Oziq-ovqat mahsulotlari sifatini kompleks aniqlash ekspertizasining zamonaviy imkoniyаtlari

Tovarshunoslik bilimlarni qo‘llash sohasida sud-tergov organlarning o‘sib borayotgan muhtoji tufayli, oziq-ovqatlarni kompleks ravishda tadqiq qilish va ularni baholashga yondashish bo‘yicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqish va yaratish, natijalarni X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazida o‘tkazilayotgan sud-tovarshunoslik ekspertizalarning ekspertlik amaliyotiga joriy etish zaruriyati vujudga keldi.
Tovarshunoslikda bayon etilgan nazariy va metodik asoslar, obyektning iste’mollik (tovar) hususiyatlarini va fazilatlarini aniqlash maqsadida uni holatini o‘rganishni, shuningdek tovar obyektlari saqlangan, ularning hususiyatlari atrof muhit bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi tufayli o‘zgarishiga olib kelgan aniq sharoitlarni tadqiq qilishni nazarda tutadilar.
Tovarshunoslik ekspertizasi masalasini yechishning asosiy sharti bu – ob’ektning maqsadiga muvofiq ma’lum ehtiyojni qondirish uchun yaroqliligini shart qiladigan hususiyat va fazilatlarning majmuini tadqiq qilishdir.
Tovarlarning sifati iste’molchilar afzalliklarini yaratishga va raqobatbardoshlikni shakllantirishga jiddiy ta’sir qiladigan muhim olmillardan biri hisoblanadi. Oziq-ovqatlar sifati deb, mahsulotning organoleptik hususiyatlarini, organizmni oziq-ovqat moddalariga muhtojligini, uni sog‘liq uchun xavfsizligini, ishlab chiqarish va saqlashda ishonchliligini ta’minlash qobiliyatini aks ettiruvchi hususiyatlarning majmui tushuniladi. Oziq-ovqat tovarlarning foydaliligini va insonni oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish qobiliyatini belgilaydigan asosiy hususiyatlari bu – uning ozuqaviy qiymati, jismoniy va mazaviy hususiyatlari va uning saqlanuvchanligidir.
Shu sababli, ushbu tadqiqot doirasida milliy va xorijiy amaliyotda oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tekshirishni tashkil etish va o‘tkazish tajribasini o‘rganish va qiyosiy tahlil qilish maqsad qilindi.
Oziq-ovqat sifatini aniqlash, tadqiqot qilish va umuman boshqarishda nazorat alohida o‘rin tutadi, uni amalga oshirish uchun davlatlar tegishli oziq-ovqat nazorati tizimlarini yaratadilar, bu kabi tizimlarning tarkibiy tuzilishi quyidagicha keltirilgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish tizimining tuzilishi
Me’yoriy-huquqiy baza. Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha Qonunchilik hujjatlari va me’yorimy qoidalar, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va ularning xavfsizligiga nisbatan fundamental yondashuvlar, ushbu faoliyatni huquqiy tartiba soluvchi vositalarning maqomi va ta’siri.
Oziq-ovqat mahsulotlarining nazorati – boshqaruv tizimi sifatida. Davlatning va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati sub’ektlarining roli va mas’uliyatini belgilaydi, o‘z tashkiliy tuzilmasiga ega bo‘ladi.
Nazorat xizmatlari. Tegishli me’yor va qoidalarga amal qilinishini nazorat va monitoring qiladi, shuningdek tegishli faoliyatni amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Laboratoriya xizmatlari. Tegishli talablarga moslikni tekshiruv yo‘li bilan aniqlydi va sifatni monitoring qiladi.
Axborot ta’minoti. Tegishli davlat organlari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati vakillarining kasbiy tayyorlash, malakasini oshirish, maslahat berish hamda iste’molchilarni axborot bilanta’minlash
Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini aniqlash bo‘yicha sud-tovarshunoslik ekspertizasida oziq-ovqat tovarlarining sifat ko‘rsatkichlarining 3-ta guruhini aniqlanadi: organoleptik, fizik-kimyoviy va sanitariya-gigienik.
