Sud-fonografiya ekspertizasi bugungi kunda fuqarolik, iqtsodiy, jinoiy va ma’muriy huquqbuzarlik hamda ma’muriy sud ishlari bo‘yicha dalillarni tekshirish va baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu turdagi ekspertizalarni o‘tkazish zarurati odatda, og‘zaki nutqli fonogramma jinoyatlarni tergov qilish va ochishda muhim dalil hisoblangan hollarda yuzaga keladi. Juda ko‘p hollarda fonografik espertizalar poraxo‘rlik, firibgarlik, ta’magirlik va boshqa o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ishlarda tayinlanadi.
Ayniqsa, audioyozuvlardagi shaxslarning ovozini aniqlash orqali tergov va sud jarayonida dalillarga aniqlik kiritish imkoniyatini beradi. Shuningdek, sud-fonografiya ekspertizasi axborotning ishonchliligi va mansubligini aniqlashga xizmat qiladi.
Sud fonografiya ekspertizasi — bu maxsus soha bo‘lib, unda shaxsning ovozi (nutqi) audioyozuv orqali tahlil qilinadi. Maqsad — bu ovoz kimga tegishli ekanligini aniqlash haqidagi savolga ilmiy asosda javob berishdir.
Ovozning o‘xshashligi va identifikatsiya
Sud-fonografiya ekspertizasi ovozni aniqlashda fonetik va akustik belgilarga tayanadi
Ikki yoki undan ortiq shaxsning ovozlari, ayniqsa qisqa yozuvlarda, o‘zaro juda o‘xshash bo‘lishi mumkin. Bunda ekspert auditiv, lingvistik va instrumental tekshirish tadqiqotlarini o‘tkazish orqali ovozlarning o‘xshash yoki o‘xshash emasligini aniqlaydi.
Bu tadqiqotlarda quyidagi elementlar ko‘rib chiqiladi:
- Ovoz tembri — ya’ni ovozning ohangi, qalinligi yoki ingichkaligi
- Nutq sur’ati — ya’ni tez yoki sekin gapirishi
- Fonetik xususiyatlar — harflarni qanday talaffuz qilishi
- Akustik parametrlari — spektrogramma, formanta, chastota, tovush balandligi va h.k.
- Emotsional holat — g‘azab, qo‘rquv, tinchlik holatlarida nutq qanday o‘zgaradi
Sud-fonografiya ekspertizasidagi eng muhim holatlardan biri — ovozlarning o‘xshashligi har doim ham ularning aynan bir shaxsga tegishli ekanligini ifodalamasligidir. Bu esa o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida aniqlanadi.
Ushbu tadqiqotlarda ovozlarning o‘xshashligi ularning aynan bir shaxsga tegishli yoki tegishli emasligi quyidagi tushunchalar orqali aniqlanadi:
artikulyatsion ko‘nikma — nutq organlarining kelishilgan harakatlari:
talaffuz ko‘nikmasi — muayyan tilga oid bo‘lgan nutq tovushlarini talaffuz qilish qobiliyati;
intonatsiya (urg‘u berish) ko‘nikmasi — nutqning quyidagi vositalarini ishlatish qobiliyati: dinamik urg‘u, melodika,
pauza (to‘xtam)larni joylashtirish, temp va h.k.;
orfoepik ko‘nikma — milliy til normalariga oid talaffuz qilish;
leksik ko‘nikma — so‘z ishlatishning semantik va grammatik normalarini qo‘llash qobiliyati;
sintaksik ko‘nikma — ishlatiladigan sintaksik vositalarni bog‘lanishini aniqlash qobiliyati;
stilistik ko‘nikma — fikrlarning mazmunini yaqqol ifodalovchi so‘z, ibora, barqaror gap tuzilmalaridan foydalanish qobiliyati.
Shuningdek, ekspert ovozi va nutqlarni o‘zaro taqqoslashi va tahlil qilishi orqali – ovoz va nutqlarning o‘ziga xosligi (spesifik), nutq so‘zlash chog‘idagi ovoz va nutqning umumiy jihatlarining o‘zaro mos kelishi, xususan, nutqning o‘ziga xos buyoqdorligi va umumiy talqin qilinishi, shevasi, tovushlarni talaffuz etish xususiyat (diksiya)larida aynanlik mavjudligi bo‘yicha ulardagi o‘xshashliklarni tekshirib ko‘radi.
Sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazishda ekspert ovozlarning o‘xshashligi, ularning aynan bir shaxsga tegishli yoki tegishli emasligini aniqlashda quyidagi holatlarga duch kelishi mumkin:
- Yozuvning sifati: fon yozuvlar shovqinli, uzilgan, fon musiqasi yoki boshqa ovozlar bilan aralash bo‘lsa, bu aniqlikni kamaytiradi.
- Tovush apparatidagi farqlar: turli mikrofonlar, telefon liniyalari, qayta ishlangan audio, va hokazolar, ovoz shaklini o‘zgartiradi.
- Shaxsiy ovoz o‘zgaruvchanligi: inson ovozi salomatlik, ruhiy holat, stress, yosh, va boshqa omillar ta’sirida o‘zgaradi.
- O‘xshash fonetik xususiyatga ega shaxslar: ayrim insonlar tabiatan juda o‘xshash nutq xususiyatlariga ega bo‘lishi mumkin.
Tovush sifati past bo‘lgan yozuvlarda quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:
- Shovqinlarni kamaytirish uchun filtrlash usullaridan (masalan, band-pass filter, noise reduction, spectral subtraction) foydalaniladi. Buning uchun Audacity, Adobe Audition, iZotope RX, yoki maxsus forensik audio tahlil dasturlaridan foydalaniladi.
- Yozuv qanchalik past sifatli bo‘lsa, ekspert vizual tahlil (spectrogramma)ga ko‘proq tayanadi. Spektrogrammada aniqlik bo‘lishi uchun spektrogramma o‘lchamlari va parametrlarini moslashtiriladi.
- Barcha yozuvni emas, eng aniqligi yuqori bo‘lgan qismlarni alohida ajratib, ular orqali solishtirish o‘tkaziladi. Masalan, shovqinsiz bo‘lgan “p”, “s”, “a” tovushlarini tahlil qilishga e’tibor qaratiladi.
- Qo‘shimcha yozuvlar yoki dalillarni so‘rash. Agar iloji bo‘lsa, ekspert boshqa sifatli yozuvlar (masalan, shaxsning oldingi intervyusi, audioxabari) bilan qo‘shimcha solishtirish o‘tkazishni taklif qilishi mumkin.
Emotsional holat o‘zgargan holatlarda esa quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:
Ovoz parametrlarining emotsiyaga bog‘liq qismlarini hisobdan chiqarish mumkin. Emotsional holatda ovozning intonatsiyasi, tempo, balandligi o‘zgaradi. Ekspert bu holatni tushunadi va nutqning fonetik barqaror qismlariga (masalan, formantalar, artikulyatsiya odatlari) ko‘proq e’tibor qaratadi.
Xuddi shunday emotsional holatdagi yozuv bilan solishtirish. Ideal holatda, ekspert shaxsning shunga o‘xshash emotsional holatdagi boshqa yozuvini topishga harakat qiladi (masalan, boshqa g‘azablangan paytidagi audio). Bu holat real hayotda kam uchrasa ham, ilmiy jihatdan eng to‘g‘ri usul.
Xulosa
Ovozli dalillar hal qilishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etishda inson o‘zining taxminlariga emas balki ekspertning chuqur ilmiy asoslanib o‘tkazgan tadqiqotlari asosida olingan xulosalariga tayanishi muhim hisoblanadi. Sababi ovozlarning o‘xshashligi aynan o‘sha ovoz ekanligini anglatmaydi.
Sud-fonografiya ekspertizasida zamonaviy ekspertiza usullari, jumladan, akustik-spektral tahlil, formant tahlili, ovoz identifikatsiyasi usullari orqali ovoz va nutqlar solishtirilib, ovoz va nutqning aynan o‘sha ovoz yoki boshqa ovoz ekanligi haqidagi savolga javob beriladi.
SFE laboratoriyasi eksperti M.A.Shoqosimov