Fan va raqamli texnologiyalar taraqqiyotining ilg‘or yutuqlarini huquqni muhofaza qilish faoliyatiga faol tadbiq etilishi sharoitlarida, jinoyat va fuqarolik va boshqa ishlarni sudda ko‘rish hamda tergov qilishda sud ekspertizalarining ahamiyati kundan-kunga ortib bormoqda. Ekspertiza xulosalari fuqarolarning huquqlari va jamoatchilik manfaatlarini umumiy holda ta’minlab, ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolis tergov qilish va ko‘rib chiqishga yordam berib, isbotlov jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Sud ekspertlarining xulosalari ilmiy asoslanganlik, xolislik va tekshirish oson bo‘lganligi jihatidan bahs talab qilmaydigan ustunlikka ega bo‘ladi. Sud ekspertizalarining ana shunday turlaridan biri sud-fonografik ekspertizalari hisoblanadi.
Bu turdagi ekspertizalarni o‘tkazish zarurati odatda, og‘zaki nutqli fonogramma jinoyatlarni tergov qilish va ochishda muhim dalil hisoblangan hollarda yuzaga keladi. Juda ko‘p hollarda fonografiya espertizalar poraxo‘rlik, ta’magirlik va boshqa o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tayinlanadi.
Sud-fonografik ekspertiza – fonogrammada yozilgan va isbotlov ahamitiyaga ega bo‘lgan axborotni ishonchliligi va mansubligi aniqlash bo‘yicha qonunda belgilangan protsessual harakatlarning biri hisoblanadi.
Ushbu maqolamizda ovoz va nutqning haqiqiyligini, ya’ni konkret bir shaxsga tegishliligini aniqlashdagi muhim jihatlarga to‘xtilib o‘tmoqchimiz. Ovoz va nutqning haqiqiyligini aniqlashdagi muhim jihatlardan biri bu – ovoz va og‘zaki nutqni lingvistik tahlili uslubidir.
Ekspertlar bajaririshi kerak bo‘lgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan asosiy uslublardan biri nutqning lingvistik tahlili uslubi hisoblanadi.
Lingvistik tahlilning maqsadi – so‘zlovchi shaxsining individualligi, tilga oid va intellektual ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan hamda fikrlarni og‘zaki bayon qilish va tovushlar artikulyatsiyasining o‘ziga xos xususiyatlaridan iborat bo‘lgan og‘zaki nutq belgilarini ajratib olish va baholashdan iborat.
Insonning og‘zaki nutqi – artikulyatsion apparatining jismoniy xususiyatlari va shaxsning psixofiziologik xususiyatlarining hosilasi hisoblanadi. Shuning uchun qo‘yilgan savollarga bog‘liq ravishda, og‘zaki matnning lingvistik tahlili yordamida konkret shaxsning turlicha xarakteristikalarini aniqlash imkoni mavjud.
ovoz va nutqning haqiqiyligini, ya’ni konkret bir shaxsga tegishliligini aniqlashdagi muhim jihatlardan biri identifikatsion tadqiqotdir. Identifikatsiya jarayonida lingvistik tahlil tadqiqotlarning dastlabki, alohida va taqqoslash bosqichlarida qo‘llaniladi. Dastlabki tadqiqot bosqichida lingvistik tahlilning asosiy vazifasi noma’lum shaxsning nutqi yozuvlari va taqqoslash uchun namunalardan o‘zaro solishtirilishi mumkin bo‘lgan og‘zaki nutq materiallarini ajratib (tanlab) olish hisoblanadi.
Lingvistik tahlilning ushbu bosqichdagi yana bir vazifasi – mazkur og‘zaki nutq sharoitlarida og‘zaki matnning stilistik mansubligi: og‘zaki matning shakli (og‘zaki nutq spontan, tayyorlangan, o‘qish shaklida va h.k.shaklda bo‘lishi mumkin); so‘zlashuvchilarning ruhiy (emotsional) holati va o‘zaro munosabati (rasmiy, do‘stona, dushmanlarcha h.k.)ni aniqlash hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, nutq vujudga kelishida so‘zlovchi muloqot vaziyatiga emas, balki ruhshunoslar hisoblaganidek, ushbu vaziyatning ruhiy obraziga e’tibor beradi, vaziyatning ruhiy obrazida esa bir qator uzluksiz jismoniy va fiziologik jarayonlar yordamida og‘zaki nutqning aks etish natijalari vujudga keladi va shakllanadi.
