Raqamli kommunikatsiya vositalarining tezkor rivojlanishi jamiyatga keng imkoniyatlar yaratdi. Xususan, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar axborot almashish, reklama, ta’lim va madaniy targ‘ibotda samarali platformaga aylandi. Shu bilan birga, mazkur platformalarda shaxs sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilish, kamsitish hamda obro‘sizlantirish holatlari ham keskin ortmoqda. Sud lingvistik ekspertizasi amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, Instagramda bunday huquqbuzarliklar boshqa tarmoqlarga nisbatan ko‘proq uchraydi.
Hozirgi kunda “Instagram” internet ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari orasida biron-bir joylangan video yoki rasmni ko‘rishdan ko‘ra uning kommentariyasini o‘qish yoki unga izoh yozish qiziqroq. Buning boisi shundaki, inson psixologik jihatdan qiziquvchan, jahldor va emotsiyaga beriluvchan. Buni sezgan ayrim “aqlli” Instagram foydalanuvchilari emotsiyani qo‘zg‘atuvchi video yoki rasm joylab, kommentariyaga boshqa profildan noma’qul so‘zlar yozib ularni jalb qiladi. Vaholanki, ko‘plab foydalanuvchilar ham bu “to‘rga ilinib”, og‘ziga kelgan gapni yozib qo‘yadi. Bu paytda ular qonuniy jihatdan noto‘g‘ri ish qilayotganini hatto o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Muammo ildizlari:
salbiy post yoki izoh qisqa vaqt ichida keng auditoriyaga yetib borishi;
ko‘plab foydalanuvchilar haqorat va kamsitish jinoyat yoki huquqbuzarlik ekanini bilmasligi;
tarmoqdagi katta hajmdagi kontentni muntazam nazorat qilish amalda mushkul ekanligi.
Mana shunday sabablar tufayli “Instagram” internet ijtimoiy tarmog‘ida haqorat, kamsitish va obro‘sizlantirish holatlari ko‘paymoqda.
Xulosa o‘rnida, Instagramda haqorat, kamsitish va obro‘sizlantirishning keng tarqalishini oldini olish uchun:
ijtimoiy tarmoqlarda axloqiy va huquqiy madaniyatni oshirish;
shaxs sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga oid qonunchilikni yanada kuchaytirish;
axborot makonida ijobiy muhitni shakllantirish uchun davlat va jamiyat hamkorligini kuchaytirish lozim.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi
sud lingvistik eksperti U.Rustamova