Iqtisodiy sohada pul muomalasini tartibga solish juda katta muhim o‘rin egallaydi. Bundan kelib chiqadiki, qalbaki pul muomalasi butun dunyo bo‘ylab iqtisodiyotga putur yetkazadi. Shuning uchun ham ushbu jinoyatni tergov qilishning zamonaviy usullarini doimiy nazorat qilib borish va zamon talablariga moslashtirish hamda qo‘llash bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda ayrim pul birliklari (banknotalar)ni qalbakilashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarning sezilarli darajada oshganligini ko‘rishimiz mumkin.
Hozirgi vaqtda qalbakilashtirish muammosi jinoiy muhitda ham, umuman jamiyatda ham alohida o‘rin tutadi. Banknotlarni qalbakilashtirish nafaqat alohida fuqarolar va yuridik shaxslarga xavf tug‘diradi, balki O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu o‘rinda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi bank xodimlari (kassir) pullarni qalbaki yoki haqiqiyligini ajratish bilan bog‘liq quyidagi bir qator jihatlarga:
- pulning umumiy ko‘rinishiga, ushbu pul birligi muomilada mavjudligiga va undagi ko‘rsatilgan nominalga tengligiga (ekspert amaliyotida nominaliga teng bo‘lmagan kupyuralarning tadqiqotga kelib tushganligini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, 10$ nominalidagi AQSH dollarida aks etishi lozim bo‘lgan “Hamiltonning portreti” o‘rnida 100$ nominalidagi AQSH dollarida aks etishi lozim bo‘lgan “Franklinning tasviri” joylashishi mumkin);
- pullarning seriya raqamlari va harflari qo‘l bilan ushlab ko‘rilganda, ularning bo‘rtib chiqqan bosma elementlardan iborat ekanligiga;
- puldagi yorug‘likda ko‘rinuvchi tasvirning (suv belgisining) har ikki tomonlama ko‘rinishi o‘zaro bir-biriga nisbatan mos aks etganligiga (bunda tasvirni banknotani yuqoriga yorug‘likka tutgan holda kuzatish mumkin);
- banknotada joylashgan turli rangdagi mayda himoya iplarining mavjudligiga;
- banknotaning qog‘ozi qalinroq ekanligiga, ya’ni uning qog‘ozi oddiy oq qog‘ozdan emas, balki maxsus qog‘ozdan foydalaniladi;
- banknotadagi tasvirlar va bosma yozuvlarning tiniq o‘qilishiga va ko‘rinishiga (hatto eng kichik mikromatnlar ham kattalashtirib ko‘rilganda tiniq, piksellarsiz ko‘rinishga ega bo‘ladi);
- banknotadagi tasvirlar ranglarining tiniqligiga e’tibor qaratishi lozim.
Pulni qalbakilashtirish faktini aniqlash va ularni qalbakilashtirishni tekshirish uchun ekspertiza tashkilotida tadqiqotlar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya (sud)ning qarori (ajrimi) asosida hujjatlarning sud-texnik ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilishi bilan tekshiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan qonunchilikka ko‘ra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, tijorat banklari bank xodimlari (kassir) uchun pullarni qalbaki yoki haqiqiyligini ajratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida o‘zaro hamkorlik asosida seminarlar tashkil qilinib kelinmoqda.
D. Qo‘ldoshova X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi katta eksperti
A. G‘ofurjonov X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi