Ta’kidlash joizki, qachonki sud-tergov jarayonida ish yuzasidan maxsus bilimga ega mutaxassisning fikri talab qilinganda sud ekspertiga murojaat qilinadi.
Ular bergan xulosa tergov va sud organlariga ish yuzasidan dalillarga baho berishda hal qiluvchi o‘ringa ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, inson taqdiri, jamiyatning odil sudlovga ishonchi kabi muhim masalalarga borib taqaladi.
Barcha davlatlarda ham fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilinishida, jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertiza tadqiqotlari natijalari muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
So‘ngi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi sud-ekspertlik faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunga yaqqol misol sifatida, sohani yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiya yutuqlarini va yangi ekspertiza turlarini joriy qilish maqsadida Hukumatning 2024 yil 18 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorini keltirish mumkin.
Ushbu Qaror bilan Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining tashkiliy tuzilmasi takomillashtirildi.
Xususan, Markazning Toshkent viloyatidagi hududiy bo‘limi va Markazda Iste’mol mahsulotlari va ichimlik suvi tarkibini tahlil qilish laboratoriyasini tashkil etish belgilandi.
Ta’kidlash joizki, Markazning Toshkent viloyat bo‘limi mavjud emasligi sababli, ushbu hududda faoliyat yurituvchi sud-tergov organlariga hamda aholiga sud ekspertiza xizmatlari Markaz tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bu o‘z navbatida, ularga turli qiyinchiliklar (ortiqcha sarf-xarajat va ovoragarchilik) tug‘dirmoqda hamda ayrim holatlarda ekspertiza xulosalarini olish muddatlari uzayishiga sabab bo‘lmoqda.
Bilamizki, so‘nggi paytlarda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarining oziq-ovqat do‘konlarida, shu jumladan mamlakatimizda ham tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizm (GMO)lar mavjud mahsulotlarning turi va soni ortmoqda.
Biroq, bugungi kunda GMO mahsulotlarini tadqiq qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emas.
GMO mahsulotlarini nazoratdan o‘tkazmasdan foydalanish nafaqat aholi, balki kelajak avlod salomatligi va millat genofondiga jiddiy xavf solishi mumkinligini alohida ta’kidlash lozim.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab 64 ta mamlakat, xususan, AQSh, Xitoy, Avstraliya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari GMO oziq-ovqat mahsulotlarini etiketlashni talab qiladi. Mazkur davlatlarga tovarlarni eksport qilish uchun mamlakatimizda ham mahsulotlarni “GMO” yo‘qligi yuzasidan etiketlash tizimini yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Markazda tashkil qilinayotgan Iste’mol mahsulotlari va ichimlik suvi tarkibini tahlil qilish laboratoriyasi vakolatli organlarning savollariga javob berish bilan birga, tadbirkorlarga ham o‘z mahsulotlarini eksport qilishda yaqindan yordam ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Qarorda Markazning Navoiy hamda Qashqadaryo viloyati bo‘limlarida Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi hamda sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnikaviy ekspertizalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida esa sud-fonografiya, sud-yong‘in texnika va elektrotexnika ekspertizalari bosqichma-bosqich joriy etish, ushbu bo‘limlarni xalqaro standartlarga mos binolarga joylashtirish nazarda tutildi.
Markazning hududiy bo‘limlarida o‘tkaziladigan ekspertiza turlari ko‘paytirilishi orqali nafaqat aholimiz, balki, hududlarda faoliyat yurituvchi sud-tergov organlariga ham qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi maqsad qilingan.
Bundan tashqari, Qaror bilan bir qator yangi ekspertiza va tadqiqot turlari amaliyotga joriy qilinmoqda. Jumladan:
- sud-axloqshunoslik ekspertizasi;
- parfyumeriya sanoati mahsulotlarining kimyoviy tarkibini aniqlash tadqiqoti;
- qurilish materiallari tadqiqotlari;
- iste’mol mahsulotlari tarkibida GMO mavjudligi aniqlash tadqiqoti;
- ichimlik suvining tarkibini aniqlash
Yangi joriy etilishi rejalashtirilayotgan ekspertiza va tadqiqotlar turlarini yo‘lga qo‘yilishi orqali esa jamiyatimizda vujudga kelgan hamda sud-tergov organlari tomonidan huquqiy baho berishda qiyinchiliklar tug‘ilayotgan savollarga ilmiy va asosli javob berilishiga sabab bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Hukumat qarori sohaning xalq manfaati yo‘lida yanada takomillashib borishiga hamda sud-tergov organlari faoliyatiga yaqindan ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Adliya vazirligining Yuridik ta’lim
va sud-ekspertiza boshqarmasi katta maslahatchisi
Rasulbekova Risolat Rasulbek qizi