Og‘zaki muloqotga shaxsning ta’siri, shaxs tomonidan o‘zining tajribalariga asoslangan holda, og‘zaki muloqotning tegishli usulini beihtiyor yoki ongli ravishda tanlab olishda namoyon bo‘ladi. So‘zlovchiga odat bo‘lib qolgan juda ko‘p hollarda, muloqot avtomatik tarzda, oldindan tayyor bo‘lgan formulalar asosida kechadi.
Muloqotni rejalashtirishda odam, beixtiyor o‘zi nimalarni gapirishini tasavvur qiladi, so‘ng esa (bu ham beixtiyor) muloqot jarayonida foydalanadigan aniq til vositalarini tanlab oladi.
Lingvistik tahlilni qo‘llash fonografiya ekspertizasining dastlabki bosqichida ham zarurdir, kelgusida esa instrumental (asbob-uskunali) uslublarni qo‘llashda ham zarur bo‘ladi. Bunda quyidagi bosqichlar mavjud bo‘ladi:
1) auditiv yo‘l bilan yaxshi sifatli og‘zaqi nutq lavhalarini ajratib olish (minimal buzilishga ega, shovqin darajasi foydali signal shovqinidan past bo‘lgan hamda aniq eshitiladigan signallar, bir nechta so‘zlovchi mavjud bo‘lganda esa alohida, bir-biriga qo‘shilib ketmagan og‘zaki nutq lavhalari);
2) ekspertlar oldiga qo‘yilgan vazifalar, qo‘llaniladigan matematik ta’minot va algoritmlarga bog‘liq ravishda, og‘zaki nutqni tarkibiy lavhalar (ibora, sintagma, so‘z, tovush, bo‘g‘in)ga segmentatsiya qilish (ajratish);
3) aniq bir og‘zaki nutq vaziyatiga nisbatan, segmantlarga ajratilgan og‘zaki nutq lavhalarini lingvistik belgilar atamalari yordamida ta’riflash, ularni odamning til qobiliyati xususiyatlari, zamonaviy adabiy til normalarini bilish, stilistik vositalarni qo‘llash ko‘nikmalari bo‘yicha baholash.
Shaxsni, noma’lum shaxsning og‘zaki nutqi va taqqoslash uchun taqdim etilgan namunalar bo‘yicha identifikatsiya qilishdagi alohida tadqiqotlar bosqichida, lingvistik belgilar atamalari yordamida til birliklarini og‘zaki nutqni bajarish xususiyatlari, ya’ni og‘zaki nutqning quyidagi lavhalari: ibora, og‘zaki matn, so‘z, so‘z birikmasi va alohida tovush kabilar ajratib olinadi va ta’riflanadi.
Og‘zaki matn quyidagi belgilarni ifodalaydi: kompozitsiya (bayon etishning ketma-ketligi), fikrlarni isbotlash usuli, umumiy va shaxsiy g‘oyalarni rivojlanish xususiyati, o‘z so‘zidan tonish yoki qaytish, izohlar va bayon etish mantiqiyligning buzilishlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi, muayyan holatlarga urg‘u berish usuli, muhokama predmetiga nisbatan so‘zlovchining munosabatini ifodalash usuli, tilning eksprpessiv usullarini qo‘llash qobiliyati va h.k.lar. Og‘zaki matnni tahlili asosida, umumiy tarzda, tekshirilayotgan odamning tilga oid qobiliyati bo‘yicha umumiy taassurotlar hosil bo‘ladi.
Ibora – sintaksis tuzilish usuli, odamni sintaksis vositalardan foydalanish qobiliyati bilan ifodalanadi, shaxsning u yoki bu konstruksiyalarni bilish va tanlash qobiliyatini aks etadi.
Iboralar kichikroq birliklar – so‘zlardan tashkil topadi. So‘z tilning leksik boyligini tashkil qiladi. So‘z darajasida muayyan so‘zlarni talaffuz qilishning o‘ziga xosligi, so‘z mazmunini o‘zgartirish yoki buzish, turli soha, stil, maxsus atamalar, dialektizm (shevaga xos so‘zlar), jargonlarga oid so‘zlarni qo‘llash, cheklangan doiradagi (masalan, oilaviy) so‘zlarni qo‘llash, sinonim, antonim, paronim (aytilishi o‘xshash, ammo mazmuni turlicha so‘zlar) va h.k.ni qo‘llashni aks etiruvchi xususiyatlar o‘rganiladi.
