Malayziya va O‘zbekiston Hukumatlari o‘rtasida Sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Ma’lumki, mazkur haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziyaga rasmiy tashrifni amalga oshirdi.

Tashrif davomida 5-fevral kuni ikki davlat o’rtasida Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot, shuningdek turli sohalarda hamkorlikni amalga oshirish bo’yicha imzolangan bitimlar qatorida Sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Malayziya va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasidagi mazkur bitimning asosiy maqsadi – sud-ekspertiza sohasi bo‘yicha o‘zaro mustahkam aloqalarni o‘rnatish, sud-ekspertiza sohasida samarali va o‘zaro manfaatli tajriba almashish hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.

Mazkur bitim doirasida ikki davlat o‘rtasida sud-ekspertlik faoliyatining nazariy va huquqiy, tashkiliy va metodologik muammolarini birgalikda o‘rganishga, shuningdek, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga, amaldagi ekspertiza tadqiqotlarning usul va metodikalarini takomillashtirish va yangilarini yaratishga o’zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishiladi.

Jumladan, ushbu bitim iste’mol mahsulotlari tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) mavjudligi va ichimlik suvining tarkibini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirishda tajriba almashilishiga xizmat qiladi.