Organoleptik ko‘rsatkichlar oziq-ovqat tovarlarning barcha guruhlari uchun me’yorlanadilar, ularning ayrimlari uchun esa (masalan, mazali tovarlar uchun) bu ko‘rsatkichlar eng asosiydir. Aksariyat oziq-ovqat tovarlar uchun umumiy organoleptik ko‘rsatkichlar bu – tashqi ko‘rinishi, rangi, ta’mi, hidi (xushbo‘yligi), konsistensiyasi.
Sifatning fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari oziq-ovqat tovarlarning har bir guruhi uchun o‘ziga xosdir. Shu bilan birga eng tarqalgan fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlar bu: namlik miqdori (foizda) quruq moddalar, yog‘, shakar, tuz va mahsulot tarkibiga qarab, boshqa tarkibiy qismlar miqdori (foizda), kislotaliligi (umumiy, titrlanadigan, uchuvchan).
Oziq-ovqat tovarlarning sanitariya-gigienik (mikrobiologik va/yoki biologik) ko‘rsatkichlari ko‘p hollarda xavfsizlik ko‘rsatkichlarini bildiradi va amaldagi me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadilar. Ayrim hollarda mikrobiologik ko‘rsatkichlardan oziq-ovqat mahsulotlarning biologik qiymatini ta’riflash uchun foydalaniladi (masalan, sut-qatiq mahsulotlarida sut-qatiq mikroorganizmlarning miqdori).
Oziq-ovqatlar sifatini organoleptik baholashning eng ma’lum turi – ball tizimi hisoblanadi. Uning mazmuni shundaki, mahsulotning eng muhim sifat belgilari, u yoki bu belgining ahamiyatiga qarab, ma’lum ballar miqdori bilan baholanadi. 10, 30, va 300 ballik tizimlar mavjud. Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri bu – mahsulotning ta’mi va hidi, bundan tashqari rangi ham, ular uchun umumiy ballarning 40-50 foizi ajratiladi.
Ma’lumki, tovar sifatini nazorat qilish turlari quyidagilar hisoblanadi:
Davlat (va idoraviy) nazorati.
Jamoat nazorati iste’molchini mahsulot sifatiga ta’sir qilishning amaldagi dastagidir, u iste’molchi, ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va bajaruvchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning amaliy sxemasini amalga oshirishga yordam beradi.
Oziq-ovqat tovarlarni markirovkalash – ma’lum darajada ularning sifatini nazorat qilishni ta’minlash vositasi bo‘lib, nazorat qilish tashkilotlari tomonidan identifikatsiyalash va ekspertiza uchun qo‘llaniladi. Idish va qadoqga qarab markirovkalar transport markirovkasi va iste’mol qadoqning markirovkasiga ajraladi.
Transport markirovkasi bochkalar, qutilar, qoplar, konteynerlar, flagalar uchun qo‘llaniladi va u quyidagi ma’lumotlarni aks ettirishi lozim:
ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi va manzili, uning biron-bir tashkilotga qarashliligi, tovar belgisi; mahsulotning nomi, turi, navi; netto va brutto og‘irligi; qadoq donalarning soni (iste’mol tarasidagi mahsulot uchun), qadoq donasining netto og‘irligi; ishlab chiqarish sanasi, smena va partiya raqami; mahsulotga bo‘lgan standartning belgisi; saqlash muddati (saqlash sharoitlari).
Oziq-ovqat mahsulotning hususiyatini (gigroskopikligi, sinuvchanligi, mo‘rtligi, issiqlikdan eruvchanligi va hk.), qadoq turini (shisha bankalar, butilkalar, qog‘oz paketlar, polimer qadoq, va hk.) inobatga olgan holda transport markirovkasidagi ma’lumotlarga manipulyatsiya belgilari kiritilishi mumkin: “Namlikdan himoya qilinsin”, “quruq joyda saqlansin”, va boshqalar.