Tilning so‘z boyligi – bu uning eng harakatchan (o‘zgaruvchan) darajasidir. Ayrim so‘zlar eskiradi va talaffuzdan chiqib ketadi, boshqalari esa yangi tushunchalar va voqelikdagi yangi hodisalarni aks ettirib kirib keladi. Muayyan bir shaxsning so‘z boyligi turli so‘zlarni talaffuz qilishi bo‘yicha turlicha bo‘ladi. Ayrim so‘zlar boshqalariga qaraganda ko‘proq ishlatiladi, ayrimlari esa kamroq qo‘llaniladi. Ko‘p qo‘llaniladigan so‘zlar – odatiy so‘zlar hisoblanadi va ular odamning aktiv so‘z boyligini tashkil qiladi.
Kundalik leksikaning, kasbiy va ish faoliyati bilan bog‘liq hodisa va buyumlarning nomlarini ifodalovchi so‘zlari odatiy so‘zlar deyiladi. Odatiy so‘zlarni talaffuz qilish qiyin bo‘lmaydi.
Passiv so‘z boyligiga kiruvchi so‘zlar – ular oldindan ma’lum bo‘lsa ham, turmush yoki ish faoliyatida ko‘p ishlatilmasligi va foydalanilmasligi sababli, qiyin talaffuz qilinadigan bo‘ladi.
Belgilarning keyingi guruhi og‘zaki nutqning eng kichik birligi – tovushni ifodalaydi. Lingvistik tahlilda so‘zlar va tovushlarni, mavjud amaldagi orfoepik lug‘atlarda qayd etilgan talaffuz qilishdagi noto‘g‘rilik, talaffuz normalaridan chetlashishlarga alohida e’tibor qaratish lozim. So‘z va tovushlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish shakllangan ko‘nkimalar, shuningdek organik yoki fuknsional xaraketrdagi artikulyatsion apparat tuzilishining xususiyatlari bilan ifodalanadi.
Shunday qilib, og‘zaki nutqning asosiy lingvistik belgilari, ularni turli til darajalariga hamda xususiyatlari ta’riflanadigan og‘zaki nutq birliklariga mansubligi bo‘yicha bir necha guruhlarga bo‘linishi mumkin.
Og‘zaki nutqning lingvistik belgilari quyidagi guruhlarga bo‘linadi: fonetik, leksik-semantik va semantik-sintaksik.
Fonetik belgilar og‘zaki nutqning fonetik tuzilishidagi xususiyatlarni ta’riflaydi. Ular alohida og‘zaki nutqning artikulyatsiyasining xususiyatlari, qo‘shilgan og‘zaki nutqdagi tovushlar birikmalari, fonetik so‘zlar, sintagma, fon, xatboshilarning prosodik tashkil qilishda namoyon bo‘ladi. Prosodik belgilarga nutqda urg‘uli va urg‘usiz, uzun va qisqa bo‘g‘inlarni talaffuz qilish xususiyatlari kiradi.
Fonetik belgilar tahlilning ikki asosiy uslublari – auditiv va insrumental uslublar yordamida aniqlanadi. Auditiv tahlil uslubi – og‘zaki matnni eshitish va lingvitik tasniflash yordamida lingvistik belgilarni sifat jihatdan ta’riflash bo‘lsa, instrumental uslub – og‘zaki nutq signalini qayd etish va turli qurilma (spektrograf, ossillograf, intonograf va o‘lchov-hisoblash majmua)lar yordamida tegishli o‘lchashlarni amalga oshirish. Masalan: “dori” so‘zidagi “r” tovushini talaffuz qilishdagi o‘ziga xoslik (titrovchi); “ke(l)sa”, “qi(l)moq” so‘zlari o‘rtasidagi fonetik tarkibni soddalashtirish.
Leksik-semantik belgilar so‘zlarni individual talaffuz qilish xususiyatlari, erishilgan stilistik samaraning xususiyati, aktiv va passiv so‘z boyligi hajmi, uning turlichaligi va h.k.larni aks ettiradi.
Leksik-semantik belgilar – “kontent-tahlil” deb ataladigan va og‘zaki matn birliklari va uning stilistik xususiyatlarini o‘rganish imkonini beradigan uslub yordamida aniqlanadi. Og‘zaki nutqning tegishli qismlaridagi alohida so‘zlardan foydalanish va ularning mazmuni, gap bo‘laklari (birikma, yuklama, undov so‘z, olmosh, sifat, lahja-sheva, ot, f’el)ning sifatiy ko‘rsatgichlarini olish uchun – og‘zaki nutq leksik tarkibini statistik tahlili matematik uslublari qo‘llaniladi. Masalan: cheklangan doiradagi (kasbiy) so‘zlardan foydalanish: “dori”, “ukol”, “operatsiya”, “tashxis”, “tahlil”, “bemor”; sodda tuzilishli gaplardan foydalanish: “men keldim”; “telefon jiringladi”; “oldim”.
