Dastxatlarni identifikatsiya qilishda tadqiqotlarining tayyorgarlik bosqichi va bu bosqichni xatshunoslik ekspertizasining masalalarini xal etish ahamiyati.

Sud-xatshunoslik ekspertiza qoʻlyozma yozuvlar muallifini aniqlashni bosqichma- bosqich amalga oshiriladi, yaʼni:

– tadqiqotlarga tayyorgarlik yoki dastlabki tadqiqot bosqichi;

– tekshirilayotgan dastxatni va taxminiy ijrochining dastxat namunasini alohida tadqiqot bosqichi;

-taqqoslash tadqiqot bosqichi;

-taqqoslash tadqiqot natijalarini baholash va ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish bosqichi.

Sud-xatshunoslik  ekspertizasiga kelib tushgan materiallarning dastlabki tadqiqoti ular bilan tanishish, koʻrib chiqish va ekspertizani oʻtkazish uchun yetarli yoki yetarli emasligini aniqlashdan iborat.

Ekspertiza tayinlanganda ekspert tashkilotiga quyidagi hujjatlar yuboriladi:

– tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi, advokat soʻrovi (iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi);

– xatshunoslik tadqiqotiga oʻtkazilishi kerak boʻlgan asheviy dalillar – tekshiriluvchi kulyozmalar;

– tadqiqot qilinuvchi hujjatlarni yozishda ishtirok etgan deb gumon qilinayotgan shaxslarning dastxat (imzo) namunalari;

–  tadqiqot obyektlarini yozish sharoitlari yoki ularning taxminiy ijrochilari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boshqa materiallar.

Tadqiqotning har bir bosqichi bir qator kichik bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Xususan, dastlabki bosqich maʼlum bandlardan iborat boʻlib, ularning ketma-ket bajarilishi ekspert-xatshunos oldida turgan vazifalarni oʻz vaqtida va muvaffaqiyatli hal qilishga yordam beradi.

Dastlabki tadqiqot ekspertizaga taqdim etilgan materiallarni tanishish xususiyatiga ega boʻlib, olti bosqichdan iborat:

  1. Ekspertizaga kelib tushgan ish materiallari bilan tanishish;
  2. Tadqiq etilayotgan yozuvni koʻzdan kechirish va dastlabki tahlil qilish;
  3. Solishtirma materiallarni koʻzdan kechirish va dastlabki tahlil qilish;
  4. Dastlabki solishtirma tadqiqot;
  5. Barcha natijalarni dastlabki baholash va ekspert versiyalarni ilgari surish;
  6. Keyingi tadqiqotni rejalashtirish.

Dastlabki tadqiqotning birinchi bosqichida quyidagilar amalga oshiriladi:

–  Ish holatlari bilan tanishish, ekspertga berilgan vazifani tushunish va uni maʼlum sinf va turga mansubligini aniqlash;

– tadqiq etiladigan yozuv va namuna bor-yoʻqligini tekshirish, ularning ekspertiza tayinlangan qaror (ajrim)da koʻrsatilgan talablarga mosligini tekshirish;

– tergovchining qarori yoki sudning ajrimini sinchiklab oʻrganish orqali, ekspertda boʻlajak tadqiqotning xarakteri xaqida dastlabki tasavvur shakllanadi.

Dastlabki tadqiqotning ikkinchi bosqichida quyidagilar amalga oshiriladi:

Tadqiq etilayotgan kulyozmaning turi, xususiyati, hajmi va mazmunini aniqlash, vazifani hal etish uchun uning yaroqliligini baholash; yozuv qanday sharoitlarda amalga oshirilganligini aniqlash, xususiy versiyalar ilgari surish va vazifaning turi hamda quyi turini dastlab aniqlash.

Ekspert yozuvni koʻzdan kechira boshlaganida, avval hujjatni oʻrganishi, uning mosligini tekshirishi kerak. Agar moslik boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinsa, ekspert uni qanday usulda (nusxa yoki asl, texnik vositalar bilan yoki qoʻlda) yozilganligini aniqlaydi.

Ekspert hujjatni har xil yoritish ostida va nurga qarab vizual koʻzdan kechiradi.
Yozuvdagi xatning miqdori va sifati, uning identifikatsiya ahamiyati yuqori boʻlgan alomatlari orqali ijrochini aniqlash mumkin yoki mumkin emasligini baholaydi. Yozuv noodatiy sharoitlarda, oddiy yoki kam ishlov dastxati bilan yozilgan boʻlsa, bu bosqich murakkab boʻlishi mumkin. Biroq bu koʻrsatkichlar faqat dastlabki ahamiyatga ega boʻlib, yetarli yoki yetarli emasligi haqidagi yakuniy qaror keyingi chuqur tadqiqotda qabul qilinadi.