Qoplar markirovkalanganida mahkam karton yoki okartirilgan mato yoki narsa o‘raydigan qog‘ozdan yasalgan markirovka yorlig‘i tiqiladi va yopishtiriladi. Kuti va flagalarga bosma matnli qog‘oz etiketkalar yopishtiriladi.
Iste’mol qadoqlarning markirovkasi o‘z ichiga quyidagilarni olishi lozim:
ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi, uning biron-bir tashkilotga qarashliligi, tovar belgisi; mahsulotning nomi va navi (agarda mavjud bo‘lsa); asosiy tarkibiy qismlarning ro‘yxati; netto og‘irligi; mahsulot uchun me’yoriy hujjatlarning belgisi.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda shakllangan sifat nazorati va oziq-ovqat xavfsizligi tizimini mukammal deb hisoblashga hali erta.
Oziq-ovqat qo‘shimchalarining yarmidan ko‘pini – konservantlar, oksidlanishga qarshi vositalar, oziq-ovqat bo‘yoqlari, sintetik shirin qo‘shimchalar va boshqalar – qamrab olgan mavjud nazorat usullari, ularning barcha oziq-ovqat tarkibidagi tarkibini nazorat qilishning analitik usullari va ularni ishlab chiqarishda ishlatilishini nazorat qilish algoritmi bilan to‘ldirilishi va mustahkamlanishi kerak
Hozirgi vaqtda sifatni nazorat qilish metodologiyasining dolzarb yo‘nalishlaridan biri bu – oziq-ovqat mahsulotlarini identifikatsiya qilishda zarur dalillar bazasini ishlab chiqishdir. Ayrim tadqiqotchilar identifikatsiya va kvalimetrik bazaning zaif dalillari va identifikatsiya ko‘rsatkichlarining, shu jumladan texnik reglamentlarda keltirilgan ko‘rsatkichlarning yetarli emasligi to‘g‘risida fikrlarlar bildirganlar.
Oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini aniqlash bo‘yicha sud-tovarshunoslik ekspertizasini metodologik ta’minlash, shuningdek, sud-ekspertiza muassasa va tashkilotlarini tanlash va jalb qilish, tadqiqotlar uchun namuna olish, tekshirish va sinov usullarini tanlash, tahliliy tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi. Tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar va maxsus adabiyotlarnining tahlil qilish natijasida, ushbu turdagi sud ekspertizasining metodik ta’minoti bo‘yicha milliy va xorijiy amaliyotda sezilarli farqlar mavjudligi aniqlandi.
Laboratoriyalar muvofiqlikni baholashda ishtirok etishi kerakligi zarur bo‘lganligi sababli, sinovlar mahsulotlarning turli xususiyatlarini – organoleptik, fizik-kimyoviy, xavfsizlik ko‘rsatkichlari – tekshirishni o‘z ichiga oladi. Bu katta moliyaviy va texnik resurslarni talab qiladi.
Bu jihatdan Yevropa Ittifoqining tajribasi qiziq, unga ko‘ra ishtirokchi mamlakatlar majburiy parametrlarning (organoleptik, fizik-kimyoviy, xavfsizlik ko‘rsatkichlari) o‘zlariga biriktirilgan kamroq sonini nazorat qiladi, shu bilan birga Yevro-Ittifoq hududidagi boshqa mamlakatlar laboratoriyalarining ma’lumotlar bazasiga kirish huquqiga ega.
Shu tariqa, laboratoriyalar uchun zarur bo‘lgan moliyaviy va inson resurslari bir nechta mamlakatlar o‘rtasida taqsimlanadi, bu esa har bir a’zo davlatning laboratoriyalariga moliyaviy yukni kamaytiradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sifat nazorati va xavfsizlik bo‘yicha xorijiy tajriba, albatta, diqqatga sazovordir. Shu boisdan, oziq-ovqat mahsulotlari zanjirining, iste’molchi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish paytigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarida oziq-ovqatning sifati va xavfsizligini ta’minlashning yaxlit uyg‘unlashtirilgan tizimini yaratishni tavsiya etish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Tovarshunoslik ekspertizasi bo‘limi yetakchi eksperti Sh.Z.Mansurova