O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi “Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 849-son qarori qabul qilindi.
Hozirgi kunda Respublikamizning barcha viloyatlarida (Toshkent shahri va viloyatidan tashqari) X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining hududiy bo‘limlari faoliyat olib bormoqda.
Mazkur qarorda X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Toshkent viloyati hududiy bo‘limi tashkil etish va 2026-yil 1-iyungacha xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashgan davlat standarti talablariga javob beradigan binoga joylashtirish hamda maxsus mebel, kompyuterlar, boshqa zarur texnika va inventarlar, shuningdek, yuqori malakali professional kadrlar bilan ta’minlash choralari ko‘rish belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, qarorga muvofiq Markazda iste’mol mahsulotlari tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) mavjudligi va ichimlik suvining tarkibini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshiruvchi Iste’mol mahsulotlari va ichimlik suvi tarkibini tahlil qilish laboratoriyasi tashkil qilinadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, Qaror asosida Markazning hududiy bo‘limlarida quyidagi ekspertiza va tadqiqot turlari bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘rsatib o‘tildi:
Xususan, 2025-yil 1-oktyabrgacha Markazning Navoiy viloyati bo‘limida Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi hamda Sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnikaviy ekspertizalari;
2026-yil 1-noyabrgacha Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida Sud-fonografiya, sud-yong‘in texnika va elektrotexnika ekspertizalari;
2026-yil 1-dekabrgacha Markazning Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limida Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi hamda Sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnikaviy ekspertizalari.
Qayd etilgan Qarorda belgilab berilgan islohotlar fuqarolarimiz manfaatlariga hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sud ekspertiza sohasidagi ehtiyojlariga xizmat qiladi.
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining
bosh yuriskonsulti B. Maxsadov