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan sud ekspertizasi tadqiqotlari oʻtkazilishi tartibi va shartlarini belgilab beradi.
Nizom xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun ham tatbiq etilishi mumkin. Bunda har bir ekspertiza tashkiloti faoliyati xususiyatiga koʻra sud ekspertizasi tadqiqotlari oʻtkazilishini oʻzi mustaqil belgilaydi.
Advokat soʻroviga koʻra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan qonunchilikka koʻra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.
Ekspertiza tashkilotiga qaror (ajrim), soʻrov, murojaatlar hamda ularning natijasi boʻyicha ekspertiza xulosasi yoki mutaxassis fikri yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi. Tadqiqotlar sud eksperti tomonidan oʻtkaziladi.
Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni tadqiqotlarni oʻtkazish uchun jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tizimida davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda boʻlinmalari boʻlgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar ikki oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi hamda mutaxassis fikrini berishni nazarda tutuvchi ichki nizom ishlab chiqib, tasdiqlashi, oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirishlari shart boʻladi.
Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) asosida tadqiqotlarni oʻtkazish muddatlari sud ekspertizalarining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga koʻra 30 kun doirasida belgilanadi.
Mutaxassis fikri – bu jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassisning (sud ekspertining) hujjat koʻrinishida rasmiylashtiriladigan fikridir.
Markaz va uning hududiy boʻlimlariga jismoniy va yuridik shaxslarning mutaxassis fikri olishga ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda va buyurtmachilarning murojaatlari asosida sud tovarshunoslik ekspertizasi boʻyicha ham ekspertlar xizmatlaridan foydalanib kelinmoqda.
Sud-tovarshunoslik ekspertizasida quyidagi savollarga javob beriladi:
– taqdim etilgan tovarlarda mavjud nuqsonlar buzish natijasida paydo boʻlganmi yoki foydalanish natijasidami?
– oʻrganilayotgan tovar yangimi yoki hozirda foydalanishdami?
– sifat xususiyatlari namuna sifatida keltirilgan boshqa mahsulotlarning analogik koʻrsatkichlariga muvofiqmi, agar unday boʻlmasa, farqi nimada?
– oʻrganish uchun taqdim etilgan tovarning tadqiqot oʻtkazilayotgan vaqtdagi jismoniy holatini hisobga olganda tovarning oʻrtacha bozor bahosi qanday?
– oʻrganish uchun taqdim etilgan tovarning oʻtgan muayyan davrdagi jismoniy holatini hisobga olganda tovarning oʻrtacha bozor bahosi qanday?
– oʻrganilayotgan obyektlarning bahosi uning haqiqiy holatini (eskirish, zararlanish, buzilish) hisobga olganda qanday?
– zararlash yoki buzish natijasida qancha summada moddiy zarar yetkazilgan?
Buyurtmachi tomonidan qilingan murojaatdan soʻng namunalar turi va sonidan kelib chiqib kalkulyatsiyaga muvofiq belgilangan miqdordagi toʻlovlar elektron shaklda yoki bank orqali amalga oshiriladi hamda toʻlovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitansiyasi taqdim etiladi.
Buyurtmachi tomonidan toʻlovlar amalga oshirilganidan soʻng, buyurtmachining xohishiga koʻra taqiqot obyektlari agar ularni xossalari imkon bersa sud ekspertizasi markaziga taqdim etilishi mumkin yoki sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida obyekt joylashgan manzilga chiqan holda qoʻzdan kechiriladi. Tadqiqot namunalari boshqa tashuvchi vositalarda ham taqdim etilishi mumkin.
Tadqiqot namunalari boʻyicha mutaxassis (sud eksperti) fikrini berish muddati uning murakkablik darajasi va oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻttiz kungacha etib belgilanadi.
Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) oʻtkazilgan tadqiqot jarayonida aniqlangan maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas.
Shuni taʼkidlash lozimki, ekspertizaga oid tadqiqot natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan mutaxassis fikri tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Andijon viloyati boʻlimi
yetakchi eksperti M.S.Azimova