Favqulodda vaziyatlarda odam DNKsi sud-biologik ekspertizasining ahamiyati

Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi nafaqat shaxsga qarshi sodir etilgan ogʻir jinoyatlarni tergov qilishda, balki favqulodda vaziyatlarda: tabiiy ofatlar, texnik inshootlar, texnika, transport va qurilmalar halokati, terrorizm qurbonlarini identifikatsiya qilishda ham muhim ahamiyatga egadir.

Tabiiy yoki texnogen omillar taʼsiri sababli roʻy beradigan favqulodda vaziyatlar oqibatida koʻpincha ommaviy oʻlim holatlari kuzatiladi. Bunday holatlarda sud-molekulyar-genetik tadqiqot usullari samarali boʻlib, qurbonlarning shaxsini aniqlash uchun qoʻllaniladi.

Odatda, fiziologik oʻlim roʻy berib, qabrga qoʻyilgandan odamning tanasi asta sekinlik bilan chirish jarayoniga uchrab, maʼlum muddatdan soʻng skeletning oʻzigina qoladi. Toʻsatdan roʻy bergan favqulotdagi hodisa natijasida esa, yuqori harorat yoki boshqa sabablarga koʻra tananing ochiq qismi bosh, yuqori va pastki oyoq-qoʻllar shikastlanadi va vizual identifikatsiya, barmoq izlari yoki tish holatini tahlil qilish uchun yaroqsiz boʻladi. Bunday holatlarda sud-molekulyar-genetik tadqiqot usullarini qoʻllash sezilarli darajada yuqori samara beradi.

DNK kriminalistik taxlilini oʻtkazish uchun birinchi navbatda odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini samarali amalga oshirish uchun jinoyat sodir boʻlgan joylardan, shuningdek favqulotda vaziyatlar yaʼni tabiiy ofatlar, texnogen fojialar yoki terroristik aktlar sodir etilgan hududlarda topilgan ashyoviy dalillar, biologik materiallarni hamda tanib boʻlmas holatga kelgan tana qoldiqlaridan olingan biologik materiallarni oʻz vaqtida, zarur talab, tartib-qoidalarga amal qilgan xolda ekspertiza muassasiga yetkazish talab etiladi. Bundan tashqari hodisa roʻy bergan vaqtdan boshlab imkon boricha qisqa vaqt ichida tezkor harakatlar olib borilib, taxmindagi qarindoshlar solishtirma tekshiruv obyektlarini DNK laboratoriyasiga yetkazilib tekshiruvlarni qisqa muddat davomida olib borilishiga sabab boʻladi.

Favqulodda vaziyatlarda oʻtkaziladigan ekspertiza tekshiruvlariga taqdim etiladigan obyektlar odam oʻlimidan soʻng olinganligi bois, aksariyat holatlarda yuqori harorat taʼsiriga uchragan yumshoq toʻqimalar, suyak, pay, togʻay fragmentlarni iloji boricha barchasini taqdim etilishi juda xam muhimdir. Chunki, jasad toʻqimalari maʼlum morfologik va fiziologik oʻzgarishga uchrab, koʻplab fragmentlarga parchalangan, yonib kuyib ketgan va tashqi koʻrinishidan yaroqsiz koʻrinayotgan boʻlsa ham ular orasida gumondagi bedarak yoʻqolganlarni topish mumkin boʻladi.

Favqulodda vaziyatlar qurbonlaridan hayoti vaqtida genetik maʼlumotlari olinmagan boʻlsa, toʻgʻridan-toʻgʻri identifikatsiya oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlmaydi va bilvosita identifikatsiyalash, yaʼni identifikatsiya obyekti sifatida qurbonlarning taxmin qilingan qarindoshlaridan biologik namunalardan foydalangan holda tadqiqot oʻtkazish kerak boʻladi. Buning uchun qurbon boʻlgan shaxslarning qarindoshlari haqida toʻliq maʼlumotlar olish va ulardan solishtirma qon yoki soʻlak namunalarini taqdim etilishi zarur boʻldi. Tekshiruvga taxmindagi ota-ona, farzandlar, opa-singil, aka -uka, ota va ona avlod boʻyicha bobo-buvilar, amaki, amma, xola, togʻalar namunalari taqdim etilganda aynan qanday qarindoshlik aloqa mavjudligi koʻrsatilishi oʻta muhimdir. Chunki, biologik qarindoshlik darajalarini ehtimoliy statistik taxlil qilishda har bir qarindoshlik darajasi uchun oʻziga xos algoritmlar qoʻllaniladi.