Agar grafik maʼlumot kam boʻlsa, ekspert tadqiqotni dastlabki bosqichda toʻxtatishi mumkin.

Dastlabki tadqiqotning uchinchi bosqichda:

Ekspert solishtirma materiallarni sud-xatshunoslik ekspertizasi metodikasi talablariga mosligini tekshiradi.

Ushbu bosqichda quyidagilar amalga oshiriladi:

— solishtirma materiallarning miqdori va sifati boʻyicha yetarliligi baholanadi;

— ularning haqqoniyligi va tadqiq etilayotgan yozuvga nisbatan taqqoslash imkoniyati tekshiriladi;

— solishtirma namunalar qanday sharoitlarda olinganligi aniqlanadi.

Ekspertga quyidagi dastxat namunalari taqdim etilishi shart: erkin, shartli- erkin va tajribali (eksperimental) namunalarni.

Barcha namuna tayinlovchi organ (shaxs) tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.

Bu bosqichda ekspert dastxat namunaning solishtirish imkoniyatini baholaydi, miqdori va sifati boʻyicha yetarliligini tekshiradi.

Solishtirma material sifatida xususan erkin yozuvlar (bir xil vaqtda, bir xil sharoitlarda, bir xil mazmunda yozilgan hujjatlar) taqdim etilishi lozim.

Agar gumon qilingan ijrochidan tajriba tariqasida yozuv olinayotgan boʻlsa, unda tadqiq etilayotgan yozuvdagi soʻz va soʻz birikmalari, raqamlar boʻlishi shart.

Agar solishtirma materiallar yetarli boʻlmasa, ekspert tomonidan qoʻshimcha materiallar soʻrab olinadi.

Dastlabki tadqiqotning toʻrtinchi bosqichida:

Vizual taqqoslash orqali tadqiqot qilinuvchi dastxatni shaxsning dastxat namunasi bilan  oʻzaro taqqoslanadi.

Dastlabki tadqiqotining byeshinchi bosqichida:

Dastlabki tadqiqotda aniqlangan belgilarga baho beriladi.

Dastlabki tadqiqotining oltinchi bosqich (dastlabki bosqichning yakunlovchi bosqichi):

Ekspert quyidagilarni amalga oshiradi:

– yechimni talab etuvchi ekspert vazifalarini aniqlaydi;

– metod, usul va texnik vositalarni belgilaydi;

– tahlil tartibini belgilaydi;

– tegishli harakatlar rejasini tuzadi.

Bu olti bosqich tugallangach, ekspert:

  • keyingi tadqiqotga oʻtadi;
  • qoʻshimcha maʼlumot yoki material soʻraydi;
  • yozuv (imzo) identifikatsiya uchun yaroqsiz deb topilsa, xulosa berish iloji yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi toʻzilib tugallanadi.

Shuni taʼkidlash joizki, imzo — bu shaxs tomonidan tasdiqlovchi maqsadda bajariladigan grafik kulyozma boʻlganligi sababli, tadqiqotning ushbu bosqichlari, avvalo, imzoning “haqiqiyligi” masalasini hal qilishda qoʻllaniladi, yaʼni u imzo qoʻyilgan deb hisoblangan shaxsning oʻziga tegishliligini aniqlashda qoʻllaniladi.

Sud-xatshunoslik ekspertizasida dastlabki tadqiqot ushbu olti bosqichdan bosqichma-bosqich oʻtishni talab qiladi. Bu ekspertga tadqiqotning mohiyati, tarkibi va qiyinchilik darajasini aniq tushunib olish imkonini beradi, kerak boʻlsa, oʻz vaqtida qoʻshimcha material soʻrash imkonini yaratadi.

Yakuniy xulosada, yechimni talab etuvchi vazifa turi, murakkablik darajasi, taxminlar va ularning ehtimolchiligiga qarab, keyingi tadqiqotning rejasi shakllantiriladi.

Ekspertning ishni toʻgʻri tashkil qilishi va barcha bosqichdan oʻtishi, amaliyot koʻrsatmoqdaki, ekspert xato qilish ehtimolini ancha kamaytiradi.

Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi
laboratoriyasining davlat sud eksperti
N.Mamayusupova