Hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi — bu sud ekspertizasining bir turi bo‘lib, hujjatlar rekvizitlarining (bosma matn, qo‘lyozma yozuvlar va imzolar, muhr va shtamp izlari) tayyorlanishi, o‘zgartirilishi yoki soxtalashtirilishi usullarini aniqlashga qaratilgandir. Ushbu sud ekspertizasi hujjatda qalbakilashtirilganlik alomatlarini aniqlash, uning qanday usulda tayyorlanganini belgilash, shuningdek, unda o‘zgartirish, o‘chirish, qo‘shib yozish, qo‘shimchalar kiritish kabi faktlarini aniqlash imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 172-moddasiga muvofiq, ish uchun ahamiyatli holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi bo‘yicha bilimi bo‘lgan shaxs o‘tkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda ekspertiza tayinlanadi.
Ekspert oldiga qo‘yilgan savollar va uning bergan xulosasi ekspertning maxsus bilimlari doirasidan tashqari chiqishi mumkin emasligi belgilangan.
Ushbu Kodeksning 173-moddasida, basharti, ish bo‘yicha: pul belgilari, qimmatli qog‘ozlar va boshqa hujjatlar qalbakilashtirilganligini aniqlash zarur bo‘lganda ekspertiza tayinlash va o‘tkazish shartligi ko‘rsatilgan.
Ish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni aniqlashda ham, agar buning uchun maxsus bilimlarni qo‘llash zarur bo‘lsa va bu holatlar isbotlashning boshqa vositalari bilan puxta aniqlanmagan bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazish shart.
Xo‘sh, hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi qanday holatlarda tayinlanishi mumkin? Ushbu ekspertiza turi quyidagi hollarda tayinlanishi mumkin:
- Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki taraflar tomonidan hujjatning “haqiqiyligi”ga shubha tug‘ilganda;
- Hujjat qanday usulda tayyorlanganini aniqlash zarurati tug‘ilganda;
- Matnga keyinchalik o‘zgartirish kiritilgan yoki yo‘qligini aniqlash lozim bo‘lganda;
- Hujjat aniq bir printer yoki boshqa qurilma (masalan, nusxa ko‘chiruvchi qurilma)da chiqarilganini aniqlash maqsadida;
- Hujjatdagi muhr va shtamp izlarini solishtirish, aynan taqdim qilingan muhr (shtamp) izi bilan mos yoki mos emasligini aniqlash lozim bo‘lganda;
- Hujjatning asl yoki nusxa ko‘chiruvchi qurilmada bajarilganligini aniqlash maqsadida;
- Hujjatda montaj alomatlarini aniqlash maqsadida;
- Qalbakilashtirishga qarshi maxsus himoyalangan hujjatlar (shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, haydovchilik guvohnomalari, pul birliklari, aksiz markalar, diplomlar va hokazo)ning “asl” yoki “qalbaki”ligini aniqlash maqsadida.
Yuqoridagi holatlar mavjud bo‘lganda, qay tartibda sud ekspertizasi xulosasini yoki mutaxassis fikrini olish mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunining
17-moddasiga asosan, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2023-yilda 73-son qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 3-bandiga muvofiq, advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan qonunchilikka ko‘ra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.
Ekspertiza tashkilotiga qaror (ajrim), so‘rov, murojaatlar hamda ularning natijasi bo‘yicha ekspertiza xulosasi yoki mutaxassis fikri yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi.
Tadqiqotlar kim tomonidan o‘tkaziladi?
Namunaviy nizomning 4-bandiga asosan, tadqiqotlar sud eksperti tomonidan o‘tkaziladi. Tadqiqotlarni o‘tkazishda sud ekspertining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.
Sud eksperti – xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida jalb qilingan jismoniy shaxs hisoblanadi.
Ekspert sifatida davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, boshqa korxona, muassasa, tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ekspert sifatida jalb etilishi mumkin emas.
Tadqiqotlar o‘tkazilganda, Namunaviy nizomning 10-bandiga ko‘ra, davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazganligi uchun to‘lov undirishga haqlidir. Sud ekspertizalarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish ish bo‘yicha tomonlarga yuklanadi va sud ekspertizasini o‘tkazish boshlangunga qadar to‘lanadi. To‘lov miqdori va mazkur mablag‘larni sarflash tartibi qonunchilik hujjatlariga asosan belgilanadi.
Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlarni o‘tkazish shartnomaga binoan to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi
laboratoriyasi katta eksperti
D.Qo‘ldoshova