- Sudga oid avtotexnika ekspertiza predmet Sud avtotexnika ekspertizasi bilan transport vositasining haqiqiy aniq texnik holati, voqea joyining yoʻl holati, voqea joyidagi qatnashchilarning harakatlari va ularning imkoniyatlari, YTH mexanizmlari va vaziyatlari, jinoyat sodir qilish imkoniyatlari avtotexnik ekspertning maxsus bilimlariga va jinoyat (fuqarolik) ish hujjatlari yoki maʼmuriy ish hujjatlariga asoslanib aniqlanadi.
- Ashyoviy dalillar va qiyosiy tekshiruv materiallarini yigʻish, olish, oʻrash, saqlash talablari.
Sudga oid avtotexnika ekspertizasini oʻtkazish uchun voqea joyidan olingan ashyoviy dalillar qanday holda topilgan boʻlsa, oʻsha holda ekspertizaga yuboriladi, bundan tashqari transport vositalari va boshqa ishga aloqador maʼlumotlar taqdim qilinadi.
Tadqiq qilish uchun yuborilayotgan obyekt haqida qayerdan, qachon va qaysi ish boʻyicha olinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Tegishli maʼlumotlar surishtiruvchi, tergovni olib borgan shaxs, prokuror yoki sudyaning imzosi bilan tasdiqlangan va muhrlangan boʻlishi kerak. Ashyoviy dalillarning buzilishi yoki ularga zarar yetkazilishining oldini olish hamda ashyoviy dalillarni tadqiq qilishda qiyinchilik tugʻdirmaslik maqsadida bevosita ekspertiza obyektlari ustiga hech qanday yozuvlar yozish yoki izohlar kiritilgan qogʻozlarni yopishtirish mumkin emas.
- Tekshiruv usullari.
YTH mexanizmlarini tadqiqot qilish, transport vositalarda mavjud izlarning oʻlchamlarini oʻlchash va suratga olish, transport vositalarning tezliklarini, toʻxtatib qolish masofalarini, harakatlanish bilan xavf tugʻilganda qancha metr masofada boʻlganligi, xavfsiz tezliklari, koʻrinish tezliklari, oraliq masofalari, toʻsiq yoki xavf boʻlganligi, oʻlchov asboblarida yoʻlga nisbatan, avtomobillarga nisbatan burchaklari, texnik holati boʻyicha transport vositalarning yaroqsiz holatini kelib chiqish sabablari va h/k.
Asosan ekspert avtotexnik maxsus bilimlarga tayangan holda YTH bilan bogʻliq jami hujjatlari, transport vositalarini kuzatish hamda formulalar yordamida hisoblash usullari yordamida aniqlanadi.
Ekspertning maxsus bilimlari yordamida (hisoblar, tajriba oʻtkazish yoki modellashtirish).
- Ekspertiza obyektlari.
Barcha turdagi sud avtotexnika ekspertizalari uchun quyidagilar tadqiq qilinadigan obyektlar jumlasiga kiradi:
– yoʻl-transport hodisasi ishtirokchisi boʻlgan avtotransport, elektrotransport, traktor va boshqa oʻziyurar mexanizmlar (moslamalar);
– yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan yoʻl, dala, hovli, shuningdek transport vositasi harakatlanadigan boshqa joylar;
– yoʻl-transport hodisasi bilan bogʻliq boʻlgan ashyoviy dalillar va ish hujjatlari (materiallar).
- Qoʻshimcha ravishda taqdim etilishi lozim boʻlgan materiallar.
Ekspert ixtiyoriga obyektlardan tashqari voqea joyini koʻzdan kechirish bayonnomasi va fotojadvalini yuborish lozim.
Qayta, qoʻshimcha yoki komission ekspertizalar oʻtkazilishi talab etilganda, birlamchi oʻtkazilgan ekspertiza xulosalari nusxalari taqdim etilishi zarur.
- Ekspertizaga taqdim qilinadigan maʼlumotlar.
– yoʻlning qatnov va yoqa qismlari qoplami (asfalt, beton va h.k.);
– qatnov qismining holati (quruq, hoʻl, loy, qor, muz va h.k.);
– qatnov qismi va yoqasining kengligi;
– yoʻlning shu joyida harakat qanday tashkil etilganligi (bir qator, ikki qator, bir tomonga va h.k.);
– yoʻl belgilari mavjudligi va ularning joylashishi;
– yoʻlning old va yon tomonlaridagi koʻrinish masofalari;
– transport vositasining texnik holati (rul boshqaruvi, tormoz tizimi, yoritish tizimi va h.k);
– transport vositasining yuklanish darajasi (yengil avtomobil, mototsikllar uchun yoʻlovchilar soni);
– tormoz izlari yoki transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar yoʻq boʻlganda, uning harakat tezligi.
– transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar boʻlganda, ularning uzunligi va transport vositasining qaysi qismlaridan qoldirilganligi (masalan, tormoz izlari oldi, orqa yoki hamma gʻildiraklaridan qolgan, ishqalanish izlari yon tomoni bilan sirpanish vaqtida qolgan izlar);
– hodisa sodir boʻlgan nuqtaning yoʻlning qatnov qismi chetlariga nisbatan joylashgan masofalari.
Transport vositasi piyodani ochiq, yaʼni piyodani koʻrishga halaqit beruvchi toʻsiq boʻlmagan joyda urib yuborgan boʻlsa, ekspert ixtiyoriga quyidagi maʼlumotlar taqdim etiladi:
– haydovchining harakati uchun xavf tugʻilgan vaqt;
– harakat uchun xavf tugʻilgandan coʻng voqea joyigacha qancha masofani qanday tezlik bilan yoki qancha vaqt ichida bosib oʻtganligi;
– piyodaning voqea joyiga qarab harakatlanishidan oldingi harakatlarining tafsiloti;
– transport vositasining voqeadan keyin toʻxtaguncha bosib oʻtgan masofasi (tormoz izi mavjud boʻlsa, uning voqea joyidan keyingi uzunligi);
– transport vositasining qaysi qismi bilan piyodani urganligi, agar oldi qismidan boshqa joyi bilan urgan boʻlsa, oldi qismidan oʻsha joygacha boʻlgan masofa;
– transport vositasi yoʻlning qatnov qismi chetlaridan qancha masofada harakatlanganligi;
– agar harakatdagi piyoda harakat tezligini yoki yoʻnalishini oʻzgartirgan boʻlsa yoki toʻxtasa, har bir tezlik bilan bosib oʻtilgan masofalar haqidagi maʼlumotlar boʻlmasa har bir tezlikda harakatlangan va toʻxtash vaqtlari.
Piyodaning bosib oʻtgan masofasi, tezligi yoki harakat vaqtini aniq bilish maqsadida voqea sodir boʻlgan joyda koʻrsatmalarni tekshirish, tergov eksperimentlari oʻtkazish tavsiya etiladi. Bu masalada piyodalarning harakat tezliklari haqidagi jadvallar haqiqiy maʼlumotlarni bermasligi mumkin. Agar piyoda toʻsiq orqasidan chiqqan boʻlsa, yuqorida aytib oʻtilgan maʼlumotlardan tashqari qoʻshimcha, quyidagilar kerak boʻladi:
– toʻsiqning qatnov qismiga nisbatan joylashish, yaʼni qatnov qismidan necha metr chekkada uning qanchasini egallab turganligi;
– toʻsiqning oʻlchamlari (balandligi, uzunligi);
– toʻsiqdan piyodaning harakat yoʻligacha boʻlgan masofa;
– toʻsiq bilan transport vositasi oʻrtasidagi yon oraliq masofa.
Piyoda qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi orqasidan chiqsa, yana quyidagi maʼlumotlar ham zarur boʻladi:
– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining harakat tezligi;
– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi yoʻl qatnov qismini chetlariga nisbatan qanday masofada harakatlanganligi;
– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining orqa qismidan harakatdagi piyodagacha boʻlgan masofa.
- Ekspertizaga hal qilish uchun qoʻyiladigan savollar:
Transport vositasining texnik holatini aniqlash ekspertizasini oʻtkazishda quyidagilarni aniqlash uchun savollar tuziladi:
Transport vositasini tadqiq etishni birinchi navbatda uning holatiga eng kam oʻzgarish kirituvchi ekspertizani oʻtkazishdan boshlash kerak.
- transport vositasi va uning alohida qismlarini (tormoz tizimi, rul boshqaruvi va h.k.) texnik holatini aniqlash (soz yoki nosoz);
- transport vositasining texnikaviy nosozliklarini hosil boʻlish sabablarini aniqlash;
- transport vositasining texnikaviy nosozliklari yoʻl-transport hodisasiga nisbatan qachon paydo boʻlganini belgilash;
- transport vositasitasidagi nosozlik yoʻlga chiqishdan oldin mavjud boʻlganligini aniqlash;
- aniqlangan nosozlik transport vositasining umumiy holatiga qanday taʼsir etishini tadqiq qilish;
- aniqlangan nosozlik hamda kelib chiqqan xodisa oʻrtasida sababiy bogʻlanish borligini aniqlash;
- transport vositasining tadqiq etilayotgan tizimining ishlash koʻrsatkichlarini aniqlash;
Ushbu ekspertizani oʻtkazish uchun ekspert ixtiyoriga tekshirilayotgan transport vositasi yoki uning qismi, transport vositasining texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (texnik koʻrikdan oʻtkazilgan dalolatnomasi, transport vositasini taʼmirlash haqidagi maʼlumot va h.k.), yoʻl transport hodisasidan keyin tuzilgan transport vositasining texnik holati toʻgʻrisidagi bayonnoma taqdim qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
X.Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertiza markazi
Buxoro viloyat boʻlimi yetakchi eksperti B.B.Izomov