Tekshiruvni qisqa vaqt ichida koʻplab qurbonlar va ularning taxmindagi qarindoshlari biologik materiallari bilan ishlash zarurati tugʻilganligi bois, DNK laboratoriyasida favqulodda holatlarda ishlash chora tadbirini va olib boradigan xarakatlar ketma-ketligini ishlab chiqilishi kerak boʻladi. Bundan tashqari laboratoriya mutaxassislari toʻrt guruhga boʻlib, birinchi guruhga nomaʼlum shaxslardan olingan namunalar boʻyicha tadqiqot olib boruvchi, ikkinchi guruhga taxmindagi qarindoshlar namunalar boʻyicha tadqiqot olib boruvchi, uchinchi guruhda aniqlangan genetik profillarni solishtirma-qiyosiy va extimoliy statistik tahlilni olib boruvchi hamda to rtinchi guruhda tadqiqot natijalari boʻyicha ekspert xulosasini rasmiylashtiruvchi ekspertlarni kiritish lozim boʻladi. Bundan tashqari, laboratoriyada bir vaqtning oʻzida koʻplab tekshiruvlar bir vaqtning oʻzida olib borilishi sababli  laboratoriyada ish joylari va atrof muhit tozaligini hamda  asboblar va sarf materiallarini tayyorlab beruvchi bir necha texnik xodimlardan iborat guruhni jalb etish kerak boʻladi.

Ekspert amaliyotidan kelib chiqib favqulodda vaziyatlarda qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Masalan, qoʻshni davlatlarda sodir boʻlgan texnogen halokatlar oqibatidagi qurbonlarni identifikatsiya qilishda mintaqaviy hamkorlik dasturlarini yoʻlga qoʻyish lozim. Shu bilan birga, tajriba almashish va turli davlatlarning laboratoriyalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish muhim.

Markazning odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasining 20 yildan ortiq faoliyati davomida mamlakatimizda va qoʻshni davlatlarda  roʻy bergan baxtsiz xodisalar, terrrosistik aktlar va favqulotdagi vaziyatlar qurbonlari shaxsini aniqlash boʻyicha koʻpgina sud-molekulyar genetik ekspertizalar oʻtkazilgan, jumladan: 2004-yildagi Toshkent shahrida Chorsu bozorida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Isroil va AQSH elchixonalari binolari oldida sodir etilgan portlashlar natijasida topilgan va tanib boʻlmaydigan murda qoldiqlarini shaxsi identifikatsiya, 2004-yilda  Toshkent va Buxoro viloyatlarida hamda 2009-yilda Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegara hududlarda roʻy bergan terrorchilik xarakatlari ishtrokchilari va qurbonlarini, 2004-yilda Termiz Toshkent yoʻnalishida uchgan samolet  va 2016-yilda vertolet ekipaji va yoʻlovchilarini, 2018-yilda Aktubeda avtobus yoʻlovchilarini, 2018-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, 2022-yilda Qashqadaryo viloyatida, 2024-yilda Fargʻona vodiysi Qamchiq dovonida roʻy bergan avtohalokat qurbonlarini shaxsini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza tekshiruvlarini misol qilsa boʻladi. Oʻtkazilgan barcha ekspert tadqiqotlari davomida  yuqori haroat taʼsirida tanib boʻlmas holatdagi tana, yumshoq toʻqima va suyak  fragmentlari tekshiruvi bilan birga taxmindagi qarindoshlar solishtirma namunalari tekshiruvlari oʻtkazilgan. Oʻzbekistonda oxirgi 10 yil ichida oʻtkazilgan genetik ekspertizalarda 90% holatlarda qurbonlarning shaxsini aniqlash imkoniyati taʼminlangan. Shuningdek, mavjud maʼlumotlar asosida tahlillar oʻtkazish orqali kelgusi tadqiqotlar uchun yangi yoʻnalishlar aniqlanadi.Xususan, yangi avlod sekvensiyalash (NGS) usullari yordamida murakkab qarindoshlik masalalarini hal etish imkoniyati yaratildi.

Xulosa qilib, favqulodda vaziyatlarda tezkor va samarali faoliyat olib borish uchun chora tadbir rejasini ishlab chqish, sud-biologik ekspertizalarni oʻtkazuvchi mutaxassislarning malakasini oshirish muhim. Buning uchun doimiy oʻquv kurslari, xalqaro hamkorlik dasturlari, ilgʻor laboratoriyalarda malaka oshirish va konferensiyalarda ishtirok etish kerak. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan yangilangan oʻquv materiallari tayyorlanishi zarur. Shuningdek, hududiy laboratoriya markazlari tarmogʻini kengaytirish va ularni zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash kerak.

Foydalangan adabiyotlar:

  1. 1.Корниенко И.В. и др. Подготовка биологического материала для молекулярно-генетических идентификатсионных исследований при массовом поступлении неопознанных тел. Ростов-на-Дону – 2001
  2. С.А. Атаходжаев и др. “Судебно-биологическая экспертиза ДНК человека”, Учебное пособие, Ташкент, 2011г.
  3. Д.Ш.Ахмедова, Д.М.Тошева, Опыт проведения молекулярно генетической экспертизы по идентификатсии жертв автокатастрофы, Актуалные вопросы судебной экспертизы и криминалистики mavzusidagi(NAN RA) Armeniya Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi Milliy ekspertiza byurosining maqolalartoʻplami,2019g.,  25-27-sentyabr, Armeniya, Yerevan, №2, 2019, 7-12 str.

Axmedova Dilobar Shuxratovna

Skip to content