Adolatli sudlovni amalga oshirishda dalillarning ishonchliligi katta ahamiyatga ega. Dalillarni ilmiy asosda tekshirish va xolisona baholash uchun sud ekspertizasi muhim vosita hisoblanadi.
Sud ekspertizasi fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat hisoblanadi. Sud ekspertizasini maxsus bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar – ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi. Sud ekspertizasining maqsadi jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha haqiqatni aniqlashga yordam berish hamda sud va tergov otganlariga xolisona xulosa taqdim etishdan iborat hisoblanadi. Qisqacha aytganda sud ekspertizasi – bu sud-tergov ishlarida ilmiy haqiqatni aniqlash uchun zarur bo‘lgan ilmiy yordam.
Sud-tergov organining qarori(yoki ajrimiga)ga binoan, ekspert oʻziga taqdim etilgan ashyoviy dalillar, voqea-holatlarni tekshiradi. Ekspert tadqiqoti natijalari boʻyicha ekspertning xulosasi tuziladi. Unda ekspertiza oʻtkazish asoslari, sharoitlari, tekshiriladigan obʼyektlar, hal qilinadigan masalalar, ekspert aniqlagan maʼlumotlar bayon etiladi. Ekspertning xulosasi dalillar manbai boʻlib, unda aniqlangan maʼlumotlar dalillar sifatida qabul qilinadi.
Sud ekspertizasining kriminalistik ekspertizalar; materiallar, ashyolar, buyumlar kriminalistik ekspertizasi; sud-avtotexnika ekspertizasi; sud-biologik ekspertizalar; iqtisodiy ekspertizalar kabi bir necha turlari bor hamda ular o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turli masalalarni hal qiladi.
Misol uchun sud transportni baholash ekspertizasi sud-tergov organlari tomonidan yo‘l transport yoki boshqa hodisa natijasida avtomototransport vositalariga yetkazilgan moddiy zarar, ularni ta’mirlashga sarflanadigan mablag‘ miqdorini yoki avtomototransport vositalarining narxini aniqlash kabi asosiy masalalar yechiladi.
Transport vositasining texnik holatini aniqlash ekspertizasi esa transport vositasi va uning alohida qismlarini (tormoz tizimi, rul boshqaruvi va h.k.) texnik holati belgilash (soz yoki nosoz); transport vositasining texnik nosozliklarini hosil bo‘lish sabablarini aniqlash; transport vositasining texnikaviy nosozliklari yo‘l-transport hodisasiga nisbatan qachon paydo bo‘lganini aniqlash; transport vositalardagi nosozlik yo‘lga chiqishdan oldin mavjud bo‘lganligini aniqlash hamda transport vositasining texnik holati bilan bog’liq bo‘lgan boshqa masalalarni yechadi.
Boshqa sohalar qatori sud ekspertizasi sohasida ham hozirgi kunda raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 08-sentyabr kunidagi “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi PQ-270-sonli Qarori alohida e’tirborga molik.
Qaror bilan sud-ekspertlik faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali tadqiqotlarning tezkorligi, xolisligi va to‘liqligini ta’minlash, sud-ekspertiza tashkilotlari va ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali sohada elektron hujjatlar almashinuvi hajmini 100 foizga yetkazish kabi maqsadlar belgilangan.
Bu esa ortiqcha harajat va vaqtni tejashga samarali foyda beradi.
RSEMning Surxondaryo viloyat bo‘limi
mudiri M.Kungratov