Semantik-sintaksik belgilar grammatik ahamiyat (gap bo‘laklarining son, kelishiklarda o‘zgarishlari, tilda qabul qilingan modellar bo‘yicha so‘z hosil qilish, so‘z birikmlari)ni baholashda, stilistik iboralarni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari, talaffuzda so‘zlarni ishlatish ketma-ketligi va h.k.da ifodalanadi.
Belgilarning bu guruhini aniqlash va baholash uchun gap bo‘laklari bo‘yicha sintaksik va grammatik ajratish uslublari, gaplarni turi (sodda, bog‘langan qo‘shma gap yoki ergashgan qo‘shma gap va h.k.) bo‘yicha tasniflash uslublari qo‘llaniladi. Statistik baholash matematik uslublari ibora va gaplarning o‘ziga xos sintaksik tuzilishining uchrab turish chastotasini aniqlashga imkon beradi. Masalan: fikr bildirish doirasidagi sintaksik takrorlanishlarning mavjudligi: “keldi meni oldimga – meni oldimga kelib”….”Bu yerda turmaganda – bu yerda”.
Lingvistik tahlilning aniq bir turdagi belgilar guruhini aniqlash uchun muayyan bir uslubini qo‘llash og‘zaki matnning turiga bog‘liq bo‘ladi. Bir necha uslubni birgalikda qo‘llash aniq bir shaxsning og‘zaki nutqini individuallashtiruvchi og‘zaki nutq xususiyatlari yig‘indisini to‘laroq ajratib olish imkonini beradi.
Fonografiya ekspertizaning taqqoslash tadqiqotlari bosqichida noma’lum shaxs va taqqoslash uchun taqdim etilgan namunalardagi og‘zaki nutqlarning belgilar guruhi orasidagi o‘xshashlik yoki farqlanish darajalari, shuningdek, belgilarning individual majmuining mavjudligi aniqlanadi, so‘ng esa tekshirilayotgan materialarda og‘zaki nutqi yozilgan shaxsning aynanligi yoki aynan emasligi bo‘yicha xulosa shakllantiriladi.
O‘zbek tilidagi mahalliy gaprishlarning ko‘p miqdorda mavjudligi, ularni hududiy mansubligi bo‘yicha qismlarga ajratish, o‘zbek tilidagi nutqni sezilarli guruhiy farqlarni keltirib chiqaradi, bu farqlarga boshqa tillarning milliy xususiyatlarining ta’siri ham sezilarli bo‘ladi. Shuning uchun og‘zaki nutqning shevaga xos (dialektli) fonetik, leksik va grammatik xususiyatlari bo‘yicha tekshirilayotgan shaxsning uzoq muddat davomida qay hududda istiqotmat qilganligini ham aniqlash mumkin bo‘ladi.
Lingvistik tahlilni qo‘llash mumkin bo‘lgan yana bir soha bu – yomon sifatli axborot tashuvchida qayd etilgan og‘zaki matnning mazmuni yoki so‘zma-so‘z matnini aniqlashdir.
So‘zning aynan bir ritmik sxemasi bo‘yicha fonetik to‘ldirilishini aniqlashda ham lingvistik tahlil qo‘llaniladi (masalan, quyidagi so‘zlardan qaysi biri aytilganligini aniqlashda: “oldim” yoki “olmadim”). Ba’zida ma’lum bir gapni aynan qanday urg‘u (so‘roq urg‘usi bilan yoki birorta harakatga undovchi buyruq berish urg‘usi) bilan talaffuz qilinganligini aniqlashga ehtiyoj tug‘iladi.
Gapning leksik tarkibi bilan bu gapning aytishdagi urg‘uning o‘zaro nisbati muammosi – ayrim hollarda og‘zaki nutq bo‘yicha shaxs tomonidan u yoki bu turdagi fikrlarga berishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha mazmunni, ba’zida esa o‘z fikrini asl ma’nosini to‘liq o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha mazmunni aniqlash imkoni bilan uzviy bog‘liqdir.
Fikrimiz yakunida, shuni ta’kidlash joizki, ovozning (va nutqning) haqiqiyligini aniqlash, juda murakkab va mashaqqatli tadqiqot jarayonlardan biri bo‘lib, bu jarayondagi muhim jihatlarni ekspertlar tomonidan sinchiklovlik bilan aniqlashni talab etadi.
N.B.Abrarova
O‘zRAV X. Sulaymonova nomidagi RSEMning sud-fonografiya laboratoriyasining mudirasi